Termit va boşqa haşoratlardan zararlangan uy-joylar yaşaş uçun yaroqsiz deb topilsa aholi boşqa uy-joy bilan ta’minlanadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 4 noyabrda kuçga kirgan qarorida közda tutilgan.

Qaror bilan termit va boşqa haşoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlaş va yaşaş uçun yaroqsiz deb topiş böyiça davlat xizmatini körsatişning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Ma’muriy reglamentga muvofiq uşbu davlat xizmati 2025 yil 1 yanvardan boşlab tumanlar (şaharlar) hokimliklari tomonidan tuziladigan Termit va boşqa haşoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlaş komissiyasi tomonidan Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali körsatiladi.

Ariza beruvçilar davlat xizmatidan foydalaniş uçun Davlat xizmatlari markaziga şaxsan borib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron şaklda foydalaniş uçun YaIDXP orqali röyxatdan ötadi.

Ariza beruvçi Davlat xizmatlari markaziga şaxsan kelib murojaat etganda, tegişli sörovnoma Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan töldirilib, ariza beruvçi tomonidan tasdiqlangandan söng 10 daqiqa mobaynida komissiyaga elektron şaklda yuboriladi. YaIDXP orqali murojaat qilinganda esa sörovnoma avtomatik tarzda komissiyaga yuboriladi.

Komissiya 7 iş kuni davomida sörovnomani körib çiqib, uy-joy joylaşgan hududga çiqqan holda quyidagilarni aniqlaydi: uy-joyning termitlar va boşqa haşoratlardan zararlanganlik darajasini, texnik holatini, yaşaş imkoniyati mavjudligini, yaroqsiz holatga kelganligini. Örganiş natijasida komissiya xulosasi ariza beruvçiga yuboriladi.

Bunda örganiş natijasida uy-joyning yaroqsiz holatga kelganligi tasdiqlansa, xabarnoma qöşimça ravişda tegişliça Qoraqalpoğiston Respublikasi Vazirlar Kengaşi, viloyatlar va Toşkent şahar hokimliklariga uy-joyni yaşaşga möljallanmagan joylar toifasiga ötkaziş hamda uy-joy fondidan çiqariş masalasini körib çiqiş uçun yuboriladi.

Arizagöyga berilgan xulosa kelgusida uni belgilangan tartibda davlat tomonidan uy-joy bilan ta’minlaş uçun asos hisoblanadi.

Davlat xizmatini körsatişni rad etiş uçun quyidagilar asos böladi: sörovnomada notöğri yoki xato ma’lumotlar körsatilganda; ariza beruvçi tomonidan komissiyaga uy-joyni közdan keçiriş uçun imkon berilmaganda yoki közdan keçirişga tösqinlik qilinganda; uy-joyning termitlar va boşqa haşoratlardan zararlangan bölişiga qaramay, uning texnik holati yaşaş imkonini berganda; uy-joyda termitlar va boşqa haşoratlardan zararlaniş holatlari aniqlanmaganda.