"Saraton va boshqa jiddiy kasalliklar bog‘chadagi sifatsiz taomlanishdan kelib chiqmoqda" - mutaxassis bilan suhbat
Ayrim davlat bog‘chalari achinarli ahvolda ekani rasmiy minbar orqali tan olindi va tanqid qilindi. Bolalarga chirigan kartoshka yedirilmoqda, deydi mamlakat bosh sanitari o‘rinbosari. Kun.uz bilan suhbatlashgan shifokor Muazzam Ibrohimova ham bog‘chalardagi ovqatlanish tizimi og‘ir ahvolda ekanini aytdi. Unga ko‘ra, bog‘chalardagi sifatsiz taomlar 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning oshqozon-ichak, ovqat allergiyalari va onkologik kasalliklarga chalinishini ko‘paytirgan.
Senat qo‘mitasi majlisida bog‘chadagi ovqatlantirish tizimi muhokama qilindi. Unda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov bugungacha tan olinmay kelingan jiddiy mavzuda axborot berdi.
Majlis yakunida muammoni hal qilish yuzasidan tegishli tashkilotlarga tavsiya, takliflar yuborilib, bu bo‘yicha Senat qo‘mitasining qarori ham qabul qilingan. Ammo bu qaror, tavsiyalar xavotirli masalaga yechim bo‘la oladimi yoki yo‘q, bir nima deyish qiyin.
Darhaqiqat bog‘chalardagi vaziyat chindan ham yomon ahvolda ekani bor gap. Buni har zamonda internetda tarqaladigan tasvirlar orqali kuzatib qolamiz.
Shifokor Muazzam Ibrohimova ham bu haqdagi achchiq haqiqatlar bilan bo‘lisharkan, bolalarga yedirilayotgan sifatsiz ovqatlarning og‘ir oqibatlari haqida gapiradi.
“Aksariyat bog‘chalarning oshxonasidagi antisanitariya holatlari, mahsulotlardan o‘g‘riliklar, bolalarning to‘g‘ri va muvozanatli ovqatlana olmayotgani, har bir bolaga individual yondashuvning yo‘qligi hamda taomnomalardagi kamchiliklar markazlashgan umum ovqatlanish korxonalarining afzalligini ko‘rsatib beradi.
Bog‘chalar oshxonalaridagi antisanitariya, ovqatlanish zonalarining yotoq hamda o‘yin zonalaridan ajratilmagani infeksiyaning manbai hisoblanadi. Malakasiz bo‘lgan oshpazlarning ishlayotgani [muammoning sabablaridan]. Ularning 700 ming so‘m oyligi bor, bu pulga bog‘cha oshpazi hech qachon professional oshpaz pishiradigan ovqatni tayyorlamaydi.
Men o‘zim 51 ta MTTning oshxonasiga kirib chiqdim, 51 tasida 1980-yillardan beri ishlatilib kelayotgan eski o‘choqlar, eski qozon, stol-stullar bor – hamma narsasi eski. Infeksiya g‘ij-g‘ij, SES keladi, pulini olib ketadi, hattoki u oshxonalarni tag-tugi bilan yuvib tozalasangiz ham baribir jihozlarning muddati o‘tib bo‘lgan. Talabga javob bermaydi, zamonaviy emas.
Aksariyat kasalliklar noto‘g‘ri ovqatlanishdan kelib chiqadi, ayniqsa 7 yoshgacha bo‘lgan, immunitet shakllanmagan vaqtni olsak, juda ko‘p kasalliklarga chalinishadi. Avvalo oshqozon-ichak kasalliklari, ovqat allergiyalari va boshqalar. Eng yomoni boshlang‘ich kasalliklar, infeksiyalar kelajakda undan ham og‘irlarini keltirib chiqaryapti. Bularga onkologiya, onkogematologiya, qandli diabetning 2-turini aytish mumkin.
Bundan tashqari, har bir bog‘chada diyetolog yo‘q. Ya’ni har bir bolaga individual yondashadigan diyetologning o‘zi yo‘q. Masalan, bitta bog‘chada 200 nafar bola qatnaydigan bo‘lsa, 200 nafari ham 100 foiz sog‘lom degan kafolatni kim beradi, hech kim bermaydi. 200 nafarining 48 foizida helikobakter pilori bor deyapman. Bundan tashqari, oshqozon-ichak tizimining boshqa kasalliklari, buyrak kasalliklari bor. Mavsumiy yuqtirilayotgan infeksiyalar bor. Qaysi bog‘chaning oshxonasi “bola bugun bunday kasal bo‘lib kelibdi, bunday taom berish kerak” deyapti. Bunday sharoitning o‘zi yo‘q”, – deydi u.
Muazzam Ibrohimova bu muammoning yechimi bog‘chalar ta’minotini umumiy ovqatlanish korxonalariga o‘tkazishda deb hisoblamoqda.
"O‘zim shifokor sifatida 2 yil oldin bir loyihaga qo‘l urdim, Bu – “Sog‘lom taom – sog‘lom millat” degan loyiha. Nima uchun bu loyihani ishlab chiqdim? Biz anchadan beri onkologik kasallikka chalingan bolalarning chet elda davolanishiga yordam beramiz. Shunday holatlarni ko‘rganimdan keyin “Sog‘lom taom – sog‘lom millat” loyihasiga qo‘l urdim", dedi Ibrohimova.
Shifokor loyiha amalga oshganida bog‘cha bolalarining qanday kasallikka chalinganiga qarab oshxonalarda ovqat tayyorlanishi, bu esa kelgusida yuzaga keladigan bemorliklarni kamaytirishi mumkinligini aytdi.
Ko‘rganlarimiz va eshitayotganlarimiz bog‘chalardagi ovqatlantirish tizimi islohotga muhtoj ekanini ko‘rsatmoqda. Bolalar salomatligi bilan bog‘liq muammoni favqulodda hal qilish, kompleks reja hamda amaliy harakatlarga o‘tish zarur.
Suhbatdoshimiz intervyu so‘ngida bu borada turkiya tajribasini qo‘llashga urinib ko‘rgani, “Sog‘lom taom – sog‘lom millat” loyihasini ishlab chiqqani va uni amalga oshirishga harakat qilgani, ammo mahalliy hokimlikning to‘siqlariga uchrab, loyiha deyarli barbod bo‘lgani haqida gapirdi.
Bu qanday loyiha bo‘lgani va u nega barbod bo‘lgani haqida kelgusi ko‘rsatuvimizda batafsil to‘xtalamiz.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tasvirchi Sherzod Egamberdiyev.
Mavzuga oid
18:52 / 19.09.2024
Koronavirusning yangi shtammi O‘zbekistonda aniqlanmadi - SSV
20:43 / 28.06.2024
Buxorodagi bog‘chada bolalardan birining otasi boshqa bolaga jarohat yetkazdi
15:26 / 22.06.2024
Jizzaxdagi bog‘chada bolalarni oyoq kiyim bilan urgan tarbiyachiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
14:59 / 05.06.2024