Angliya: Arteta jiddiy muammolar

«Arsenal» — «Liverpul» 2:2
Gollar: Saka (9), Merino (43) — van Deyk (18), Saloh (81).
«Arsenal» – Rayya, Timber (Lyuis-Skelli, 76), Gabriel (Kivior, 54), Uayt, Parti, Martinelli (Nvaneri, 85), Merino, Rays, Saka (Jyezus, 85), Haverts, Trossar.
«Liverpul» – Kelleher, Roberson (Tsimikas, 63), van Deyk, Konate, Aleksander-Arnold, Mak Allister (Soboslai, 63), Gravenberh, Dias (Gakpo, 63), Jons (Endo, 90+1), Saloh, Nunes.
Ogohlantirishlar: Mak Allister (33), Rayya (66), Nunes (90+4).

«Arsenal» markaziy himoyachilar juftligidagi o‘zgarish bilan o‘yinni boshladi — odatda o‘ng qanotda o‘ynaydigan Ben Uayt bu safar mudofaa markazida Gabriel bilan duet hosil qildi. Uilyam Saliba o‘tgan turda «Bornmut»ga qarshi kechgan o‘yinda qizil kartochka olgan va «Liverpul» bilan muhim o‘yinni o‘tkazib yuboradigan bo‘lgandi. O‘ng qanotda Uaytning o‘rnini tayanch yarimhimoyachisi Tomas Parti egalladi.

Ammo Uayt yangi pozitsiyada ham o‘zini yaxshi tutdi. 9-daqiqada u maydonning ikkinchi qismidan turib Bukayo Sakani to‘p bilan ta’minladi, u esa to‘pni qabul qilib olgach, bir harakat bilan Endryu Robersonni yo‘lidan oldi va to‘pni kuch bilan yaqin «to‘qqizlik»ka aniq yo‘lladi. 

O‘tkazib yuborilgan goldan keyin «Liverpul» jonlandi, «kanonirlar» esa qarshi hujum uchun imkoniyat qidira boshladi. Mersisaydliklar Luis Dias faol harakatlangan chap qanotdan bosim uyushtirishdi va uning hujumlaridan biri burchak to‘pi bilan yakunlandi. Trentning yaqin ustun oldiga uzatmasidan keyin Dias Havers bilan to‘p uchun kurashda ustun keldi va uni markazroqqa uzatdi, u yerda Virjiyl van Deyk bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi.

Hisob tenglashishi mezbonlarning o‘yiniga ta’sir ko‘rsatmadi. Ular to‘pga ko‘proq vaqt davomida egalik qilishdi va darvoza tomon ko‘proq zarbalar yo‘llashdi. Natijada «Arsenal» yana hisobda oldinga chiqib oldi: Rays jarima zarbasidan to‘p uzatdi, Merino bosh bilan aniq zarba yo‘llab, jamoa safidagi ilk golini urdi. VAR uzoq vaqt davomida ofsayd bor-yo‘qligini aniqlash uchun mazkur epizodni tekshirdi, yakunda gol inobatga olindi.

Ikkinchi bo‘lim esa mezbonlar uchun noxushlik bilan boshlandi. Nunes bilan to‘qnashuvda «Arsenal» markaziy himoyachisi Gabriel jarohat oldi. Braziliyalik gazonga quladi va tibbiyot xodimlari yordamidan keyin o‘yinni davom ettirdi. Ammo bir necha daqiqa o‘tib yana gazonga o‘tirib oldi va almashtirildi. Natijada «Arsenal» himoyasi markazida odatdagi Gabriel – Saliba juftligi o‘rniga Uayt va Kivyor o‘ynaydigan bo‘ldi.