Benzema shedevr gol urdi, Messi muzlab qoldi, «Real»ning omadi keldi, «Barsa» hakamdan norozi
Keskinlik va dramatizmga boy klasiko Madrid g‘alabasi bilan tugadi.
Ispaniya chempionati. La liga. 30-tur
«Real» — «Barselona» — 2:1 (1:0)
Gollar: Benzema, 13 (1:0). Kroos, 28 (2:0). Mingesa, 60 (2:1).
«Real»: Kurtua, Vaskes (Odriosola, 43), Eder Militao, Nacho, Mendi, Kazemiro, Kroos (Marselo, 72), Valverde (Asensio, 61), Modrich, Benzema (Isko, 72), Vinisius Junior (Dias, 72).
«Barselona»: ter Shtegen, Dest (Grizmann, 46), Arauxo (Moriba, 72), Mingesa, Langle, Jordi Alba, Buskets (Serji Roberto, 64), de Yong, Pedri (Trinkan, 81), Messi, Dembele (Breytueyt, 81).
Ogohlantirishlar: Pedri, 23. Arauxo, 26. Nacho, 69. Jordi Alba, 84. Kazemiro, 89.
Chetlatish: Kazemiro, 90.
Hakam: Xil Mansano.
10 aprel. Madrid. «Alfredo di Stefano» stadioni.
Kuman «oson o‘qildi»
«Bu mashg‘ulot maydoni. Masalan biz «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yindan oldin ularning shunday bazasida tayyorgarlik ko‘ramiz», — deya shov-shuvli bayonot bergandi Chempionlar ligasining Madridda kechgan birinchi uchrashuvidan keyin «Liverpul» bosh murabbiyi Yurgen Klopp. «Santyago Bernabeu»da katta ko‘lamli rekonstruksiya ishlari ketayotgani tufayli «Real» raqiblarni «Alfredo Di Stefano»da qabul qilmoqda. Kloppga Zidan ham, Peres ham, klubning sobiq prezidenti Xorxe Valdano (u rekonstruksiyadan keyin «Santyago Bernabeu» bilan solishtirganda «Enfild» mashg‘ulot maydoniga aylanib qolishini aytdi) ham javob qaytardi. Ammo baribir klasikoni bunday stadionda kuzatish noodatiy holat edi.
Boshqa tomondan, futbolchilar uchun bu stadion ham sinov maydoni edi. Haqiqiy talantlar har qanday sharoitda ilhom topa olishadi. Xuddi ko‘p yillar muqaddam braziliyalik Ronaldo «Dinamo» stadionining «dahshatli» chimida fenomenal o‘yin ko‘rsatgani kabi.
Madridda esa maydon ideal holatda edi, yulduzlar ham ajoyib o‘yin va'da qilishardi. Muxlislar ayniqsa Leo Messi ijrosidagi o‘yinni kutishardi. Buning uchun sabablar yetarli edi. Birinchidan, Serxio Ramosning jarohati argentinalik futbolchiga 45-klasikosida madridliklar sardorini ispan futbolidagi asosiy o‘yinlarda ishtirok etish bo‘yicha u bilan tenglashib olishga imkon bergandi. Ikkinchidan, «Real»ga qarshi shanba kungi o‘yin Messi uchun ko‘k-anorranglilar libosidagi so‘nggi o‘yin bo‘lib qolishi mumkinligi haqida hammayoqda yozishdi.
Lekin buni hatto raqiblar ham istashmayapti, Zidan o‘yindan oldingi matbuot anjumanida shunday dedi: «Bu Leoning so‘nggi klasikosi bo‘lishini istamayman — u «Barsa»da qola qolsin. Bu uning o‘zi uchun ham, La Liga uchun ham yaxshi».
