Jahon | 21:35 / 03.03.2026
10720
10 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqdagi urush: Pokiston va Ko‘rfaz davlatlarining pozitsiyasi qanday?

Hozirgi geosiyosiy vaziyatda Pokiston qo‘shni Eronga yordam taklif qila olmaydi: ichki muammolar, “Tolibon” bilan ziddiyatlar Islomobod uchun tashqi urushga aralashuvni imkonsiz qiladi. Eronning Ko‘rfazdagi qo‘shnilariga kelsak, ular ham urushning tezroq yakunlanishidan manfaatdor. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar shu haqida so‘z yuritdi.

— Pokiston Eronga yordam taklif qila oladimi, agar taklif qilsa, aynan nima taklif bo‘ladi?

Farhod Karimov: Pokiston rahbari bugun rasmiy bayonot berib, mamlakat har qanday harbiy mojaroga qo‘shilmaslik va muammoni tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdori ekanini ta’kidladi. Ya’ni hozirgi vaziyatda Pokiston na Eron, na Saudiya Arabistoni tomonida urushga kirishni rejalamayapti.

To‘g‘ri, avvalroq Pokiston Saudiya Arabistoni havo hududini himoya qilish va xavfsizlik bo‘yicha ma’lum majburiyatlarni olgan. Ammo ayni paytda Eron tomonidan Saudiya Arabistoniga nisbatan ochiq urush e’lon qilingani yo‘q. Shuning uchun bu yerda hali xalqaro huquq nuqtayi nazaridan majburiy harbiy aralashuvni talab qiladigan aniq vaziyat shakllanmagan.

Bundan tashqari, Pokiston hozir o‘z ichki muammolari bilan band. Xususan, “Tolibon” bilan ziddiyatlar kuchaygan. Chegara hududlaridagi beqarorlik va xavfsizlik muammolari hukumat e’tiborini ichki masalalarga qaratishga majbur qilmoqda. Shu sababli tashqi urushga kirish Pokiston uchun yanada og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Yana bir muhim omil – separatizm tahdidi. Pokiston va Eron chegarasi bo‘ylab yashovchi beluj aholisi masalasi – doimiy nozik nuqta hisoblanadi. Agar Pokiston yirik urushga aralashsa, bu hududlarda beqarorlik kuchayib, ichki mojarolar avj olishi ehtimoli bor. Bu esa mamlakatni yanada murakkab vaziyatga solib qo‘yadi.

Shuningdek, Hindiston omili ham muhim. Agar Pokiston boshqa frontda band bo‘lib qolsa, Hindiston Kashmir masalasini yana keskinlashtirishi mumkin. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi eski ziddiyatlarni yana kuchaytiradi. Shu sababli Pokiston hozir juda ehtiyotkor siyosat yuritmoqda. U BMT doirasida ham, boshqa mintaqaviy platformalarda ham mojaroni tezroq to‘xtatishga chaqirmoqda.

Pokiston Saudiya Arabistoni, Eron va AQShga murojaat qilib, vaziyatni keskinlashtirmaslik va diplomatik yechim topishga urg‘u bermoqda. Xulosa qilib aytganda, hozirgi sharoitda Pokistonning urushga bevosita qo‘shilishi ehtimoli juda past. Mamlakat asosan o‘z ichki barqarorligini saqlash va mintaqada keng ko‘lamli urushning oldini olishga harakat qilmoqda.

Hikmatilla Kazakbayev: Ko‘plab tahlilchilar AQShning Eronga nisbatan keskin harakatlari, xususan, Donald Tramp davridagi qarorlar asosan Isroil bosimi bilan bog‘liq, degan fikrni ilgari suradi. Ularning ta’kidlashicha, Binyamin Netanyahu bu borada asosiy rol o‘ynagan.

Biroq bu masalaga bir tomonlama qarash yetarli emas. Ayrim ekspertlar fikricha, jarayonda Saudiya Arabistonining ham bilvosita ta’siri bo‘lgan. Xususan, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon siyosiy va strategik jihatdan Eronni mintaqadagi asosiy raqib sifatida ko‘radi. Shu sababli AQShning Eronga qarshi siyosati nafaqat Isroil, balki Saudiya manfaatlari bilan ham uyg‘unlashadi.

Shu bilan birga, Saudiya Arabistoni bu pozitsiyasini ochiqchasiga namoyish eta olmaydi. Sababi musulmon dunyosidagi obro‘-e’tibor masalasi. Ayniqsa, Haj va Umra ziyoratlaridan keladigan katta iqtisodiy daromad va musulmon jamoatchiligi fikri bu borada muhim omil hisoblanadi.

Shunga qaramay, ayrim qarashlarga ko‘ra, Saudiya va Isroil o‘rtasida yashirin manfaatlar uyg‘unligi mavjud. Har ikkala davlat uchun ham Eron umumiy geosiyosiy raqib hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, mintaqadagi keskinlikning ortishida faqat Isroil emas, balki Saudiya omili ham muhim rol o‘ynagan bo‘lishi mumkin.

Yana bir muhim jihat – diplomatik jarayonlar. Jyenevada o‘tkazilgan muzokaralar tashqi tomondan muhim ko‘ringan bo‘lsa-da, ayrim tahlilchilarga ko‘ra, asosiy qarorlar oldindan qabul qilingan bo‘lishi ehtimoli bor. Ya’ni muzokaralar qanday yakunlanishidan qat’i nazar, AQSh, Isroil va Saudiya Arabistoni Eronga nisbatan qat’iy choralar ko‘rishga allaqachon kelishib olgan degan qarashlar mavjud.

