Hisobot: «GRU» Ukrainada kiberhujumlarning yangi usullaridan foydalanyapti
Mandiant tadqiqotida aytilishicha, rossiyalik hakerlar bir necha oy davomida Ukraina elektr tarmoqlarini o‘rgangan va yangi usullar yordamida nimstansiyadagi avtomatik o‘chirgichlarini o‘chirib qo‘ygan.
Rossiya harbiy razvedkasining («GRU») 74455-harbiy qismidan bo‘lgan Sandworm hakerlar guruhi Ukrainadagi elektr stansiyalarini o‘chirishning yangi usullaridan foydalangan. Bu haqda Amerikaning kiberxavfsizlikka ixtisoslashgan Mandiant kompaniyasining 9 noyabr, payshanba kuni chop etilgan tadqiqotida aytiladi.
Mandiant 2022 yil 10 va 12 oktyabr kunlari Ukrainadagi muhim infratuzilmaga qilingan hujumlarni o‘rganib chiqdi va ular bir necha bosqichda amalga oshirilganini aniqladi. Birinchidan, hakerlar kompyuter tizimiga kirib, bir necha oy davomida uni o‘rgangan. 10 oktyabr kuni ular nimstansiyadagi avtomatik o‘chirgichlarni masofadan turib o‘chirishga muvaffaq bo‘ldi. Shu bilan birga, Rossiya qo‘shinlari Ukrainadagi muhim infratuzilmaga yirik raketa hujumlarini uyushtirgan, deyiladi tadqiqotda.
Ikki kundan so‘ng, ikkinchi bosqich boshlangan, unda kompyuter tizimiga maksimal darajada zarar yetkazishi va ma’lumotlarni qayta tiklashni imkonsiz qilishi mumkin bo‘lgan Caddywiper virusining yangi varianti ishlatildi. Ushbu Sandworm hujumlarini avvalgilari bilan solishtirgandan so‘ng, mutaxassislar ularda yangi komponentlarni topdi. Bu Rossiyaning operatsion tizimlarga yo‘naltirilgan kiberimkoniyatlarga sarmoya kiritishda davom etayotganini ko‘rsatadi, deyiladi tadqiqotda.
Avvalroq Rossiya maxsus xizmatlari hakerlari dunyo bo‘ylab siyosiy, moliyaviy va sport infratuzilmalariga hujum qilishda bir necha bor ayblangandi. Shu tariqa, AQSh Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, «GRU» zobitlari 2017 yilda bo‘lib o‘tgan Fransiya prezidenti saylovlariga va 2018 yilda Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan qishki Olimpiya o‘yinlarini tashkillashtirishga aralashishga qaratilgan kiberhujumlarda ishtirok etgan. Rossiyalik hakerlar 2016 yilgi AQSh prezidentlik saylovlariga aralashishda ham ayblangan.
Mavzuga oid
08:32
Rossiya GRU Afg‘onistonda AQSh askarlarini o‘ldirish uchun toliblarga pul to‘lagan - OAV
20:29 / 08.01.2025
«Telegraf»: Zelenskiy ikkinchi muddatga nomzodini qo‘yish bo‘yicha qaror qabul qilgan
19:23 / 08.01.2025
Kurskka hujum ko‘lami qanday va undan maqsad nima?
16:59 / 08.01.2025