La Ligada dekabr oyi o‘rtalaridan beri mag‘lubiyatga uchramay kelayotgan «Barsa»ning har bir g‘alabali bahsi Messi yangi shartnoma imzolashiga bo‘lgan shubhalarni kamaytirib keladi. Xabarlarga ko‘ra, sardor Chempionlar ligasini yana yutishga qodir bo‘lgan jamoani qurish rejasini ko‘rishni istaydi. Joan Laportada esa bunday reja borligi aniq. Bunday jamoa o‘zagi bo‘lishi kerak bo‘lgan yosh talantlar esa yetarli. Shanba kuni so‘nggi 16 mavsumdagi klasikolarda «Barsa» eng yosh tarkibni o‘ynatdi - jamoaning o‘rtacha yoshi 25 yil-u 298 kunlik.
16 mavsum oldin butunlay boshqa davr edi. Messining «Real»ga qarshi ilk o‘yinini o‘tkazishiga yetti oy bor edi, o‘yinda hisobni Zidan ochgandi. O‘shanda dunyoning eng kuchli futbolchilaridan bo‘lgan fransuz faoliyatining so‘nggi mavsumlarini o‘tkazayotgandi. Hozir ham u murabbiy sifatida Ronald Kumandan ko‘ra mohirroq ekanini ko‘rsatdi. Niderlandiyalik mutaxassis uch markaziy himoyachi bilan qurilgan sxemada (3-4-3 - Langle, Arauxo va Mingesa himoyada, Alba va Dest qanotlarda) o‘ynashini oldindan aytish mumkin edi. U kutilganidek Frenki de Yongni maydon markaziga qaytardi. Bu orqali o‘rta chiziq mustahkamlangandek edi, ammo orqa chiziqda Ronald Arauxo Karim Benzemaga dohiyona gol urishga yo‘l qo‘yib berdi, Vinisius Juniorni jarima maydoniga kirish joyida yiqitdi va bu Toni Kroosning goliga olib keldi.
Futbol shaxmati va omad
Kumanning omadsiz chiqqan tajribasi yarim soat o‘tmasdanoq o‘yin taqdirini hal qilib qo‘ygandi. Uning ehtiyotkorona tanlovi faqat «Barselona» himoyada kordinatsiyani yo‘qotishiga va hujumdagi uchlik (Pedri, Dembele va Messi) bilan bog‘lamlar uzilishiga sabab bo‘ldi.
«Real» har 15 daqiqa uchun bitta gol urdi: Benzema tovoni bilan muxlislarga estetik zavq beruvchi golni urdi. 13-daqiqada mezbonlar qarshi hujumga chiqishdi, Fede Valverde oldinga otilib, bir necha soniya ichida maydon yarmini bosib o‘tdi va o‘ng qanotda, raqib jarima maydoniga yaqin joyda ochilgan Vaskesni topdi. U esa tez qaror qabul qildi va to‘pni darvozabon maydonchasi hududiga uzatdi, Arauxo tomonidan yaqindan qo‘riqlayotganiga qaramasdan, biroz oldinga o‘tib ketgandek tuyulgan bo‘lsa-da Benzema haqiqiy futbol ustalari kabi harakat qilib, kutilmagan tarzda zarba berdi.
27-daqiqada esa raqib jarima maydoniga yorib kirmoqchi bo‘lgan Vinisius Arauxo tomonidan fol bilan to‘xtatildi. Himoyachi sariq kartochkasini oldi va jonli devorga turdi. To‘p oldiga esa yakunlanayotgan haftani ideal darajada o‘tkazgan Toni Kroos yaqinlashdi. Germaniyalik futbolchi juda kuchli zarba bergani yo‘q, ammo to‘p Destning yelkasiga tekkan holda yo‘nalishini o‘zgartirdi - darvoza chizig‘i ustida turgan Alba ham yordam bera olmadi - 2:0.
«Real» YeChL chorak finalida «Liverpul»ga qarshi o‘yinda bo‘lgani kabi o‘z vaziyatlaridan maksimal foydalandi. «Barselona» esa o‘ziga xos tarzda to‘pga egalik qilgan bo‘lsa-da (tanaffusgacha 69 foiz), to‘pni raqib darvozasi oldiga olib bora olmadi. Grizmann o‘rniga hujum chizig‘ida tushirilgan Pedri raqib jarima maydonida biror marta to‘pga teginmadi, Dembeleda esa to‘rtta teginish bo‘ldi - noaniq zarba, ikki marta to‘p yo‘qotish va bir ofsayd. Orqa chiziqda Kazemiro hukmronlik qildi: 45 daqiqa ichida 10 marta himoyaviy harakat. Qanotda esa Valverde Albaning barcha urinishlarini yo‘qqa chiqardi. Ikkinchi qanotda Destda ko‘proq bo‘sh hududlar bo‘ldi, ammo amerikalik futbolchi bu imkoniyatlardan foydalana olmadi. Qolaversa, bir necha marta Vinisiusni o‘tkazib yubordi. Natijada, tanaffusda murabbiy uni Grizmannga almashtirib yubordi.
Birinchi bo‘lim oxirida mehmonlar o‘yinni kuchaytirishdi va standart vaziyatlar yuzaga keltirishdi. Messi avvaliga burchak zarbasini to‘g‘ri darvozaga yo‘lladi, to‘sin madridliklar joniga oro kirdi. Bir daqiqa o‘tib yana bir burchak zarbasidan keyin Messining yaqin masofadan bergan zarbasini Kurtua to‘sib qoldi.
Zidan esa yana o‘zgacha yurishlar topa oldi, bu orqali o‘z kuzirlarini ishlata oldi va raqibning og‘riqli nuqtalariga zarbalar bera oldi. Federiko Valverde o‘ng qanotga qo‘yilishi — deyarli dohiyona yurish edi va bu tasodifiy qaror ham emasdi. Asli markaziy yarimhimoyachi bo‘lgan urugvaylik futbolchi chempionlik mavsumida qanotda ham yuqori darajada futbol namoyish etgan, hozir ham Lukas Vaskes bilan bu qanotni to‘la nazorat qilmoqda. Himoyada ishonchli o‘ynash bilan birgalikda, u Benzemaning shedevr goli ijodkorlaridan bo‘ldi. U 35-daqiqada uchinchi golni urib «Barsa»ni «ko‘mib qo‘yishi» ham mumkin edi, ammo Valverdening uzoq burchakka berilgan zarbasi ustundan qaytdi, Vaskesning qaytgan to‘pga bergan zarbasini esa Mark-Andre Ter Shtegen qaytardi.
Valverdening jarohati — o‘yinda burilish nuqtasidek edi. Zidan ishonch bildirmayotgan Alvaro Odriosola (u birinchi bo‘lim oxirida jarohatlangan Vaskesning o‘rniga tushgandi) har tomonlama kuchsiz ko‘rindi. Shu tufayli ikkinchi bo‘limda Jordi Alba bemalol boshini ko‘tarib o‘ynay boshladi va yakunda Oskar Mingesaning goli ro‘y berdi. Albatta, bu golda bir himoyachidan voz kechgan Kumanning taktik qarorlari ham o‘z hissasiga ega.
«Real» tajribali, ammo nisbatan yoshi kattaroq jamoa, bu esa vaqt o‘tgan sayin o‘z ta'sirini ko‘rsata boshladi, toliqqan futbolchilar hududlarni yopishga ulgurmay qolishdi. Zidan nafaqat futbolchilarni almashtirdi (Kroos, Benzema va Vinisius maydondan olinib, Isko, Marselo va Dias tushirildi, avvalroq jarohatlangan Valverde o‘rniga Asensio o‘ynay boshlagandi), balki sxemani ham o‘zgartirdi (4-5-1), markaziy himoyadagi muammolarni futbolchilar sonini oshirish orqali hal etishga to‘g‘ri keldi - Kazemiro orqaroqqa qaytdi, Marselo va Asensio qanot yarimhimoyachilari sifatida o‘ynadi.
So‘nggi 20 daqiqa butunlay ochiq o‘yin namoyish etildi: kataloniyaliklar to‘pga egalik qilish bo‘yicha qariyb 80 foizlik ko‘rsatkich qayd etishdi, madridliklar esa qarshi hujumlarda ajoyib imkoniyatlarga ega bo‘lishdi (Marselo yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi).