Xulosa qilib aytganda, bu jarayonni faqat bitta davlat yoki bitta lider bilan izohlash to‘g‘ri emas. Bu bir nechta yirik o‘yinchilar manfaatlari kesishgan murakkab geosiyosiy vaziyat bo‘lib, unda AQSh, Isroil va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi yashirin yoki ochiq hamkorlik muhim rol o‘ynaydi.

— Ko‘rfaz davlatlariga berilayotgan zarbalar sabab arablar AQSh pozitsiyasini qo‘llaydimi yoki aksincha, Vashingtonga bosim qilishi mumkinmi?

Farhod Karimov: Fors ko‘rfazi atrofidagi davlatlarda shia aholi muayyan darajada mavjud. Masalan, Bahrayn va Kuvaytda shialar soni ancha yuqori. Birlashgan Arab Amirliklarida ham ular bor, garchi ko‘pchilikni tashkil etmasa ham. Saudiya Arabistonining ayrim hududlarida, ayniqsa sharqiy va janubiy qismlarida ham shia jamoalari mavjud.

Endi masalaga harbiy nuqtayi nazardan qaraydigan bo‘lsak, bu davlatlarning mustaqil ravishda yirik urush olib borish salohiyati cheklangan. Qatar, Bahrayn, Kuvayt yoki BAA kabi davlatlar asosan o‘z xavfsizligini tashqi kuchlar orqali ta’minlab keladi. Bu yerda asosiy rolni AQSh va qisman Turkiya o‘ynaydi. So‘nggi yillarda aynan Eron ehtimoliy tahdidiga qarshi bu hududlarda ko‘plab harbiy bazalar va aviabazalar barpo etilgan. Masalan, AQShning Markaziy qo‘mondonligi shtabi ham Qatarda joylashgan.

Turkiyaning ham mintaqada harbiy ishtiroki mavjud. Bu kuchlar aslida arab davlatlarini himoya qilish uchun joylashtirilgan. Shunday sharoitda bu davlatlarning mustaqil ravishda Eronga qarshi harbiy amaliyot o‘tkazishi yoki hozirgi urushda faol qatnashishi juda qiyin.

Bundan tashqari, demografik omil ham muhim. Qatar aholisi taxminan 2–2,5 million atrofida bo‘lib, uning katta qismi chet ellik ishchilardan iborat. Mahalliy aholi soni esa ancha kam. Xuddi shunday holat Bahrayn va Kuvaytda ham kuzatiladi. Bu esa keng ko‘lamli safarbarlik e’lon qilish va katta armiya shakllantirish imkoniyatini keskin cheklaydi. Harbiy tayyorgarlik masalasi ham bu davlatlarda nisbatan past, chunki ular mudofaani ko‘proq moliyaviy resurslar evaziga tashqi ittifoqchilar orqali ta’minlab keladi.

Iqtisodiy omillar esa bu davlatlarni urushdan yanada tiyib turadi. Fors ko‘rfazi mamlakatlari iqtisodiyoti hanuz katta darajada neft va gaz eksportiga bog‘liq. Xususan, Qatar gaz eksporti bo‘yicha dunyoda yetakchilardan biri. Agar Hormuz bo‘g‘ozi yopilsa yoki xavf ostida qolsa, eksport deyarli to‘xtaydi va bu davlatlar iqtisodiy jihatdan katta zarar ko‘radi.

Bundan tashqari, so‘nggi yillarda Dubay va boshqa shaharlarda iqtisodiy diversifikatsiya, ayniqsa turizm va xizmatlar sohasi rivojlantirildi. Urush sharoitida esa bu sohalar darhol zarba ostida qoladi. Turistlar oqimi to‘xtaydi, aviakompaniyalar katta zarar ko‘radi, investorlar esa o‘z mablag‘larini olib chiqib ketishga harakat qiladi.

Shu sababli bugun yirik biznes vakillari va investorlar bu hududni “xavfsiz” sifatida ko‘rsatishga urinmoqda. Bu bayonotlar aslida investorlarni ushlab qolish va kapital chiqib ketishining oldini olishga qaratilgan.

Bu holat yana bir muhim xulosani ko‘rsatadi: arab davlatlari urushga kirishdan manfaatdor emas. Aksincha, ular vaziyatni muvozanatda ushlab turishga harakat qilmoqda.

Bundan ham muhimroq jihat – mintaqadagi geosiyosiy balans. Agar Eron keskin zaiflashsa yoki umuman tizimdan chiqib ketsa, bu butun Yaqin Sharqdagi kuchlar muvozanatini buzadi. Natijada yangi beqarorlik o‘choqlari paydo bo‘lishi mumkin. Masalan, mintaqada yetakchilik uchun kurash kuchayadi, davlatlararo ziddiyatlar ortadi.

Shu sababli Eronning mavjudligi nafaqat siyosiy yoki iqtisodiy, balki tarixiy va tsivilizatsion ahamiyatga ham ega. Mintaqa yetakchilari buni yaxshi tushunadi. Ular dastlab bu mojaro qisqa muddatda hal bo‘ladi deb o‘ylagan bo‘lishi mumkin: tezkor harbiy operatsiya, rahbariyat almashinuvi va keyin yangi tizim bilan ishlashni reja qilgan bo‘lishi mumkin. Ammo voqealar rivoji bunday ssenariy ishlamasligini ko‘rsatmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Fors ko‘rfazi davlatlari uchun eng maqbul yo‘l – urushga qo‘shilmaslik, iqtisodiy barqarorlikni saqlash va mojaroni imkon qadar tezroq diplomatik yo‘l bilan yakunlashdir.

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid