O‘zbekiston | 13:54 / 09.09.2022
12973
2 daqiqa o‘qiladi

Vladimir Norov O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri lavozimini egallaydi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri lavozimiga Vladimir Norov nomzodi ma’qullandi. Bu haqda Qonunchilik palatasi xabar berdi.

Foto: Kun.uz

Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi a’zolari, vazirlar lavozimiga tayinlanishidan avval ular nomzodi Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Bugun, 9 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri lavozimiga Vladimir Norov nomzodini ko‘rib chiqdi va ma’qulladi.

Ma’lumot uchun, joriy yil aprel oyi oxirlarida O‘zbekiston prezidenti tegishli farmonlari bilan Tashqi ishlar vazirligida o‘zgarishlar amalga oshirilgandi. 

Unga ko‘ra, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri lavozimini egallab kelgan Abdulaziz Komilov prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Vladimir Norov O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, uning zimmasiga O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajarish yuklatildi.

1955 yilda Buxoroda tug‘ilgan Vladimir Norov 2006 yil 12 iyuldan 2010 yil 12 yanvargacha – O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlagan.

U turli yillarda turli mamlakatlarda elchi sifatida faoliyat ko‘rsatgan (1998—2003 yillarda — O‘zbekistonning Germaniyadagi, o‘rindoshlik asosida – Polsha va Shveytsariyadagi elchisi. 2005—2006 yillarda — O‘zbekistonning Belgiyadagi elchisi. 2013 yil 27 avgustdan — O‘zbekistonning Belgiyadagi elchisi. 2014 yilning 2 dekabridan O‘zbekistonning Lyuksemburgdagi elchisi).

Vladimir Norov 2017 yil mayida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutiga direktor etib tayinlangan. 2019-2021 yillarda Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi lavozimida ishlagan. Favqulodda va muxtor elchi diplomatik darajasiga ega.

Mavzuga oid