O‘zbekiston | 08:58 / 18.05.2024
4387
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ilk bor Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazi to‘liq ishga tushirildi

"O‘zbekneftgaz" AJ tomonidan mamlakatda ilk bor Burg‘ilash ishlarini boshkarish markazi to‘liq ishga tushirildi. Bu quduqlarni burg‘ilash muddati va xarajatlarini sezilarli darajada qisqartiradi.

Mazkur boshqaruv markazi "O‘zbekneftgaz"ga quduqlarni burg‘ilash muddatini 45 foizgacha qisqartirish va ularning qurilish qiymatini 35% ga kamaytirish imkonini beradi. Har bir quduq qurilishi uchun ko‘zda tutilgan loyihaviy kiymatdan 4,0 mlrd so‘mdan 10,0 mlrd so‘mgacha tejab qolish mumkin.

"O‘zbekneftgaz" AJ Burg‘ilash ishlarini muvofiqlashtirish departamenti boshlig‘i Elyor Mamatovning aytishicha, boshqaruvning takomillashtirilishi burg‘ilash davri muddatini va xarajatlarini kamaytiradi:

“Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazi Rossiyaning “Gazpromneft” aksionerlik jamiyati bilan hamkorlikda ochildi. Ulardan dasturiy ta’minotlarni xarid qilib, o‘zimizda joriy etdik. Markaz bizga nega kerak?

Shu paytgacha burg‘ilashda ma’lumot uzatish, jarayonni boshqarishda muammo va qiyinchiliklarga uchrar edik. Bunda qog‘ozli ma’lumotlar yuborish va qabul qilish, ularni tahlillash kerak bo‘lardi. Burg‘ilashda operativ qarorlar qabul qilishning imkoni yo‘q edi.

Asosiy erishadigan natijalarimiz quduqlarni burg‘ilash davri qisqaradi. Bu bilan bir qatorda quduqlar xarajatlarini ham qisqartiradi”, dedi departament boshlig‘i.

Markazning ochilish marosimida tezkor burg‘ilash jarayonlarida masofaviy muhandislik yordamini ko‘rsatgan Rossiya Federatsiyasi Muravlenko shahrida joylashgan Quduqlarni ko‘rishni boshqarish markazi hamda "Dengizko‘l" konidagi 326-sonli quduq bilan teleko‘prik aloqasi o‘rnatildi.

Markazda real vaqt rejimida burg‘ilash jarayonlarini kuzatib boriladi. Burg‘ilash ishlarini raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalar va masofaviy monitoring tizimlari tufayli, markaz mutaxassislari yuzaga kelishi mumkin bulgan avariya va baxtsiz hodisalarni tezkorlik bilan aniqlash, ularning oldini olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bu jarayon:

  • har bir burg‘ilash uskunasidan internet orqali real vaqt rejimida ma’lumot olish;
  • ixtisoslashtirilgan dasturiy ta’minot yordamida burg‘ilash maydonlaridan olingan ma’lumotlar parametrlar va diagrammalarni ko‘rishni o‘z ichiga oladi.

15 maydan boshlab to‘liq rejimda ish boshlagan Markaz tomonidan O‘zbekistonning chekka hududlarida joylashgan "Dengizko‘l", "Zevarda", "Yangi Tegirmon", "Sho‘rtan", "Quyi Sharqiy Berdak" va "Quyi Surgil" konlaridagi 23 ta dastgohlarning burg‘ilash jarayoni onlayn 24/7 rejimida nazorat qilinib, tahlillar asosida ish ko‘rilmoqda.

Mavzuga oid