Sport | 12:23 / 15.12.2024
12510
22 daqiqa o‘qiladi

«Liverpul» ochko yo‘qotdi, «Real» uchta gol o‘tkazdi. Kun o‘yinlari

«Bavariya» bundesligada ilk bor yutqazdi. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Foto: Quality Sport Images/Getty Images

Angliya: Nottinghemda ajoyib yakun

«Liverpul» – «Fulhem» 2:2
Gollar:
0:1 – 11 Pereyra, 1:1 – 47 Gakpo, 1:2 – 76 Rodrigo Muniz, 2:2 – 86 Diogu Jota.
«Liverpul» – Alisson, Roberson, van Deyk, Gomes, Aleksander-Arnold (Diogu Jota, 79), Soboslai (Elliot, 79), Gravenberh, Jons (Kuansa, 70), Gakpo (Nunes, 70), Dias, Saloh.
«Fulhem» – Leno, Robinson, Kuenka, Diop, Tete (Kastan, 55), Lukich, Berge, Uilson (Traore, 87), Pereyra (Smit-Rou, 69), Ivobi, Ximenes (Rodrigo Muniz, 68).
Chetlatish: Roberson (17).

«Liverpul» odatda «Enfild»dagi o‘yinlarni juda kuchli boshlaydi, bu safar esa avvalboshdan muammolarga yo‘liqdi. Birinchidan, Robinsonning uzatmasidan keyin Andreas Pereyra yiqila turib havodagi to‘pni darvoza to‘riga yo‘lladi. Ikkinchidan, ushbu golli hujumda xatoga yo‘l qo‘ygan Roberson biroz o‘tib yakkama-yakka vaziyatga chiqib borayotgan Uilsonni to‘xtatib, qizil kartochka oldi.

Qolaversa, Arne Slot bu o‘yinda diskvalifikatsiya tufayli Mak Allisterning xizmatlaridan foydalana olmasdi. Qizillar 17-daqiqadan bir kishi kam bo‘lib o‘ynagani hisobga olinsa, yakundagi durangni ular uchun yaxshi natija deyish mumkin.

Ikkinchi bo‘limni mezbonlar Salohning ushbu jamoadagi 100-golli pasi va Gakponing qaytarib bo‘lmas zarbasi bilan boshladi va muxlislarda «Liverpul» kambek qilishiga umid paydo bo‘ldi. Mezbonlar tom ma’noda «Fulhem» darvozasini qamal qilishdi, ammo qarshi hujumda Robinsonning Rodrigo Munizga ikkinchi golli uzatmasi tufayli yana bir gol o‘tkazib yubordi. Oktyabr oyida jarohat olganidan buyon shanba kuni ilk bor maydonga qaytgan Diogu Jota esa jamoasiga durang olib keldi. Portugaliyalik hujumchi jarima maydoni yaqinida Nunesdan uzatma qabul qilib, chiroyli fint bilan himoyachini yo‘ldan oldi va to‘pni darvoza to‘riga yo‘naltirdi.

«Arsenal» – «Everton» 0:0
«Arsenal» – Rayya, Gabriel, Saliba, Lyuis-Skelli (Parti, 69), Timber, Merino (Gabriel Jyezus, 69), Rays (Jorjino, 62), Edegor (Nvaneri, 62), Martinelli (Trossar, 74), Haverts, Saka.
«Everton» – Pikford, Mikolenko, Brentueyt, Tarkovski, Yang, Dukure, Guyye, Mangalya, Ndiay, Kalvert-Lyuin (Broya, 66), Harrison (Lindstrem, 66).

«Liverpul» «Fulhem»ga qarshi o‘yinda ochko yo‘qotgan ilk grand emasdi. Bir tur oldin «dachaliklar» «Arsenal» bilan durang o‘ynagandi (1:1). Hafta o‘rtasida Chempionlar ligasida «Monako»ni yirik hisobda mag‘lub etgan (3:0) «kanonirlar» esa APLda yana g‘alaba qozona olmadi. Bu mavsumda bir o‘yindagi aniq uzatmalar soni bo‘yicha (682) rekord o‘rnatgan  «Arsenal» ko‘plab golli vaziyatlar yarata olmadi. Yaratilgan vaziyatlarda esa aniqlik yetishmadi, birinchi bo‘lim o‘rtalarida Edegor jarima maydoni markazida turib yo‘llagan zarbani Pikford to‘sib qoldi. Shanba kungi duranglar «Chelsi» uchun sovg‘a bo‘ldi, o‘z o‘yinini yakshanba kuni o‘tkazadigan ko‘klar Mikel Arteta jamoasidan o‘zib ketishi va «Liverpul» bilan oradagi farqni qisqartirishi mumkin. Lekin mersisaydliklarda «Everton»ga qarshi qoldirilgan o‘yin ham bor.

