Sport | 15:40 / 24.05.2021
12682
9 daqiqa o‘qiladi

A Seriya yakunlari: Italiyadan qaysi klublar qaysi yevrokuboklarda o‘ynaydi?

«Milan» YeChLga qaytadi, «Napoli» esa alamli tarzda kuchli to‘rtlikni tark etdi va bosh murabbiyni ishdan bo‘shatdi.

Foto: AFP

Italiya chempionati. A Seriya. 38-tur
«Bolonya» — «Yuventus» — 1:4 (0:3)
Gollar: Keza, 6 (0:1), Morata, 29 (0:2), Rabo, 45 (0:3), Morata, 47 ( 0:4), – Orsolini, 85 (1:4).
«Atalanta» — «Milan» — 0:2 (0:1)
Gollar: Kessie, 43 – penaltidan (0:1), Kessie, 90 – penaltidan (0:2).
«Napoli» — «Verona» — 1:1 (0:0)
Gollar: Rrahmani, 60 (1:0) , Faraoni, 69 (1:1).

1. Mavsum so‘nggida halokat yoqasiga kelib qolgan «Yuventus» baribir kuchli to‘rtlikka kirib, keyingi mavsumda ham Chempionlar ligasida ishtirok etadigan bo‘ldi. Garchi 35-turda «Milan»dan qabul qilingan mag‘lubiyat (0:3) «Keksa sinora» bu mavsumni juda yomon yakunlashi va jamoa bosh murabbiyi Andrea Pirlo mavsum yakuniga yetmasdan iste'foga chiqarilishi haqidagi gap-so‘zlarga sabab bo‘lgandi. Ammo shundan keyin turinliklar qatorasiga uch o‘yinda g‘alaba qozonib, 10:4 ko‘rinishidagi to‘plar nisbatini qayd etishdi, yo‘l-yo‘lakay finalda «Atalanta» mag‘lub etilib, Italiya Kubogini qo‘lga kiritishdi.

So‘nggi tur oldidan barchasi «Yuventus»ning o‘zigagina bog‘liq emasdi. Jamoa YeChLga yo‘llanma olishi uchun o‘zi g‘alaba qozonishidan tashqari «Milan» yoki «Napoli» ochko yo‘qotishi talab etilardi, ammo yakunda barchasi turinliklar uchun omadli kechdi.

«Bolonya»ni turinliklar Krishtianu Ronaldusiz ham yakson etishdi. Portugaliyalik futbolchi o‘yinni zaxira o‘rindig‘idan kuzatdi va zaxiradan ham o‘yinga qo‘shilmadi, holbuki hisob 4:0 ko‘rinishiga yetganidan keyin Pirlo uchinchi darvozabon Karlo Pinsologa ham o‘ynashga imkon berdi.

«Pirlo va Krishtianu birgalikda shunday qarorga kelishgan. U o‘zini yaxshi his qilmoqda, ammo biz so‘nggi 15 kunda 5 o‘yin o‘tkazdik, chorshanba kungi Italiya Kubogi finali esa juda charchoqli bo‘ldi», — deya o‘yindan keyin DAZN nashriga intervyu berdi «Yuventus» bosh direktori Fabio Paratichi.

Ammo buni to‘laqonli javob deyish qiyin. Ayniqsa o‘tgan haftada Ronaldu Turindagi avtoparkini olib ketayotgani haqida tarqalgan xabarlardan keyin.

Lekin boshqa tomondan, «Yuventus» portugaliyaliksiz ham natija ko‘rsatmoqda. «Atalanta»ga qarshi Italiya Kubogi finalida u deyarli sezilmagan, o‘yinni 21 yoshli Deyan Kulushevski va 23 yoshli Federiko Kezaning gollari hal qilgandi. Ular «Bolonya»ga qarshi o‘yinda ham o‘zlarini ko‘rsatishdi: italiyalik hisobni ochdi, shved esa golli pas berdi. Chempionlar ligasida «Portu»ga qarshi o‘yinlarda ham jamoani aynan Keza o‘z ortidan ergashtirgandi.

2. «Yuventus»ga YeChL yo‘llanmasini «Napoli» o‘z uyida o‘rtamiyona jamoa, so‘nggi sakkiz o‘yinda birorta g‘alabaga erisha olmagan «Verona»ni (=3-5) yenga olmagani taqdim etdi. Holbuki neapolitanliklar bungacha o‘rtamiyona va autsayderlarni xotirjamlik bilan mag‘lub etib kelayotgandi — so‘nggi uch turda «Spetsiya» ustidan 4:1, «Udineze» ustidan 5:1, «Fiorentina» ustidan 2:0 hisobidagi g‘alabalarga erishilgandi.