Ayrim pallalarda «Real» so‘nggi kuchlarini sarflab himoyalandi. Jamoa yana gollar urib raqibni sindira olmadi, chunki «Liverpul»ga qarshi o‘yinda benefisini o‘tkazgan Vinisius bu o‘yinda hujumlarni yakunlashda haqiqiy zararkunandaga aylandi. Odriosola yana bir xato qildi, bu xato esa mojaroli epizodga sabab bo‘ldi. 83-daqiqaga to‘g‘ri kelgan bu hujum vaqtida Ferlan Mendi darvoza ustuni yaqinida Martin Breytueytni qo‘lidan tortib yiqitdi, bu vaziyatda hech qanday jinoyat ko‘rmagan Xil Mansanoni «Barsa» futbolchilari parchalab tashlashiga bir baxya qoldi.
This is a clear penalty
— Cule Stegen (@CuleStegen) April 10, 2021
1. Mendy did not go for the ball
2. Mendy had contact with Braithwaite instead
3. Jordi Alba gets booked for complaining
4. Ronaldo Koeman gets booked for complaining
5. Where is VAR when you need them?
*Just spoiled El Classico for me pic.twitter.com/Znu1FyC1VQ
«Barselona» muxlislari mag‘lubiyatga Xesus Xil Mansanoning hakamligi sabab bo‘lganiga shubha qilishmayapti. Qizig‘i, Ispaniya chempionatining ikkinchi davrasidagi eng asosiy o‘yinni ushbu referi boshqarishi rejalashtirilmagandi, ammo o‘yin boshlanishiga bir kun vaqt qolganida Mateu Laos jarohatlandi va uning o‘rnini Mansano almashtirdi.
Kataloniyaliklar klubining noroziligi bir necha epizod bilan bog‘liq. Ularning fikricha, «Real»ning birinchi goli urilgan hujum Leo Messiga ishlatilgan fol bilan boshlangandi. Ammo videotakrorlar Mansano to‘g‘ri qaror qabul qilganini ko‘rsatdi. Lekin birinchi bo‘limdagi yana ikki qaror juda bahsli. Toni Kroos gol urgan jarima zarbasi belgilanmasligi ham mumkin edi, chunki Vinisius Junior o‘z tashabbusi bilan yiqilgandi. Usmon Dembele «Real» jarima maydonida Ferlan Mendi bilan kontaktdan keyin yiqilishi esa chindan ham qoida buzilishiga o‘xshab ko‘ringandi. Agar Mansano Vinisius Juniorga ishongan bo‘lsa, unda nega Dembele va Mendi o‘rtasidagi yakkakurashga e'tibor qaratmagan? Bundan tashqari, «Barselona» yana bir vaziyatda penalti tepish huquqiga ega bo‘lishi mumkin edi, o‘shanda Kazemiro jarima maydoni ichida Kleman Langleni tepgandi, ammo hakam hujumda fol qayd etdi.
O‘yin yakunidagi shiddat
Ochiq futbol maydon markazidan hujumlar sonini oshirdi, natijada Kazemiro so‘nggi daqiqalarda ikki sariq kartochka oldi.
Ammo kuchli yomg‘ir ostida muzlab qolgan va futbolkasini almashtirishga majbur bo‘lgan Messi jarima zarbasidan yana gol ura olmadi, umuman, u «Real»ga qarshi o‘yinlarda qatorasiga yettinchi o‘yinda gol urolmayapti (Krishtianu Ronaldu ketganidan beri).
Mehmonlar 90-daqiqadan keyin 6 marta zarba berishdi. Kuman o‘yinni qutqarish uchun tushirgan 18 yoshli Ilaysh Moriba Kataloniyaning yangi qahramoniga aylana olmadi, Kurtua u bergan zarbaga yeta olmadi, ammo to‘p to‘singa tegdi. So‘nggi standart vaziyatda ter Shtegen ham raqib jarima maydoniga yetib keldi, lekin u faqat Albaga xalaqit berishga yaradi, Albaning zarbasi o‘yindagi so‘nggi hodisa bo‘lib qoldi.