«Nottinghem Forest» – «Aston Villa» 2:1
Gollar:
0:1 – 63 Duran, 1:1 – 87 Milenkovich, 2:1 – 90+3 Elanga.
«Nottinghem Forest» – Zels, Uilyams, Murillo (Morato, 68), Milenkovich, Ayna, Anderson, Yyeyts (Silva, 68), Hadson-Odoi (Boli, 90+4), Gibbs-Uayt, Dominges (Elanga, 77), Vud.
«Aston Villa» – Martines, Din (Matsen, 90+1), Pau Torres, Diyego Karlos, Konsa, Tilemans (Onana, 74), Kamara (Barkli, 90+1), Makginn, Rojyers, Kesh, Duran (Uotkins, 74).

Nottinghemdagi uchrashuv kuchli to‘rtlikka kirishga urinayotgan jamoalar maqomiga mos kechdi. O‘yinning bir soati o‘tganida Emiliano Martines to‘pni darvoza chizig‘i ustida to‘xtatib qolib, tur seyvini amalga oshirdi, bir necha daqiqa o‘tib esa «Aston Villa»ning hujumi Makginn jarima maydoni markazida turgan Duranga golli uzatma yetkazib berishi bilan yakunlandi.

Ammo bu epizodlar hal qiluvchi bo‘lib chiqmadi va o‘yin oxirida «Nottinghem» barchasini 180 darajaga o‘zgartirdi. Avvaliga «o‘rmonchilar»ning eng yaxshi to‘purari Vud urgan gol VAR aralashuvi bilan bekor qilindi, unga assistentlik qilgan Elangada mikroskopik ofsayd aniqlandi. Bunday vaziyatlarda ko‘p jamoalar sinib qoladi, ammo Nunu Eshpirinu Santu so‘nggi daqiqalarda haqiqiy shturm uyushtirib, ikkita gol urishga erishdi. Burchak zarbasi amalga oshirilganida Gibbs-Uayt hujumni ikkinchi tempda davom ettirib, to‘pni Milenkovichning boshiga yetkazib berdi, qo‘shimcha daqiqalarda Anderson to‘pni olib qo‘yishi Elangaga golli uzatma bilan yakunlandi.

«Nottinghem» bu g‘alaba evaziga kamida yakshanba kungi Manchester derbisi yakunigacha «Siti»ni to‘rtinchi o‘rindan tushirdi. E’tiborli jihati, «o‘rmonchilar» APLda atigi ikkinchi bor 90-daqiqadan keyin g‘alaba golini urdi, bunaqasi birinchi bor 1995 yilda kuzatilgan. «Aston Villa» esa qo‘shimcha daqiqalarda o‘tkazib yuborilgan gollar tufayli yutqazish (25) bo‘yicha turnir tarixida faqat eng omadsiz «Tottenhem»dan ortda (27).

Ispaniya: xavfli «asalarilar»

«Rayo Valekano» – «Real» 3:3
Gollar:
1:0 – 4 Unai Lopes, 2:0 – 36 Mumin, 2:1 – 39 Valverde, 2:2 – 45 Bellinghem, 2:3 – 56 Rodrigo, 3:3 – 64 Palason.
«Rayo Valekano» – Batalya, Chavarriya, Mumin, Lejyen, Ratsiu, Embarba (Garsiya, 54), Unai Lopes (Dias, 66), Siss (Oskar Valentin, 60), De Frutos (Baliu, 66), Palason, Nteka (Kamelo, 60).
«Real» – Kurtua, Fran Garsiya, Ryudiger, Tchuameni, Vaskes (Endrik, 79), Modrich (Kamavinga, 72), Valverde, Braim Dias (Vinisius Junior, 63), Bellinghem, Gyuler (Sebalos, 79), Rodrigo.
Ogohlantirishlar: Batalya (27), Nteka (34), Palason (44), Modrich (62), Vinisius Junior (74).