Ammo «Verona»ga qarshi Jyennaro Gattuzo shogirdlari ochiqchasiga juda yomon o‘yin ko‘rsatishdi. «Napoli»ning raqib darvozasi tomon ilk zarbasi ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida berildi — va bu zarba himoyachi Amir Rrahmanining goli bo‘ldi. Ammo jamoa bu ustunlikni ham saqlab qola olmadi. Natijaning ahamiyati yo‘q bo‘lgan mehmonlarning to‘purar himoyachisi Faraoni 9 daqiqa o‘tib hisobni tenglashtirdi va durang natija o‘yin oxiriga qadar saqlanib qoldi, bu esa haqiqiy fiasko. Bu muvaffaqiyatsizlikdan keyin klub prezidenti Aurelio de Laurentis tvitterdagi sahifasi orqali Gattuzoni ishdan bo‘shatdi.

3. «Milan» esa vazifani o‘zi uddaladi, garchi o‘tgan turda «Kalyari»ga qarshi o‘yinda keraksiz durang (0:0) tufayli qizil-qoralar bu safar ham YeChLdan tushib qolishi xavfi yuzaga kelgan bo‘lsa-da, «Atalanta» milanliklarga qarshi hech narsa qila olmadi. Bergamoliklar hafta o‘rtasida Italiya Kubogi finalida «Yuventus»ga qarshi mag‘lubiyatli o‘yindan keyin o‘ziga kela olmagani ma'lum bo‘lib qoldi va mehmonlar bundan unumli foydalanishdi. Teo Ernandes jarima maydoniga yorib kirishi penalti ishlash uchun yetarli bo‘ldi, nuqtaga «Atalanta»ning sobiq futbolchisi Kessie yaqinlashib hisobni ochdi.

Tanaffusdan keyin «Atalanta» o‘ziga kelib futbol o‘ynay boshladi, «Milan» esa qahramonlarcha himoyalandi. O‘yin yakuni ehtiroslarga boy bo‘ldi. Marten De Ron Diogu Dalotning yuziga urdi va qizil kartochka oldi, Mario Manjukichga ham raqibga zarba bergani uchun sariq berildi.

O‘yin oxirida mezbonlar darvozasiga yana penalti qo‘yildi va yana Kessie uni aniq ijro etdi. Hakam hushtagi yangraganidan so‘ng «Milan» futbolchilari xuddi sovrin yutgan kabi xursandchilik qilishdi. Jamoa 2012/13 yilgi mavsumdan buyon ilk bor medalli bo‘ldi - o‘shanda uchinchi o‘rin egallangandi (undan oldingi mavsumda esa kumush medallar bilan taqdirlangandi). Milanliklar Yevropa Chempionlar ligasiga yo‘llanma olish orqali darvozabon Donnarummani ham tarkibda saqlab qoladigan bo‘lishdi.

«Atalanta» qatorasiga ikkinchi mavsumni uchinchi o‘rinda yakunlamoqda - bergamoliklarning o‘yini ham, natijalari ham barqarorlashmoqda.

«Yuventus» esa so‘nggi o‘n yil ichida ilk bor kuchli uchlikdan tashqarida: shu bilan birga, o‘n yil avvalgi yettinchi o‘rin va bu safargi to‘rtinchi o‘rin orasida qatorasiga to‘qqiz chempionlik bor.

«Latsio» so‘nggi turda hech narsani hal qilmadi: «Sassuolo»ga yutqazib ham o‘rnidan siljimadi va oltinchi o‘rin bilan Yevropa Ligasiga yo‘l oladigan bo‘ldi.

«Roma» Konferensiyalar ligasi yo‘llanmasidan mahrum bo‘lishiga bir baxya qoldi: rimliklar birinchi bo‘limda «Spetsiya»dan ikki gol o‘tkazib yuborishdi, 85-daqiqaga qadar hisobda ortda borishdi, o‘yin yakuniga besh daqiqa qolgandagina Genrix Mxitaryan hisobni tenglashtirdi – va bu 2:2 hisobi jamoani yettinchi o‘rinda olib qoldi, ochkolar soni «Sassuolo»niki bilan teng bo‘lsa-da, to‘plar nisbati yaxshiligi evaziga yo‘llanma saqlab qolindi. Joze Mourino jamoasi Yevropa bo‘ylab yangicha sayohatga chiqadi.

«Sassuolo»ga «Latsio» ustidan g‘alaba qo‘l kelishi mumkin edi: A Seriya startidagi sensatsiya evaziga ham jamoa yevrokuboklardan o‘rin olishga haqli edi – ammo «Roma»ning ikkinchi goli tufayli sakkizinchi o‘rinda qoldi.

Yakuniy holat:

«Inter», «Milan», «Atalanta» va «Yuventus» Chempionlar Ligasida Italiya sharafini himoya qiladi;

«Napoli» va «Latsio» Yevropa Ligasida ishtirok etadi;

«Roma» Konferensiyalar ligasini bezaydi.

Mavzuga oid