O‘zbekiston | 11:56 / 05.02.2024
11247
2 daqiqa o‘qiladi

Maktablardagi inspektor-psixologlar shtati IIVdan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkaziladi

Mahalla raislari har oy maktablarda ota-onalar bilan uchrashib, mahalla va maktabdagi muhitni muhokama qiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident o‘tkazayotgan yig‘ilishda tarbiya va ma’naviyat maktablardagi og‘riqli masalalardan biri ekanligi qayd etildi.

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili voyaga yetmaganlar 3,5 mingta jinoyat sodir etgan. Shundan 2 280 nafarini maktab o‘quvchilari tashkil qilgan.

So‘rov maktab direktoridan bo‘layapti, lekin Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiyaga mas’ul hokimlar har hafta bitta maktabga borib, o‘quvchilarni sharoiti va tarbiyasi bilan shug‘ullanmayapti.

Shu munosabat bilan maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkazilishi belgilandi.

Yig‘ilishda o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali ularda “huquqbuzarlikka qarshi immunitet” yaratish bo‘yicha tizim qilish zarurligi ham ta’kidlandi.

O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va kasbga yo‘naltirish, tarbiyasi va o‘qishida muammo bo‘lgan o‘quvchilarning ota-onalari va mahalla faollari bilan birga ishlab, muammolarni yechishga qaratilgan aniq choralarni ko‘rish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, mahalla raislari har oy maktablarda ota-onalar bilan uchrashib, mahalla va maktabdagi muhitni muhokama qilishi maqsadga muvofiq ekani ko‘rsatib o‘tildi. Maktablarda taniqli shoir va yozuvchilar, sportchilar, faxriylar, jamiyatda obro‘ga ega insonlar bilan uchrashuvlarni ko‘paytirish lozimligi aytildi.

Bolalar tarbiyasini yaxshilashga, ota-onalar dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladigan milliy kontentni mahalla va ta’lim muassasalariga yetkazib turish topshirildi.

Mavzuga oid