Hafta o‘rtasida YeChLda «Atalanta»ga qarshi kechgan o‘yinda muxlislarini asabiylashishga majbur qilgan «Real» Madrid chekkasidagi o‘yinda ham 4-daqiqadayoq gol o‘tkazib yubordi. De Frutosning uzatmasidan keyin Unai Lopes to‘pni Kurtuaning bo‘sh qolgan tomoniga yo‘lladi. «Rayo» futbolchilari to‘xtash haqida o‘ylamadi va tashabbusga egalik qilishda davom etdi. Amaldagi chempionlarning himoya chizig‘idagi muammolardan foydalanib, «asalarilar» yana bir bor «ikkinchi qavat»dan gol urishdi — burchak zarbasi ijro etilganida Mumin bosh bilan aniq zarba berdi. Darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan ikki zarba — ikki gol.

Lekin hisob 2:0 ko‘rinishiga kelgach, Karlo Anchelotti shogirdlari uyg‘onishdi, Valverdening uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi mezbonlar himoyasiga tegib trayektoriyasini biroz o‘zgartirdi va darvozabonni ilojsiz qoldirdi. Tanaffus arafasida esa hisob tenglashdi. Rodrigoning qanotdan uzatmasidan keyin Bellinghem qatorasiga oltinchi o‘yinda darvozani ishg‘ol etdi (la ligada hujumchi pozitsiyasida bo‘lmagan futbolchilar 72 yildan buyon bunday ko‘rsatkich qayd eta olmagandi).

«Real»da hali zaxirada o‘tirgan Vinisius Junior ham bor edi, ammo Anchelotti yaqinda jarohatdan tuzalgan forvardni jangga tashlashga shoshilmadi. U maydondagilarga ishonch bildirdi va Rodrigo uyaltirmadi — bu holatda ham kichik rikshoshet orqali to‘p to‘sin ostiga uchib bordi. Braziliyalik vinger uchun bu 24 sentabrdan buyon ilk gol urishi edi. Ammo «Rayo» nokautga uchramadi va javob qaytardi, Lejyenning uzatmasiga yetib kelgan Palason bir teginishda Kurtuani ilojsiz ahvolda qoldirdi. Baribir maydonga tushirilgan Vinisius gol urishiga esa darvozabon yo‘l qo‘ymadi. U o‘zini ushlab qolgan «Rayo Valekano» futbolchisi sariq kartochka olmagani uchun norozilik bildirdi, hakam esa uning o‘zini ogohlantirdi. Bu joriy mavsumdagi beshinchisi bo‘ldi va u endi 22 dekabr kuni «Sevilya»ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Yana bir vaziyatda unga jarima maydoni chizig‘i ustida fol ishlatildi, ammo hakam buni e’tiborsiz qoldirdi.

Madridliklarda beqaror natijalar davom etmoqda va «Barselona» bu turda g‘alaba qozonsa, «Real» yana soyadagi yetakchi maqomini yo‘qotadi. Lekin jamoa uchun Valekasdagi muvaffaqiyatsiz natijalar — an’anaga aylanib qolgan. Qaymoqranglilar bu yerdagi so‘nggi besh o‘yinidan faqat bittasida g‘alaba qozongan, shanba kungi natija — qatorasiga uchinchi durang bo‘ldi.

Italiya: «Yuventus»da duranglar seriyasi

«Kalyari» – «Atalanta» 0:1
Gol:
0:1 – 66 Dzaniolo.
«Kalyari» – Sherri, Luperto, Mina, Dzappa, Audjyello (Obert, 71), Deyola (Gaetano, 71), Makumbu (Marin, 77), Adopo, Dzortea (Pavoletti, 77), Pikkoli, Luvumbu (Felichi, 53).
«Atalanta» – Karnezekki, Kolashinats, Xin (Jimshiti, 46), Kossunu, Breshianini (de Ron, 46), de Ketelare (Dzaniolo, 64), Rudjyeri, Ederson, Pashalich (Samardjich, 64), Bellanova, Retegi (Lukman, 46).

