O‘zbekistonda azaldan turar joy tanqisligi bor. Aholisi muntazam oshib boruvchi davlatimizdagi qurilishlar ko‘lami oshib boruvchi talabni qondira olmaydi. Ijara bozoridagi vaziyat bundan-da murakkab. Ayni kunlarda xorijdan, asosan Rossiyadan keluvchilar sonining keskin oshishi ortidan nafaqat ijara uylar bahosi, balki mehmonxonalar narxining ham sezilarli oshishi kuzatildi.
Mehmonxonalarning 40-70 foizgachasi rossiyaliklar tomonidan band qilingan. Bu – bir davlat uchun juda katta ko‘rsatkich
Ayni paytda mehmonxonalardagi holat bo‘yicha mehmonxonalarni boshqarishga ixtisoslashgan Hotel Pro kompaniyasi asoschisi Dilshod Odilov bilan suhbatlashdik.
– Dilshod, mehmonxonalarda joy qolmagani rostmi?
– 2 haftadan beri Toshkent mehmonxonalarida joy topish muammo bo‘lib qoldi. Hotel Pro boshqarayotgan mehmonxonalarda ham 10 oktyabrgacha joy yo‘q. Booking com platformasida ham joy bor mehmonxonalar keskin kamayib, ba’zi kunlari butun Toshkent bo‘yicha 4-5 ta mehmonxona qolayotganini kuzatish mumkin. Asosan 5-10 kunga bron qilinmoqda. Ba’zilar shu muddat ichida kvartira topib chiqib ketish niyatida ekanliklarini aytishmoqda.
– Talab narxlar oshishini keltirib chiqarmadimi? Umuman, mehmonxonalar o‘zlari istagan paytda narxni ko‘tara oladilarmi?
– Talab tabiiy ravishda narxlar oshishiga sabab bo‘ldi. Avvallari 400 ming so‘mdan sotilgan xonalar narxi 800-900 ming so‘mga chiqib ketdi. 700-800 ming so‘mlik mehmonxonalar esa 1,5 mln so‘mdan ortiq narxda sotilyapti. Ba’zi xalqaro brend darajadagi mehmonxonalar standart xonalari qolmagani uchun 22-23 million so‘mga lyuks xona taklif qilmoqda.
Narxlarni boshqarishga kelsak, firmalar bilan shartnomalar odatda bir yillik tuziladi. Ularning narxi odatda shu muddatda oshirilmaydi. Lekin jismoniy shaxslar, Booking kabi internet bron tizimlaridagi narx talab va taklifdan kelib chiqib istalgan payt oshirilishi yoki tushirilishi mumkin. Mehmon bilan hali shartnoma tuzilmagan hisoblanadi, narxni ko‘rib, ma’qul kelsa yashaydi, bo‘lmasa taklifni qabul qilmaydi. Mavsum o‘tgandan keyin talab kamayadi va o‘sha paytda narxlar tushiriladi.
– Ayni paytda mehmonxonalarning taxminan necha foizi Rossiyalik mehmonlar tomonidan band qilingan?
– Mehmonxonalar darajasiga qarab 40-70 foiz atrofida rossiyaliklar yashayapti. Bu bir davlatning ulushi sifatida katta ko‘rsatkich. Mart oyida ham 2 haftacha shunga o‘xshash holat kuzatilgandi. Lekin hozirgichalik bo‘lmagan. Aslida ruslarning ulushi bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin, faqat mehmonxonalar to‘lib bo‘lgani uchun boshqa mehmon olishning iloji bo‘lmayapti. Uni ustiga o‘zi sentabr, oktabr oylari turizm mavsumi hisoblanadi. Odatda boshqa yillarda ham bu oylarda xona topish qiyin bo‘lar edi.










