Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
NATO kengaymoqda, Kremlning reaksiyasi hayratlanarli darajada bosiq - nima uchun?
Ukraina alyansga qo‘shilishiga jon-jahdi bilan qarshi turgan Putin nega endi qat’iy pozitsiyada emas? Turkiya Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga qarshilik qilish orqali nimani ko‘zlagan?
Shvetsiya bosh vaziri Magdalena Andersson dushanba kuni mamlakat NATOga a’zo bo‘lish to‘g‘risida murojaat qilishini e’lon qilganidan so‘ng tez orada Shimoliy Atlantika alyansi ikki yangi a’zo - Shvetsiya va Finlandiya hisobiga kengayishi, NATOning Rossiya bilan chegaralari jiddiy darajada uzayishi ayon bo‘ldi.
Shu kuni Moskvada Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlari ishtirokida KXShT sammiti bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida Vladimir Putin Shvetsiyadan kelgan xabarlarga ancha bosiqlik bilan munosabatda bo‘ldi, ammo yana bir bor Ukrainaga tanqid yog‘dirdi.
«Bizda hududiy bahslar yo‘q»
Moskva Ukrainaga bostirib kirilishi arafasidagi oylarda NATOning kengayishiga qattiq qarshilik ko‘rsatgani bilan solishtirganda Kremlning hozirgi reaksiyasi ko‘pchilik uchun g‘alati tuyulmoqda.
Aftidan, Kremldagilar ham buni his qilishdi hamda Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga a’zo bo‘lishi bilan bog‘liq vaziyat Ukrainaning ehtimoliy a’zoligidan qanchalik farq qilishini tushuntirishga shoshilishdi.
Ma’lumot uchun, Ukrainaning bloklardan xoli maqomi - Moskvaning Kiyev bilan tinchlik muzokaralaridagi asosiy talablaridan biri.
«Bizda Finlandiya bilan ham, Shvetsiya bilan ham hududiy bahslar yo‘q, Ukraina NATO a’zosiga aylangan taqdirda, Rossiyada alyans a’zosi bo‘lgan davlat bilan hududiy nizo vaziyati yuzaga kelgan bo‘lardi, bu esa butun qit’a uchun juda katta xavf tug‘dirardi», dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Yanvar oyida Moskva NATOdan sharq tomon keygayishni bas qilish, alyansga sobiq SSSR davlatlari, jumladan Ukrainani qabul qilmaslik, bu davlat bilan har qanday harbiy hamkorlikdan bosh tortish, shuningdek harbiylarini Markaziy va Sharqiy Yevropa, shuningdek Boltiqbo‘yi davlatlari hali alyansga qo‘shilmagan 1997 yildan oldingi pozitsiyalarga qaytarishni talab qilgandi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘shanda 1949 yilgi Shimoliy Atlantika shartnomasi yangi a’zolarni NATOga yangi a’zolarni yollash majburiyatini yuklamaganini ta’kidlagandi.
Geosiyosiy-tarixiy muammomi?
Dushanba kuni KXShTning Moskvada o‘tkazilgan yubiley sammitida Vladimir Putin yana bir marta Ukraina manziliga qaratilgan standart ayblovlar to‘plamini takrorlab, «Rossiya chegaralari yaqinida biologik qurol komponentlari yaratilgani»ga oid qandaydir «hujjatli dalillar» topilgani to‘g‘risida eslatib o‘tdi.
Putin yana bir bor Ukrainada «neonatsizm haddan oshgani» mavzusiga qaytdi va G‘arbni bunga ko‘z yumayotgani uchun qoralab, Ukrainada natsistlar davlat darajasida ulug‘lanishini qayd etdi.
Umuman olganda, alyansga faqat sobiq sotsialistik mamlakatlar yoki sobiq sovet respublikalari a’zo bo‘lib kirgandagina NATOning kengayishi Kreml uchun nomaqbul va haqoratli ko‘rinishi haqidagi taassurot oldindan mavjud edi.