Birinchi bo‘lim davomida «Atalanta» barcha kuchini Chempionlar ligasida qoldirgandek taassurot uyg‘ondi, bergamoliklar «Real» bilan og‘ir o‘yinda 2:3 hisobida yutqazgandi. Agar Karnezekki bo‘lmaganida, «Kalyari» o‘yinni tanaffusga qadar hal qilishi mumkin edi, u avvaliga olis burchakka yo‘naltirilgan to‘pni olib chiqdi, keyn esa ikki bor yaqin masofadan yo‘llangan zarbalarni to‘sdi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida esa uning bu harakatlari bejiz ketmadi va mehmonlar g‘alaba golini urishdi. Samarjich to‘pni o‘ng qanotga o‘tkazdi, u yerdan Bellanova jarima maydoniga uzatma berdi, Dzaniolo to‘pga bir teginishda darvozani ishg‘ol etdi. Jan Piyero Gasperini jamoasi nafaqat turnir jadvalidagi peshqadamlik saqlanib qolinishini kafolatladi, balki o‘z tarixida ilk bor A seriyada qatorasiga o‘n o‘yinda g‘olib bo‘ldi.

«Udineze» – «Napoli» 1:3
Gollar:
1:0 – 22 Toven, 1:1 – 50 Lukaku, 1:2 – 76, avtogol Janetti, 1:3 – 81 Zambo-Angissa.
«Udineze» – Sava, Janetti (Bravo, 83), Biyol, Kristensen, Zemura (Modeshtu, 83), Ekkelenkamp (Abankva, 83), Karlstrem, Lovrich (Atta, 34), Exizibue (Kamara, 70), Toven, Lukka.
«Napoli» – Meret, Olivera, Buondjorno, Rraxmani, Di Lorenso, Maktominey, Lobotka (Gilmor, 89), Zambo-Angissa, Neres (Raspadori, 85), Lukaku (Simeone, 80), Politano (Ngonj, 85).

Bergamoliklarning asosiy ta’qibchisi «Napoli» ham bu turda qiynaldi, jarohat tufayli Kvaraxseliya qatnashmagan o‘yinning birinchi bo‘limi o‘rtalarida janubliklar darvozasiga penalti belgilandi. Meret Tovenning zarbasini qaytargan bo‘lsa-da, fransuz qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelib, hisobni ochdi. Antonio Konte tanaffusda jamoasini o‘ziga keltira oldi va ikkinchi bo‘lim boshida Maktominay himoyachilar orasidan o‘tkazib bergan pasga Lukaku yetib borib, muvozanatni tikladi. Hisob 1:1 ko‘rinishiga kelgach, neapolitanliklar asta-sekinlik bilan bosimni kuchaytirdi, yakunda David Neresning reydi «Udineze» himoyachisi o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘yishi bilan yakunlandi. «Zebralar» bu zarbadan bosh ko‘tarishga ulgurmasidan uchinchi gol ham urildi — Zambo-Angissa mezbonlar mudofaa chizig‘iga yorib kirib yakuniy natijani o‘rnatdi. «Napoli» endi «Inter»ning yakshanba kungi o‘yini natijasidan qat’i nazar ikkinchi o‘rinda qoladi.

«Yuventus» – «Venetsiya» 2:2
Gollar:
1:0 – 19 Gatti, 1:1 – 61 Ellersson, 1:2 – 83 Idzes, 2:2 – 90+5 Vlahovich
«Yuventus» – Di Gregorio, Danilo (Lokatelli, 86), Kalulu, Gatti, Savona (Fajoli, 80), Tyuram, Makkenni, Yildiz (Gonsales, 86), Kopmeyners (Duglas Luis, 66), Vea (Fransishku Konseysau, 65), Vlahovich.
«Venetsiya» – Stankovich, Shverko, Svoboda (Altare, 32), Idzes, Buzio, Oristanio (Gyutkyayer, 81), Dzampano, Ellersson (Chrnigoy, 81), Nikolussi-Kavilya, Andersen (Kandela, 74), Pohyanpalo (Yyeboa, 74).

Hafta o‘rtasida «Manchester Siti»ga qarshi qiyin uchrashuv o‘tkazgan «Yuventus» bu o‘yinni ham kuchli boshladi. Turinliklar golni kechiktirishmadi va burchak zarbasi ijro etilganida Tyuram to‘pni olis ustun yaqinida turgan Gattiga oshirib berdi. Faqat mezbonlar muvaffaqiyatni rivojlantira olmadi va «Venetsiya» ikkinchi bo‘limda javob qaytardi. Ellersen qanotdan uzatilgan to‘pni darvoza to‘riga yo‘llaganida uni qo‘riqlashi kerak bo‘lgan Savona sustkashlik qildi. Faqat bu hali hammasi emasdi, «Keksa sinioralar» turnir jadvalining so‘nggi pog‘onasida borayotgan jamoaga o‘z uyida yutqazib qo‘yishi ham mumkin edi.

