Putin «Vagner» komandiriga «ko‘ngillilar bilan shug‘ullanish»ni buyurdi. Bu nimani anglatadi?
Vladimir Putin «Vagner» XHK shtab boshlig‘i bo‘lgani aytiladigan Andrey Troshev bilan uchrashdi. Rossiya prezidenti unga ko‘ngillilardan tarkib topgan bo‘linmalar bilan shug‘ullanishni buyurgan. Bu Rossiya mudofaa vazirligi tarkibidagi yangi «Vagner» shakllanadi deganimi?
Kreml Putin va Troshev uchrashuvi haqidagi lavhani juma kuni ertalab e’lon qildi. Uchrashuvda mudofaa vaziri o‘rinbosari, iyun oyi oxiridagi isyon kuni Prigojin «yer bilan bitta qilgan» Yunus-Bek Yevkurov ham qatnashgan. Xabarda Troshev shunchaki ismi-familiyasi bilan atalgan, lavozimi keltirilmagan. Keyinroq Putinning matbuot kotibi Peskov Troshev mamlakat mudofaa vazirligida ishlashini aytib chiqdi.
Rus OAV esa Andrey Troshev «Vagner»ning chaqiruv belgisi «Sedoy» bo‘lgan komandirlaridan ekanini eslatdi. U iyun oyida Yevgeniy Prigojin boshlagan harbiy isyonni qo‘llamagandi. Kreml e’lon qilgan suhbat stenogrammasiga ko‘ra Putin bu odam bilan birinchi marta uchrashmayapti. «Avvalgi uchrashuvlarimizda avvalo maxsus harbiy amaliyot (Rossiyada urushni shunday atashadi - tahr.) zonasida turli vazifalarni bajara oladigan ko‘ngillilar guruhini shakllantirishingiz haqida gaplashgandik», degan Putin.
«Vagner» isyoni iyun oyida, guruh Baxmut uchun uzoq davom etgan qonli janglarda qatnashganidan keyin bo‘lib o‘tgandi.
«O‘zingiz bir yildan ko‘proq shunday bo‘linmalarda jang qildingiz va tezda, muvaffaqiyatli hal qilish kerak bo‘lgan masalalardan xabardorsiz», degan Putin Troshev va Yevkurov bilan uchrashuvda.
Yunus-Bek Yevkurov Prigojinning o‘limidan keyin «Vagner» harakat qilgan Afrika davlatlarini aylanib chiqqandi. Troshev esa rasman iste’fodagi politsiya polkovnigi bo‘lib, Afg‘oniston va Chechenistondagi janglarda qatnashgan. OMON va SOBRda xizmat qilgan. Suriyadagi harbiy harakatlarda «Vagner» ijrochi direktor va shtab boshlig‘i lavozimlarida faoliyat olib borgan. Har holda Yevropa Ittifoqi sanksiya ro‘yxatida u haqda shunday deyilgan.
Uning tug‘ilgan kuni haqidagi ma’lumotlar ham bir xil emas. Masalan, Yevropa Ittifoqi 2021 yil Troshevni sanksiya ro‘yxatiga kiritar ekan, uni 1953 yil aprelda Leningradda (hozirgi Sankt-Peterburg) tug‘ilgan deb qayd etgan. Britaniya ham sanksiya ro‘yxatida u haqda shunday ma’lumot bergan. Vikipediyada esa Troshev 1962 yil tug‘ilgani ko‘rsatilgan.
«Vatan qahramonlari» loyihasi ma’lumotiga ko‘ra, Andrey Troshev 2016 yil Suriyadagi harbiy harakatlardagi ishtiroki uchun Putinning maxfiy buyrug‘i bilan Rossiya Qahramoni unvonini olgan. Ayni damda o‘zi tug‘ilib o‘sgan Peterburgda «Harbiy mojarolar va mahalliy urushlardagi veteranlar huquqlarini himoya qilish ligasi»ni boshqaradi.
Putin Andrey Troshev haqida bir marta, «Kommersant» nashrining Kremldagi muxbiri Andrey Kolesnikov bilan suhbatda gapirgan. Bu suhbat Putin va vagnerchilarning 29 iyundagi uchrashuvi haqida bo‘lgan.
«Ularning hammasi yana bir yerga to‘planib, xizmat qilishda davom etishi, boshqaruvni shundog‘am amalda guruhni boshqarib kelgan odam qo‘lga olishi mumkin edi. Bu haqda gapirganimda ko‘pchiligi boshini qimirlatib tasdiqladi ham. Ammo old qatorda o‘tirib buni ko‘rmagan Prigojin bunga rozi emasligini aytdi», deb Putinning so‘zlarini keltirgan Kolesnikov.
Prigojinga tegishli biznes-jyet 23 iyun kuni halokatga uchrab, tadbirkorning o‘zi bilan birga guruh bosh qo‘mondoni Dmitriy Utkin ham vafot etadi. Shunday keyin OAVda Rossiya hukumati «Vagner»dan Ukraina va Afrikadagi harbiy harakatlarda foydalanishda davom etishi haqida ko‘p marta yozildi. Vaholanki, Prigojin o‘lganidan keyin guruh butkul taqatib yuborilgani aytilgandi.
AQShning CNN nashri vagnerchilar Baxmut uchun janglarga qaytganini yozdi. Ukraina tomoni ham Belarusga ketgan vagnerchilar Rossiya mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzib, jang maydoniga qaytganini tasdiqlagan. Ammo Andrey Troshev tuzishi kerak bo‘lgan yangi ko‘ngillilar guruhi Rossiya uchun «Vagner» kabi samarali bo‘lishi aniq emas.
Rossiya mudofaa vazirligi tarkibida yangi «Vagner» tuzish mumkinmi? BBC harbiy muxbiri Pavel Aksenov tahlil qiladi:
Putinning «Vagner» sobiq qo‘mondoni bilan uchrashuvda aytgan «ko‘ngillilar guruhi» haqida gaplarini ko‘pchilik xuddi shunday xususiy tuzilma Rossiya mudofaa vazirligi tarkibida shakllantiriladi deb tushundi. Bunday o‘ylash uchun barcha asoslar bor. Rossiya harbiylari «Vagner»ni aynan ko‘ngillilar deb atardi. Ammo bunday tuzilmani mudofaa vazirligi ichida tuzish «Vagner»ning tuzilish maqsadi, uning urushdagi roli va mudofaa vazirligi bilan munosabatlariga zid keladi.
Oxirgi marta ko‘ngillilarni Rossiya mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzishga undash harbiy isyon va ko‘pchilikning fikricha, «Vagner» rahbariyatining o‘limi bilan tugadi. Ko‘ngillilar davlat qoidalariga bo‘ysunishni istamagandi.
Xususiy harbiy kompaniya Rossiya qonunlari bilan idora qilinadigan tuzilma emas. «Vagner» kabi boshqa XHKlar ham shu vaqtgacha mavjud bo‘lgan va mavjud bo‘lishda davom etadi. Ularning jang maydonidagi ustunligi mas’uliyatdan ozodligida. Guruh qo‘mondonlikning xatosiga ham bog‘liq emas.
Armiya murakkab tuzilma bo‘lib, juda ko‘p hujjatlar yordamida boshqariladi: qonun, nizom, buyruq. Ukrainadagi urushda operatsiyalarni tashkil etish, ularni o‘tkazish va turli qismlarning o‘zaro aloqalarida Rossiya armiyasi tizimli muammolarga egaligi ko‘rinib qoldi. Shuningdek, harbiylarni tayyorlash, intizom, harbiy va ijtimoiy ta’minotda ham muammolar ko‘zga tashlandi.
«Vagner» avvalboshdan armiya byurokratiyasidan mustaqil edi. Prigojinga tegishli XHK Rossiya mudofaa vazirligidan ko‘ra yaxshiroq pul to‘lagani uchun tajribali ofitserlarni o‘z safiga qo‘shib ola boshlagandi. «Vagner»da nafaqat maoshlar yaxshi bo‘lgan, balki halok bo‘lganlarning oilalariga ham doimiy tarzda yaxshigina pul to‘lab borilgan. Shu bois, oddiy rus erkagi uchun Rossiya mudofaa vazirligidan ko‘ra «Vagner» bilan shartnoma imzolash manfaatliroq bo‘lgan.