Politolog Tatyana Stanovayaning yozishicha, gap shundaki, «Putin uchun NATO muammosi hamisha harbiy-strategik emas (harbiy tahdid asosiy argument sifatida ishlatiladigan bir bahona), balki geosiyosiy-tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan. Ya’ni NATO G‘arbda mavjud bo‘lsa bo‘laversin, lekin «bizda» emas. Ukraina, Gruziya, Moldova - bular «biz bilan». Tarixan «biz bilan» bo‘lgan».
«Darvoqe, shu munosabat bilan hozir harbiy doiralarda g‘azablanish kuchaygan, ular NATOni harbiy-strategik tahdid deb hisoblashadi va Putinning «mantig‘i»ni xato deb hisoblashadi - u «biznikilar» (o‘zining tushunchasi bo‘yicha) makonini himoya qiladi, ammo Rossiyani strategik jihatdan zarba ostida qoldiradi», deb hisoblaydi Stanovaya.
Shvetsiya - NATOda, ammo yadro qurolisiz-mi?
Shvetsiya bosh vaziri Yeva-Magdalena Andersson mamlakat NATOga qo‘shilmoqchiligi haqida e’lon qilarkan, Shvetsiya alyansga qo‘shilgandan keyin ham, o‘z hududida yadro quroli yoki NATOning harbiy bazalarini joylashtirmoqchi emasligini aytdi.
«NATO Shvetsiyani mustahkamlaydi, Shvetsiya NATOni kuchaytiradi. Biz bir davrni yakunlab, boshqasiga qadam qo‘yamiz», degan Stokholmdagi brifingda Andersson xonim.
U Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin Yevropa xavfli reallikda qolganini qayd etgan.
Anderssonning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Shvetsiyaga muayyan harbiy tahdid yo‘q, biroq mamlakat NATOga a’zolik uchun ariza topshirgach (bu 18 may kuni Finlandiya bilan birgalikda amalga oshirilishi kutilmoqda) va u NATOning 30 ta a’zo davlati tomonidan ratifikatsiya qilingunicha bo‘lgan davrda tashqi xavf qarshisida zaif holatda qoladi.
Avvalroq Buyuk Britaniya Shvetsiya va Finlandiya bilan xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagandi, unga ko‘ra, bu davlatlarga hujum ro‘y bergan taqdirda, London harbiy yordam ko‘rsatishga tayyor bo‘ladi.
Xabar qilishlaricha, bunday hujjat aynan Shvetsiya va Finlandiya NATOga a’zo bo‘lish to‘g‘risida ariza topshirib, formal jihatdan alyans a’zosiga aylangunicha bo‘lgan oraliqda ushbu davlatlar xavfsizligini ta’minlash uchun zarur edi.
Bu vaqtda Norvegiya, Daniya va Islandiya ham qo‘shma bayonot berib, NATOga a’zo bo‘lib kirguniga qadar hujumga uchragan taqdirda o‘z qo‘shnilarini himoya qilishga va’da berishdi.
«Skandinav qo‘shnilarimiz NATO a’zoligini olguniga qadar tajovuzga uchrasa, Norvegiya Daniya va Islandiya bilan birga barcha zarur vositalar bilan yordam ko‘rsatishga tayyor», degan Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore.
Turkiya Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga to‘sqinlik qilmoqchi
Dushanba kuni Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘an yana Finlandiya va Shvetsiyaning Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilishini ma’qullamasligini bildirdi.
«Ular bizga terrorchilarni bermasliklari to‘g‘risida xabarlar bor. Biz bu ikki mamlakatning NATOga kirishiga «ha» demaymiz», dedi Turkiya prezidenti Jazoir prezidenti Abdulmajid Tabbun bilan Anqarada o‘tkazilgan muzokaralardan keyingi matbuot anjumanida.
Erdo‘g‘an Stokholm va Helsinkiga Turkiyani ko‘ndirishga urinib ko‘rish uchun diplomatlarini Anqaraga jo‘natib ovora bo‘lmaslikni tavsiya etdi.
