20:55 / 25.05.2021
13294

Ta'lim muassasalarida ovqatlanish ratsioni yangilanadi

Bog‘chalar va maktablarda bolalarning to‘g‘ri ovqatlanishini yo‘lga qo‘yish maqsadida yangilangan ovqatlanish ratsioni tasdiqlanadi, ularning sog‘lig‘iga zararli oziq-ovqat mahsulotlarini ushbu muassasalar hududida sotishga cheklovlar qo‘yiladi. Bu haqda prezidentning «Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Maktabgacha ta'lim vazirligi va Xalq ta'limi vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda maktabgacha ta'lim tashkilotlari va maktablarda to‘g‘ri ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab yangilangan ovqatlanish ratsionini hamda ushbu yo‘nalish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'yektlariga bo‘lgan talablarni tasdiqlaydi va amaliyotga kiritadi. Bunda, bolalarning sog‘lig‘iga zarar va rivojlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan barcha oziq-ovqat mahsulotlarini maktabgacha ta'lim tashkilotlari va maktablar hududida sotishga cheklovlar qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati maktabgacha ta'lim tashkilotlari va maktablarda bolalarning sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishini ta'minlash maqsadida belgilangan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga so‘zsiz rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytiradi.

Moliya vazirligi onalar va bolalar, reproduktiv yoshdagi ayollar salomatligini ta'minlash uchun zarur dori va tibbiyot vositalari (“K” vitamin, surfaktant va boshqalar) bilan qo‘shimcha ta'minlash uchun Davlat budjetidan 2021 yilda 26 milliard so‘m ajratadi.

Bolalar tibbiyot va tug‘uruq muassasalarida yuqori texnologik laborator uskunalaridan to‘laqonli va samarali foydalanish maqsadida 2022 yildan boshlab Davlat budjetidan reaktiv, reagentlar, sarflov anjomlari hamda servis xizmatlar uchun qo‘shimcha 8 milliard so‘m ajratiladi.

Bundan tashqari, 2021 yil 15 iyundan boshlab birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida dori va tibbiy buyumlar uchun biriktirilgan aholi jon boshiga ajratilgan mablag‘ miqdori o‘rtacha 3 baravarga oshiriladi.

Moliya vazirligi ushbu maqsad uchun 2021 yil investitsiya loyihalarini maqbullashtirish hisobidan 165 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda tibbiyot sohasida investitsiya loyihalarini maqbullashtirish hisobiga har bir viloyat kesimida iqtisod qilinadigan mablag‘larni aniqlaydi.

Top