Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Andijon shahrida «Kitob olami» do‘koni ish boshladi
22 may kuni Andijon shahrida ham «Andijon kitob olami» do‘koni foydalanishga topshirildi, deya xabar beradi O‘zbekiston matbuot axborot agentligi rasmiy sayti.
Manbaning yozishicha, mazkur inshoot O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan e'lon qilingan «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturining ijrosini ta'minlash hamda aholini adabiyotga, ma'naviyatga, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va ulug‘lash, yoshlarni intellektual rivojlangan va ma'nan barkamol qilib voyaga yetkazish, yoshlarning milliy adabiyotimizga va jahon adabiyoti durdonalariga bo‘lgan qiziqishini qondirish, yozuvchi va kitobxon o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish maqsadida tashkil qilindi.
Shu kuni O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi hamda Andijon viloyat hokimligi bilan yaqin hamkorlikida tashkil etilgan «Andijon kitob olami» majmuasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirni viloyat hokimi o‘rinbosari Sh. Sheraliyev ochib berdi. So‘ng O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Bosh direktori A. Yunusov so‘zga chiqib majmuaning faoliyatiga doir masalalarga to‘xtalib Agentlik va respublika nashriyotlari tomonidan kerakligicha turli yo‘nalishdagi adabiyotlar yetkazib berilishini aytib o‘tdi. Tadbirda shuningdek, taniqli yozuvchi va shoirlar, san'atkorlar, Zulfiya mukofoti sovrindorlari ham ishtirok etishdi.
Mazkur majmua 500 kvadrat metr maydonni egallagan, unda turli yo‘nalishdagi adabiyotlardan tarkib topgan ko‘rkam savdo javonlari o‘rnatilgan va ularga O‘zbekistondagi nashriyotlar tomonidan nashr etilgan 25 ming nusxadagi kitoblar joylashtirilgan. Huddi boshqa majmualar kabi «Andijon kitob olami» majmuasida ham tashrif buyuruvchi barcha yoshdagi kitobxonlar ehtiyoji hisobga olingan holda ular uchun qulay sharoitlar yaratilib «book-cafe» faoliyati tashkil etilgan.