«Tramp hal qilishi mumkin». Zelenskiy 2025 yildan umidlari va ikkinchi muddati ehtimoli haqida gapirdi
2025 yildagi birinchi intervyusida Volodimir Zelenskiy AQSh prezidentligiga qaytgan Donald Tramp Rossiya bilan urushni to‘xtata olishiga umid bildirdi. U shuningdek, Kursk oblastidagi amaliyotning ahamiyati, Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari hamda Ukraina prezidentligi saylovlari haqidagi fikrlarini bildirgan.
Tramp va urushni yakunlash istiqbollari
Ukraina telemarafoni efirida namoyish etilgan intervyuda jurnalistlar Zelenskiydan Trampga ta’rif berish va Amerikaning yangi saylangan prezidenti unda qanday taassurot qoldirganini aytib berishni so‘rashgan.
«Tramp hal qiluvchi bo‘lishi mumkin. Biz uchun bu eng asosiysi», — deya javob qaytargan Zelenskiy. «U, uning xislatlari, ular shunday. U bu urushda hal qiluvchi bo‘lishga qodir. U chindan ham Putinni to‘xtata oladi, to‘g‘risini aytganda — bizga Putinni to‘xtatishda yordam bera oladi. Bu uning qo‘lidan keladi».
Zelenskiy Tramp bilan bir necha bor yakkama-yakka va telefon orqali muloqot qilganini eslagan.
«U kuchli va harakatlarini oldindan aytib bo‘lmaydigan odam. Men Trampning bunday xislati birinchi galda Rossiya uchun bo‘lishini istardim. Men u chindan ham urushni yakunlashni istaydi deb hisoblayman».
Zelenskiyning fikricha, Tramp «tug‘ma g‘olib», uning 2024 yil noyabrida prezidentlik saylovidagi g‘alabasi ishonchli bo‘lgan, bunga hech kimda shubha uyg‘onmagan va «Ukrainaga ham Rossiya tajovuzi ustidan aynan shunday g‘alaba kerak».
Zelenskiy hozircha unda Tramp bilan so‘zlashuvlar vaqtida «birorta salbiy holat bo‘lmagani»ni qo‘shimcha qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina va Amerika prezidentlari jamoalari «muntazam aloqada» va hozirda asosiysi — «bu munosabatlarni qurishdir». «Men o‘ylaymanki, Putin undan qo‘rqadi, shuning uchun Kremldagi ayrim ovozlar AQSh ma’muriyatigacha yetib borishi uchun qadamlar tashlamoqda», — degan Zelenskiy.
Tramp Ukrainadagi urushni bir kun mobaynida hal qilishga va’da bergan, ammo bunga aynan qanday yo‘l bilan erishmoqchi ekaniga aniqlik kiritmagan.
Trampning tanqidchilari u harbiy yordamni to‘xtatib qo‘yish tahdidi bilan Ukrainani noqulay shartlarda (mojaroni muzlatish yoki hududlaridan voz kechish evaziga) tinchlik bitimi tuzishga majburlashi mumkinligidan xavotir bildirgan.
Ammo Tramp va Zelenskiyning Nyu Yorkda o‘tkazilgan oxirgi uchrashuvidan keyin ukrainlar yetakchisi o‘sha vaqtda Oq uy rahbarligiga nomzod bo‘lgan siyosatchi uning dalillariga e’tiroz bildirmaganini aytgandi.
Urush qachon yakunlanishi mumkinligi haqidagi savolga javoban Ukraina prezidenti bu bir kunda ro‘y bermasligini bildirgan.
«Ammo agar Tramp o‘z pozitsiyasida kuchli bo‘lsa va bu pozitsiya yevropalik hamkasblarning pozitsiyasi bilan mos keladigan bo‘lsa, urushning qaynoq fazasini chindan ham yetarlicha tez fursatda yakunlash mumkin», — deydi Zelenskiy.
Trampning inauguratsiya marosimi 20 yanvarga belgilangan va Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, saylangan prezident unga tez orada AQShga tashrif bilan kelishini kutayotganini aytgan. «Shuning uchun, men o‘ylaymanki, bizda inauguratsiyadan keyin uchrashuv bo‘ladi va biz rejani bilgan holda ishlashni boshlaymiz».
Zelenskiy Tramp Rossiya tomoni bilan ham aloqaga chiqishini — «kim nimaga tayyorligini o‘rganishi»ni ta’kidlagan. Bu Trampning inauguratsiyasidan keyingi birinchi bosqich bo‘ladi, «keyin esa shundan kelib chiqqan holda keyingi qadamlarni bosamiz», deya izohlagan Ukraina prezidenti.
Bu jarayonning natijasi urushning qaynoq fazalari to‘xtashi bo‘lishi mumkin, deydi Zelenskiy. «Bu barchasi yakunlanishini anglatmaydi, ammo bu hayot, jamiyat tiklanishi uchun muhim qadamdir, — degan u. — Biz hech narsani boy berishni istamaymiz, ammo hozir bu qanday bo‘lishini ayta olmayman, chunki ko‘p narsa hamkorlarimizga bog‘liq».
Kursk amaliyoti nima uchun kerak bo‘lgani haqida
Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi amaliyotini «barcha muzokaralardagi kuchli kuzir» deb atadi. «Ayniqsa, biz uchun juda muhim davlatlar bilan. Ayniqsa, Global janub mamlakatlari bilan muzokaralarda. Men hech qachon bu katta ta’sirga ega bo‘ladi deb o‘ylamasdim. Ammo bu kuchli ta’sir ko‘rsatdi».
