Toshkentda issiqlik ta’minoti narxlari 2 yilda 4 marta oshiriladi. Lekin bu ham yetarli emasligi aytilmoqda
“Kelgusi yilda Toshkent shahrida issiqlik ta’minoti tariflari ikki marta oshiriladi, lekin bu ham yetarli emas”, dedi iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov. Joriy yilda ham poytaxt issiqlik ta’minoti uchun narxlar 2 marta 15 foizdan qimmatlashtirilgandi. 2025 yilda tarmoqqa budjetdan 4,2 trln so‘m subsidiya ajratilishi ham ko‘zda tutilgan.
Keyingi yillarda issiqlik ta’minoti bo‘yicha narxlar yana oshirilishi mumkin. Bu haqda Senat yalpi majlisida chiqish qilgan bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov aytib o‘tdi.
“Issiqlik ta’minoti bo‘yicha masala murakkabroq. Bizda tariflar orasidagi farq juda katta. Bu Toshkent shahrida bitta narx, Buxoro yoki Farg‘onada boshqa bir narx. Undan keyin bu sohada ayrim texnologiya muammolari bor. Masalan, o‘lchagichlar qo‘yish masalasi. Chunki issiqlikni o‘lchash masalasi ham katta bir muammo. Qozonxonalar va yetkazib berish tarmoqlarining tizimlari ham juda eskirib ketgan. SSSRdan qolgan texnologiyalardan foydalaniladi. Bular gazni ham ko‘p iste’mol qiladi, gazdan foydalanish koeffitsiyenti samaradorligi ham past.
Mana yaqinda Toshkent shahri kengashi kelgusi yilda 2 marta tariflarni oshirish bo‘yicha qaror qabul qildi. Lekin birdaniga aytamiz, tariflarni qoplab berish uchun bu ham yetarli emas. Umuman, to‘g‘risini aytganda, Toshkent shahar budjeti qanchalik katta bo‘lmasin, biz shaharga issiqlik bilan bog‘liq subsidiyalarni respublika budjetidan ajratib berishimizga to‘g‘ri kelyapti.
Energetika sohasidagi islohotlarning yakuni nima bilan tugaydi desangiz, bu elektr energiya va gazning chakana va ulgurji bozorini shakllantirish bilan o‘z yakuniga yetadi. Shunda budjetdan bu sohaga subsidiyalar berish bo‘yicha hech qanday ehtiyoj qolmaydi”, dedi Qo‘chqorov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida Toshkent shahridagi markazlashgan issiqlik tizimi xizmatlari uchun narxlar 15 foizga, oktyabr oyida esa yana 15 foizga oshilgandi. Ayni paytda aholi 1 Gkal uchun 121 617 so‘m, boshqa ulgurji tashkilotlar esa 244 497 so‘mdan to‘layapti.
Ma’lumot uchun, 2025-2027 yillar uchun Budjetnoma loyihasida aholiga pasaytirilgan narxlarda issiqlik yetkazib berishdagi zararni qoplash uchun budjetdan 4,2 trln so‘m subsidiya ajratilishi belgilangan.
Mavzuga oid
13:54
Poytaxt IIBB Otabek Bakirov ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etdi
23:26 / 18.12.2024
Toshkentda avtobus yonib ketdi
19:59 / 18.12.2024
Toshkentda yo‘lbo‘yi avtoturargohlarini tashkil etish uchun boshqa kompaniya tanlandi
18:20 / 18.12.2024