Indoneziyalik himoyachi Idzes A seriyadagi ilk golini urdi, jarima zarbasidan to‘p oshirib berilganida uni qo‘riqlashi kerak bo‘lgan Gatti antiqahramonga aylandi. Ammo o‘tgan turda bo‘lgani kabi, «Yuve» qo‘shimcha daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. «Bolonya» bilan o‘yinda Vlahovich hal qiluvchi golga uzatma bergandi. Endi — Fransishku Konseysauning zarbasidan keyin to‘p darvozabondan qaytganida himoyachilar qo‘li bilan to‘pni o‘ynaganida qo‘yilgan penaltini aniq ijro etdi. Turinliklar xarakter namoyish etmoqda, ammo jamoa ichki chempionatda qatorasiga uch o‘yinda durang o‘ynadi. Va 16 turdan keyin atigi olti g‘alabaga erishdi, Tiago Mottaning ilk mavsumida jamoa 1998 yildan buyon eng yomon startni qayd etmoqda.

Germaniya: intriga jonlandi

«Augsburg» – «Bayyer» 0:2
Gollar:
0:1 – 14 Tere, 0:2 – 40 Virts.
«Augsburg» – Labrovich, Shlotterbek, Gaueleu, Matsima, Yakich, Mayyer (Kemyur, 46), Oneka (Mune, 87), Yannulis (Kudossu, 59), Volf, Tits (Klod-Moris, 59), Essende (Vargas, 76).
«Bayyer» – Gradetski, Inkapie, Ta, Tapsoba, Virts, Tella (Aleish Garsiya, 87), Grimaldo (Belosyan, 90+2), Andrix (Palasios, 87), Chaka, Frimpong (Artur, 90+2), Tere (Shik, 68).

O‘tgan turda «Augsburg» «Ayntraxt»dan ochko tortib olib (2:2), o‘zi istamagan holda leverkuzenliklarga yordam berib yuborgandi, ammo «Bayyer»ning o‘ziga qarshi o‘yinda hech narsa qilolmadi. Amaldagi chempionlar birinchi bo‘limdayoq barcha masalani hal qilib, barcha turnirlar hisobga olinsa, qatorasiga yettinchi g‘alabasiga erishdi. Birinchi golli hujumni Chaka boshlab berdi, uning diagonalidan keyin Frimpong raqib jarima maydoniga yorib kirdi, niderlandiyalik himoyachining uzatmasidan Terre unumli foydalandi. Keyin esa Virs muvaffaqiyati mustahkamladi. Kamida «Leypsig» va «Ayntraxt» o‘rtasida yakshanba kuni bo‘lib o‘tadigan o‘yin yakuniga qadar Habi Alonso jamoasi ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. Chempionatda ilk bor yutqazgan «Bavariya» bilan oradagi farq kutilmaganda to‘rt ochkogacha qisqardi.

«Mayns» – «Bavariya» 2:1
Gollar:
1:0 – 41 Li Je Son, 2:0 – 60 Li Je Son, 2:1 – 87 Sane.
«Mayns» – Tsentner, Bell, Yyens, Kor, Li Je Son, Nebel (Xon Xen Sok, 84), Mvene, Amiri, Sano, Kasi, Burkardt (Zib, 15).
«Bavariya» – Perets, Gerreyru (Goretska, 58), Kim Min Je, Dayyer (Tel, 64), Laymer, Pavlovich (Boe, 58), Kimmix, Sane, Musiala, Olise, Myuller.

«Mayns» har yili o‘z stadionida «Bavariya»ni mag‘lub etish an’anasiga sodiq qolgan holda bundesligaga intriga qaytardi va o‘zi ham turnir jadvalida oltinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Myunxenliklar 2021 yildan buyon Maynsdagi o‘yinlarda to‘rt bor yutqazib, faqat bir g‘alabaga erishgan. Garchi mezbonlar kubok turnirlarda muntazam ravishda yirik hisobda taslim etilgan bo‘lsa-da. Ammo «Mayns» barchasini yodda saqlaydi va qasd oladi. Bu safar — mart oyida Myunxendagi sharmandali hisob (1:8) va oktyabr oyida Germaniya Kubogidagi 0:4 hisobida uchralgan mag‘lubiyat uchun.