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, bu davlatlar Rossiya armiyasini yengib bo‘lmaydi deb hisoblashgan, shuning uchun Ukraina Kursk oblastining bir qismini egallab olgani hamda bu hududlarni o‘z qo‘lida saqlab qolayotgani, rossiyaliklar esa bu yerda o‘z kontingentini oshirayotganiga qaramay, «hech narsa qila olmayotgani» fakti ularda katta taassurot uyg‘otgan.
«Ular bir-ikki oydan keyin Sumini okkupatsiya qilishlarini aytishadi, biz esa u yerdamiz [Kursk oblastida paydo bo‘lamiz. — Tahr.]» «Hatto ular shimoliy koreyaliklar kontingentini olib kelgani omili bizga ish berdi. Ularni qayerga yuborishdi? Aynan u yerga [Kursk oblastiga. — Tahr.]. O‘ylaymanki, bu ularning taktik xatosi edi. Ularga ko‘proq xato qilishni tilayman».
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi amaliyotiga qadar «hatto Yevropada ukrainlar taraf bo‘lmagan ovozlar bosib keta boshlagan va Ukraina yutqazayotgani haqida balandroq gapira boshlashgan». «Putinni, u butun Ukrainani okkupatsiya qilmasligiga ko‘ndirish kerak [deyishdi] va shunda Kursk amaliyoti barchasining oyog‘ini osmondan qilib yubordi».
2023 yil yozida Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastining bir necha rayonlarini bosib olgandi, ammo o‘tgan vaqt ichida ular Rossiya hududidagi platsdarmining katta qismini boy berdi.
Ayrim harbiy tahlilchilar Kiyevning Kursk oblastiga bostirib kirish qarorini tanqid qilishadi, chunki u yerga Ukraina qurolli kuchlarining Donetsk oblastidagi eng qaynoq nuqtalarda qo‘l kelishi mumkin bo‘lgan eng jangovar brigadalari yuborilgandi, Donbassda esa ukrainlar oxirgi oylar davomida faqat chekinishga majbur bo‘lmoqda.
Saylovlar va Zelenskiyning ikkinchi muddati
O‘z intervyusida Zelenskiy Ukrainada urushning qaynoq bosqichi tugagach, chindan ham saylovlar o‘tkazilishi kerakmi, degan savolga ham javob qaytardi.
«2025 yilda, agar biz urushning qaynoq bosqichini Ukrainaning kuchli pozitsiyasida turib yakunlay olsak, bizda kuchli armiya, qurollarning katta paketi, kafolatlar qoladi, shundan keyin amalda Ukrainada harbiy holatni bekor qilish haqida o‘ylashimiz mumkin bo‘ladi, undan keyin esa … [saylovlar bo‘lishi mumkin — Tahr.],» — deya javob bergan Zelenskiy.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi muddat uchun nomzodini qo‘yish borasidagi qaror urush qanday yakunlanishiga bog‘liq bo‘ladi.
«Men uchun bu bugungi kunning asosiy mavzusi emas. Bu bugungi kunning maqsadi emas. Men bu urush qanday tugashini bilmayman. Agar men qo‘limdan keladiganidan ko‘proq ish qilsam — unda bunga nisbatan ijobiyroq qarash mumkin. Ammo men uchun bu hozirda asosiy masala emas. Bugunning maqsadi hisoblanmaydi», — degan u.
2019 yilgi prezidentlik saylovlari chog‘ida Zelenskiy faqat bir muddatga nomzodini qo‘yishiga aniq qilib va’da bergandi (bu uning dasturida qayd etilgan).
Yelena Zelenskaya jurnalistlarga turmush o‘rtog‘ining tanlovini qo‘llashi, «bu qaror oilada ma’qullanishi yoki yo‘qligi» — «ikkinchi masala» sanalishini aytgan.
«Menimcha, ikkinchi muddat birinchisi kabi qo‘rqinchli emas. Shuning uchun, albatta, men butun umrim davomida bunday hissiy holatda yashashni xohlamayman — bu mashaqqatli davr, eng qiyin davr. Va albatta, eng qo‘rqinchli davr, urush boshlanganida bo‘lgandi», — deydi u.
«Bu tomondan, men shunday o‘ylayman: agar saylovlar boshlansa, bu shuni anglatadiki, urush, umuman olganda, qaynoq faza yakunlangan va shuning o‘zi ijobiy belgi… Va unda men istalgan tanlovni qo‘llab-quvvatlayman», — deya qo‘shimcha qilgan mamlakatning birinchi ledisi.
Avvalroq Yelena Zelenskaya turmush o‘rtog‘i ikkinchi muddatga nomzodini qo‘yishini uncha ma’qullamasligini aytgandi.
Mavzuga oid
20:26 / 05.01.2025
WP: Ukrainada o‘tgan yili 200 mingga yaqin odam urushga safarbar qilindi
23:55 / 04.01.2025
Geosiyosiy hafta tahlili: gaz tranzitini to‘xtatgan Ukraina, Rossiyadan norozi Ozarboyjon va tanlov qarshisidagi Suriya
23:15 / 04.01.2025
Tramp saylovdagi g‘alabasidan keyin donorlardan qariyb 200 mln dollar to‘pladi
17:13 / 04.01.2025