Turkiyaliklar yetakchisining asosiy e’tirozi - bu ikki mamlakat kurd ayirmachilariga boshpana bergani bilan bog‘liq.
Dushanba kungi matbuot anjumanida Erdo‘g‘an Shvetsiyani terrorchi davlatlar yetishtiriladigan o‘choq deb baholadi.
«Bu davlatlarning hech birida terrorchi tashkilotlariga nisbatan aniq munosabat yo‘q. Biz ularga qanday qilib ishonishimiz mumkin?» degan Turkiya prezidenti.
Turkiya Yevropa shimolidagi bu ikki davlatni o‘zi terrorchi tashkilot sifatida baholaydigan Kurdiston ishchilar partiyasi a’zolarini, shuningdek, 2016 yilgi davlat to‘ntarishiga urinishni tashkillashtirishda ayblangan Fathulloh Gulen tarafdorlarini yashirib kelishda ayblaydi.
Erdo‘g‘an hukumati Turkiyaga qarshi sanksiyalar joriy etgan davlatlarning NATOga a’zo bo‘lishiga ham to‘siq qo‘yishni va’da qilgan.
2019 yilda Finlandiya va Shvetsiya Suriyadagi urushda ishtiroki tufayli Turkiyaga qurollar yetkazib berishga embargo qo‘ygandi.
BBC’ning diplomatik korrespondenti Pol Adamsning ma’lumotiga ko‘ra, Erdo‘g‘anning bunga hojat yo‘qligini aytgan bo‘lsa-da, bu ikki mamlakat ham Anqaraga o‘z delegatsiyalarini jo‘natadi. Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Ann Linde hamda Finlandiya TIV rahbari Pekka Haavisto Turkiyaga yo‘l olgan.
Adamsning yozishicha, katta ehtimol bilan, Turkiya prezidenti o‘zining qimmatli ovozi uchun savdolashishga qat’iy qaror qilgan.
Yakshanba kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Finlandiya va Shvetsiya Turkiyaning e’tirozlariga qaramay NATOga a’zo bo‘lishiga shubha qilmasligini aytdi.
Chorshanba kuni bu mavzu Vashingtonda Blinken va uning turkiyalik hamkasbi o‘rtasidagi asosiy mavzu bo‘ladi. Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga kirishini rag‘batlantirgan Qo‘shma Shtatlar bu qaror so‘nggi lahzada alyansning 30 a’zosidan birining pozitsiyasi tufayli bekor bo‘lishiga yo‘l qo‘ya olmaydi.
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass dushanba kuni kechqurun Finlandiya va Shvetsiyaning NATO a’zo bo‘lishini qat’iyan qo‘llab-quvvatlashini aytdi va Yevropaning kollektiv xavfsizligini mustahkamlash uchun bu mamlakatlar imkon qadar alyansga integratsiya qilinishi lozimligini qo‘shimcha qildi.

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg bir necha bor shimoldagi bu ikki davlat «quchoq ochib kutib olinishi»ni aytgan, ammo bu jarayon alyansning barcha 30 a’zosining yakdil qarorini talab etadi.
Turkiyaning e’tirozlari, hatto bular shunchaki imtiyozlar olishga qaratilgan bo‘lsa ham, bu jarayonni kechiktirishi mumkin. Ammo Stoltenberg yakshanba kuni Turkiyaning pozitsiyasi muammo bo‘lmasligi va kechiktirmasdan hal etilishiga ishonch bildirgandi.
Mavzuga oid
13:13 / 16.01.2026
Germaniya NATOning keng ko‘lamli mashqlarini qabul qilmoqda
22:26 / 15.01.2026
Putin Maduroni ag‘dargan Trampni tanqid qilishga jur’at etolmadi
22:18 / 15.01.2026
Grenlandiyaga yevropalik harbiylar kela boshladi
15:51 / 15.01.2026