«Vagner» frontda jang qila boshlagach, Prigojin davlatdan juda katta vakolatlar ola boshladi. Unga qamoqxonalardan mahbuslarni jangga yollashga ruxsat berildi. Bu «zobitlar»dan Prigojin professional yollanma askarlarga qulayroq sharoit yaratib berish uchun «to‘p yemi» sifatida foydalandi. Mudofaa vazirligi «Vagner»ga o‘q-dori, harbiy texnika berdi. Uning qo‘shini hujum qilayotganda hatto armiya bo‘linmalaridan yordam kuchi oldi.
Va nihoyat, Prigojinga amalda dezertirlar va Ukraina tomonga o‘tganlarni o‘ldirish uchun o‘z harbiy-jinoyat kodeksini yaratish imkonini berishdi. Bu borada bosqon (kuvalda) bilan o‘ldirilgan Yevgeniy Nujinni eslashning o‘zi kifoya.
Bir so‘z bilan aytganda, «Vagner» davlat tuzilmasidan tashqaridagi XHK sifatida shakllandi va uning ustunligi ham shunda edi. Frontda mana shunaqa guruh kerak bo‘ldi. Agar Rossiya armiyasi Baxmutni mustaqil egallay olganida, u yerga yollanma jangchilarni yuborib yurmasdi.
Prigojinning o‘zi esa muammolarni armiya maqsadlariga qarab emas, o‘zi harbiy rahbariyat bilan norasmiy kelishgan holda hal qilardi. Unchalik katta bo‘lmagan harbiy tuzilma aynan qo‘mondonlik nazoratida bo‘lmagani uchun samarali harakat qildi. «Vagner» hujum joyi, vaqti va taktikasini mustaqil hal qilardi. Prigojin guruhi armiya tasarrufida bo‘lmasa ham ulardan aviatsiya va artilleriya ko‘rinishida yordam olgan. Hatto armiya bo‘linmalari XHK hujumlarida qatnashgan ham.
Va qonunlarga umuman bo‘ysunmaydigan Prigojin pozitsiyani tashlab chiqishi bilan tahdid qiladigan darajaga yetdi. Mudofaa vaziri va shtab boshlig‘ini ochiqchasiga haqorat qila boshladi. Buning evaziga Rossiya nimani oldi? Baxmutni. Juda katta kuch va pul evaziga «Vagner» shaharni egallab, Rossiya hukumatiga frontda qandaydir yutuq borligini ko‘rsatish imkonini yaratdi.
Putin «ko‘ngillilar tuzilmasi» tashkil etish deganda aynan nimani nazarda tutganini anglash qiyin, axir Rossiyada shundog‘am ko‘ngillilarni mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolash orqali armiyaga jalb qilish mexanizmi bor-ku. Agar bunday tuzilma mudofaa vazirligi tarkibida tashkil etilsa-yu, ular hamma qatori standart shartnomalar imzolasa, bu oddiy bo‘linma bo‘lib qoladi.
Agar xuddi «Vagner»ga o‘xshagan harbiy rahbariyat buyruqlaridan ozod etiladigan harbiy tuzilma tashkil etmoqchi bo‘lishsa, uning qanday bo‘lishi yangi boshliq Rossiya rahbariyati bilan qanday munosabatda ekani, harbiy rahbariyatga qarshi chiqa oladigan kuchi bor yoki yo‘qligiga bog‘liq bo‘ladi. Prigojinda bunaqasi o‘xshamagan edi.
Mavzuga oid
20:26 / 05.01.2025
WP: Ukrainada o‘tgan yili 200 mingga yaqin odam urushga safarbar qilindi
23:55 / 04.01.2025
Geosiyosiy hafta tahlili: gaz tranzitini to‘xtatgan Ukraina, Rossiyadan norozi Ozarboyjon va tanlov qarshisidagi Suriya
14:01 / 04.01.2025
Bratislavada Ukraina bilan birdamlik aksiyasi bo‘lib o‘tdi
19:37 / 03.01.2025