O‘yinda kutilganidek «Bavariya» ustunlik qildi, Olise esa hisobni ochishi mumkin edi, ammo uning zarbasidan keyin to‘p ustunga bordi. Boshqa tomondan, maydon markazida himoyachilardan qochib ketgan Burkardt mehmonlarni kechirdi. Va bu «Mayns»ning yagona vaziyati bo‘lib qolmadi, Li Je Sonning hisobni ochuvchi goli o‘yin mantig‘idan kelib chiqdi. Va aynan u ikkinchi bo‘limda mezbonlarning hisobdagi ustunligini oshirdi, myunxenliklar bunga faqat o‘yin oxirida Sane urgan gol bilan javob qaytardi. Germaniya chempionatida ham kurash avj olmoqda.

Fransiya: «PSJ» uchun sovg‘a

«Marsel» – «Lill» 1:1
Gollar:
1:0 – 17 Merlen, 1:1 – 87 Diakite.
«Marsel» – Ruli, Balerdi, Murilo, Kondogbia, Rabio, Grinvud (Nadir, 84), Merlen (Lirola, 75), Ronjye (Kornelius, 74), Hyoyberg, Luis Enrike, Mope (Rou, 88).
«Lill» – Shevale, Gudmundsson, Alessandro, Diakite, Mandi (Mene, 65), Mukau (Andre Gomesh, 65), Andre, Fernandes Pardo (Sahraviy, 65), Haraldsson (Kabella, 81), Jyegrova (Bakker, 46), Devid.
Chetlatish: Lirola (90+5).

Turning markaziy uchrashuvida yetakchilar guruhidagi ikki jamoa to‘qnashdi, o‘yinning katta qismi «Marsel» nazoratida o‘tdi, birinchi bo‘limning birinchi qismidayoq hisobni ochgan jamoa g‘alabani saqlab qolib, ikkinchi o‘rinni mustahkamlashi kutilgandi. Ammo Merlenning goli yakunda g‘alabani ta’minlamadi va faqat 15 turdan keyingi sermahsullik bo‘yicha (32 gol) so‘nggi yarim asrdagi rekord natija qayd etish uchungina yetarli bo‘ldi. Jamoa yana gol urishi talab etilardi, ammo Mopening zarbasi ustunga tegdi, qolgan vaziyatlarda «Lill»ni Shevale qutqardi. Darvozabon sheriklariga 21 sentbyardan buyon davom etayotgan mag‘lubiyatsiz seriyani davom ettirishga imkon qoldirdi va bu vazifa uddalandi, endi jamoaning barcha turnirlar doirasidagi mag‘lubiyatsiz seriyasi 16 o‘yinni tashkil etmoqda. «Itlar» jamoasini Kabellaning jarima maydoniga uzatmasini boshi bilan golga aylantirgan Diakite mag‘lubiyatdan qutqardi. Bryuno Jyenezio jamoasi to‘rtinchi o‘rinda qoldi, ammo yakshanba kuni «Lion» «PSJ»ni mag‘lubiyatga uchratsa, bu o‘rinni tortib olishi mumkin.

Kun statistikasi

«Feyyenoord» hujumchisi Himenes tanaffusgacha het-trik qayd etib, klubda Dirk Kyuyt 2015 yilda qayd etgan natijani takrorladi.

PSV 2017 yil yozidan buyon ilk bor qatorasiga 2 uchrashuvda gol urmasdan yutqazdi.

«Real» yarimhimoyachisi Valverde bu mavsumda jarima maydoni tashqarisidan urgan gollari sonini 4 taga yetkazib, bu borada top-5 ligalarda yaqqol yetakchilik qilmoqda.

Bu mavsumda «Aston Villa» safida 5 o‘yinda boshlang‘ich tarkibga kiritilgan kolumbiyalik hujumchi Duran bu uchrashuvlardan har birida gol urdi.

«Boavishta» 18 yildan buyon ilk bor «Sporting» maydonida ikki gol urishga erishdi.

Antonio Konte boshqaruvidagi jamoalar so‘nggi yetti mavsumdan beshtasida Italiya chempionatining 16-turidan keyin 35 ochko jamg‘argan. Bu turnir tarixidagi eng yaxshi ko‘rsatkich.

Mavzuga oid