Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Safar Ostonov: “Til va adabiyot millatlarni bir-biri bilan yaqinlashtiradigan qudratli kuchdir”
Har bir millat uchun o‘z ona tili aziz, mo‘'tabar va go‘zaldir. Har bir millat tilida uning ma'naviy-ruhiy olami aks etadi. Adabiyot esa millat tilining imkoniyati, boyligi, nafosatini namoyish etadigan san'atdir. Shu ma'noda til va adabiyot bir tan, bir jonki, ularni alohida tasavvur etish mumkin emas. Milliy til va adabiyotning rivoji millatning madaniy ravnaqiga xizmat qiladi.
Prezidentimizning 2016 yil 13 maydagi «Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoni mamlakatimiz ma'naviy-ma'rifiy, madaniy hayotidagi muhim voqealardan bo‘ldi. Farmonda ona tilimiz va adabiyotimiz tarixi, zamonlar silsilasida boshidan o‘tkazgan sinovlar, buyuk bobolarimiz qoldirgan meros qadri haqidagi keng qamrovli fikrlarni o‘qib, kishi beixtiyor o‘yga toladi, ona tilimizni asrab-avaylash, uning qonun-qoidalariga amal qilish, nufuzini oshirish uchun mas'ullik tuyg‘usini yanada chuqur his etadi.
Ona tilimiz erki uchun uzoq yillar kurashib kelindi, qancha-qancha ajdodlarimiz bu ulug‘ ishga hayotini bag‘ishladi. Nihoyat, respublikamiz rahbari Islom Karimov tashabbusi bilan 1989 yilda xalqimizning orzu-armonlari ushaldi. «Davlat tili haqida»gi qonun qabul qilinib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Adolat tiklandi. Bu tarixiy voqeadan millatimizning g‘ururi osmon qadar yuksaldi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, tilimiz, adabiyotimiz rivoji uchun beqiyos imkoniyatlar eshigi ochildi. 1993 yilda «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonun, 1995 yilda «Davlat tili haqida»gi qonunning yangi tahriri, 1996 yili ushbu qonunni amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturiga tegishli o‘zgartishlar kiritish haqida Vazirlar Mahkamasining qarori va shu kabi boshqa hujjatlar qabul qilindi.
Davlatimiz rahbarining «Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoni ona tilimiz va adabiyotimizni rivojlantirish yo‘lidagi ulug‘ ishlarning mantiqiy davomidir.
Til va adabiyot millatni dunyoga tanitadi. Adabiyot millat qalbining ko‘zgusi, ezgu niyatlari, orzu-armonlarini aks ettiruvchi san'at. Boshqacha aytganda, millatlarni bir-biri bilan tanishtiradigan, ularni yaqinlashtiradigan qudratli kuchdir. Bugun tez o‘zgarayotgan dunyoda, globallashuv jarayonlari chuqurlashib borayotgan, turli buzg‘unchi g‘oyalar milliy qadriyatlarimizga, ma'naviyatimizga tahdid solayotgan bir sharoitda ona tilimiz va adabiyotimizni yanada rivojlantirish, unga yoshlarning mehrini oshirish juda muhim ahamiyatga ega vazifadir.
O‘zbekiston Konstitutsiyasida mamlakatimizda yashayotgan barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an'analari hurmat qilinishi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratilishi kafolatlangan. Buning amaldagi isbotiga istalgancha misol keltirish mumkin. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Baynalmilal madaniyat markazi tarkibida 140 ga yaqin milliy madaniy markazlar faoliyat olib bormoqda.
Qadimda ham bizning zaminimizda turli millat vakillari bahamjihat yashab, bir-birlarining tillarini yaxshi bilgan, hurmat qilgan. Ota-bobolarimiz bir necha tilda so‘zlashgan va ijod qilgan.
Mamlakatimizda o‘zbek tili bilan bir qatorda boshqa millatlar tiliga berilayotgan e'tibor millatlararo ahillik va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Ushbu farmonning xalqimiz madaniy hayotidagi ahamiyati g‘oyat katta. Bu tarixiy hujjat madaniy-ma'rifiy hayotimizdagi ko‘pdan-ko‘p masalalarni hal etadi, ona tilimiz va adabiyotimizning qaddini yanada ko‘tarishga, rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Bugun o‘zbek tili dunyoning ko‘plab mamlakatlarida katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. Prezidentimiz farmonida qo‘yilgan vazifalar ijrosi eng qadimiy tillardan bo‘lgan ona tilimiz dunyoning yetakchi tillari qatoridan joy olishida muhim omil bo‘ladi.
Tilimiz va adabiyotimizni yanada rivojlantirishga qaratilgan ushbu farmonning ahamiyati beqiyos. Bu hujjat mamlakatimizda yashayotgan barcha millat va elatlarning manfaatiga xizmat qiladi.