Birinchi bo‘limdagi o‘yindan keyin «Real»ning g‘alabasi muqarrardek edi, ammo ikkinchi bo‘lim keskin va asabiy kechdi. Shuningdek, hissiyotlarga boy ham — bu so‘nggi yillardagi eng yorqin klasikolardan biri bo‘ldi. Bu kuni ispan grandlari xonaki maydonda ham haqiqiy shou uyushtirib bera olishlarini ko‘rsatishdi. Balki, durang hisob adolatli yakun bo‘lardi, ammo «Real» muhim o‘yinlarda aql bilan harakat qilib, natijaga erishish an'anasini davom ettirdi. «Real» o‘z imkoniyatlaridan maksimum foydalandi, «Barselona» esa yo‘q. Lekin jamoa bitta goldan ko‘proqqa munosib o‘ynadi.
Endi chempionatda intriga yanada kuchaydi. Mag‘lubiyat «Barselona»ni chempionlik poygasidan chiqarib yubormaydi, ammo endi «Real»da yaqqol ustunlik paydo bo‘ldi: kataloniyaliklarni hali oldinda «Atletiko» bilan o‘yin kutmoqda, bu ikki jamoa ham «Real»ga qarshi o‘yinlarda ortda qoladi.
• Messi o‘yinda 7 bor zarba berdi, ammo gol urolmadi. U klasikolarda so‘nggi 21 zarbasidan gol urolmagan. Leo «Real»ga qarshi so‘nggi 7 o‘yinni (567 daqiqa) golsiz tark etmoqda – argentinalik futbolchi «Madrid»ni Krishtianu Ronaldu tark etganidan beri klasikolarda gol urmay qo‘ydi.
• Messi 45-klasikosini o‘tkazdi – u faoliyatida «Real»ga qarshi ilk o‘yinni 2005-noyabrida o‘tkazgandi. Hozir Leo klasikodagi ishtiroki soni bo‘yicha – kechagi o‘yinni jarohati tufayli tribunadan kuzatgan Serxio Ramosga tenglashib oldi.
• «Real» uchun bu qatorasiga 13-bor mag‘lubiyatsiz o‘yin o‘tkazishi bo‘ldi: 11 g‘alaba va 2 durang. 1:1 hisoblaridagi duranglardan oldin va keyin («Sosedad» va «Atletiko»ga qarshi o‘yinlar) kuchli o‘yinlar o‘tkazilgan, jumladan, YeChLda uch g‘alaba. Madridliklarning keyingi o‘yini – yevrokubok doirasida «Liverpul»ga qarshi safarda kechadi.
• Karim Benzema La Ligada qatorasiga yetti o‘yinda gol urdi – u bu ikki oylik davrda jami 9 golga muallif bo‘lgan, «Elche» va «Selta» darvozalariga dubl qayd etilgan. Endi fransuz to‘purarlar poygasida Messining asosiy ta'qibchilari qatorida: uning hisobida Suares va Morenoniki kabi 19 gol bor, Leo 23ta gol urgan.
• Bu klasikoga qadar Benzema La Liga o‘yinlarida «Barsa»ga qarshi klasikolarda to‘qqiz o‘yin davomida gol urmagan – besh yil. Ispaniya Superkubogi o‘yinlari hisobga olinsa, uning quruq seriyasi 3,5 yil davom etgan. Endi Karimning «Barsa»ga qarshi o‘yinlardagi gollari soni 10taga yetdi, shuningdek, 9 assist (jami 36 o‘yinda).
• «Real» klasikolarda jarima nuqtasidan gol urmaganiga 20 yildan ortiq vaqt bo‘lgandi. 2000 yilda Roberto Karlos jarima zarbasini golga aylantirgandi.
Mavzuga oid
12:02 / 22.12.2024
«Barsa»da inqiroz, «Siti»da antirekord. Kun o‘yinlari
11:12 / 19.12.2024
«Real»da yangi sovrin, «Arsenal»ga hakamlar yordam berdi, Shomurodov gol urdi
12:24 / 16.12.2024
«Barsa» yana autsayderga yutqazdi, «Siti» kambek qurboni. Kun o‘yinlari
12:23 / 15.12.2024