O‘zbekiston | 11:46 / 23.03.2021
52993
4 daqiqa o‘qiladi

«Oxirgi 10 kunda bemorlarimiz ko‘paydi» – Zangiotadagi maxsus shifoxonadan reportaj

Zangiotadagi 1-sonli yuqumli kasalliklar maxsus shifoxonasiga koronavirusga qayta chalingan bemorlar ham yotqizilgani ma'lum bo‘ldi.

2021 yilning 15 mart sanasidan boshlab O‘zbekistonda karantin qoidalari qat'iylashtirildi. Bu ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq turli xabarlar tarqalishiga sabab bo‘ldi. Kun.uz muxbiri Zangiotadagi 1-sonli yuqumli kasalliklar maxsus shifoxonasidan reportaj tayyorladi.

Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan ushbu kasalxona 2ta blokdan iborat bo‘lib, ayni paytda faqat bitta blok bemorlarga xizmat ko‘rsatmoqda. Ikkinchi blok esa konservatsiya qilingan.

Mazkur yuqumli kasalliklar shifoxonasida 2000ta davolash o‘rni mavjud. Hozirda bu yerda 720 nafar koronavirusga chalingan bemorlar davolanishmoqda.

Shifoxona direktori Anvar Husanovning aytishicha, shifoxona qamrovining 30-35 foizi bemorlar bilan band. «Oxirgi 10 kun mobaynida bemorlarimiz soni ko‘paydi. So‘nggi 2 oylarda bir kunda 30-35 nafar bemor murojaat qilgan bo‘lsa, ulardan 20-25 nafari Covid-19’dan davolanish uchun yotqizilayotgan edi.

Hozirgi vaqtda kuniga 50-60 nafargacha bemor qabul qilyapmiz. 1400ga yaqin zaxira o‘rinlarimiz shay holatda turibdi, agar koronavirus infeksiyasining yangi to‘lqini boshlangudek bo‘lsa, ulardan foydalanamiz. Shu bilan birga, dori-darmonlar ham zaxira qilingan. «Remdesivir», «favipiravir» kabi dorilar bilan ham ta'minlanganmiz. 3 oylik dori-darmon zaxirasiga egamiz», deydi u.

Anvar Husanovning ta'kidlashicha, so‘nggi murojaatlar orasida bolalarning kasallanish holatlari birmuncha ko‘paygan.

«Avvalgi to‘lqinda bolalarning koronavirus infeksiyasiga chalinish holatlari juda kam edi. Hozirda kunlik murojaatlarning 7-8 foizi ushbu kasallikka chalingan bolalardan tushmoqda. Buni britancha shtamm bilan bog‘lasak ham bo‘ladi, navbatdagi to‘lqin bilan bog‘lasak ham bo‘ladi.

Bolalarda kasallik ko‘payishini yana bir holat bilan bog‘liq deyish mumkin: bu kasallik yurtimizga kirib kelganda karantin joriy qilinib maktab, bog‘cha kabi muassasalar yopilgan edi. Shu sabab bolalar orasida bu kasallik kam kuzatilgan edi. Hozir bu maskanlar faoliyat yuritmoqda, shuning uchun kasallanish holatlari bolalar orasida ham ko‘proq kuzatilyapti», dedi shifoxona direktori.

Shifoxonadagi 5-bo‘lim 80 nafar bemorga mo‘ljallangan bo‘lib, shu kunlarda bu bo‘limda 36 nafar bemor davolanyapti. Direktor o‘rinbosari Olimjon Isxakov koronavirusga qayta chalinib murojaat qilgan va davolanayotgan bemorlar ham borligini aytdi.

«Koronavirusga chalinib, tuzalib chiqib ketgan bemorlarda yana shu holat kuzatilgan holatlar bor. Lekin buning aniq sonini belgilash juda mushkul. Ko‘p holatlarda bu belgilarsiz o‘tib ketadi. Lekin bunaqa holatlar bor. Qayta chalinmaslik uchun avvalo, xotirjamlikka berilish kerakmas. Chunki hali pandemiya tugamadi. Bu kasaldan tuzaldim, boshqa chalinmayman, degan fikr noto‘g‘ri. Karantin qoidalariga rioya qilish kerak», deydi u.

Shifoxonada 200dan ortiq reanimatsiya o‘rinlari bor. Shundan bugungi kunda 125 nafar og‘ir va o‘rta og‘ir ahvoldagi bemorlar uchun joylar band qilingan. Bo‘limda 50-60ta zaxira o‘rinlari mavjud.

Shifoxonada bemorlar ko‘paygani rost. 2021 yil hisobiga ilk bor shunday holat kuzatilmoqda. Ammo holat hozircha 2020 yil yozidagi kabi emas. O‘shandagi kabi holatlar qayta takrorlanmasligi uchun esa tibbiy niqob, ijtimoiy masofa, antiseptik vositalar kabi choralarni unutmaslik lozim.

Mavzuga oid