O‘zbekiston | 09:50 / 06.10.2023
7780
6 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Ustyurtda ochilayotgan gaz konlari: UzbekNeftGaz istiqbolli konlarni jadal o‘zlashtirmoqda

Janubiy Ustyurtda tabiiy gaz konlarini o‘zlashtirayotgan «UzbekNeftGaz» aksiyadorlik jamiyati ketma-ket muvaffaqiyatlarga erisha boshladi. Ayni paytda bu hududda 200 dan ortiq gaz quduqlaridan gaz qazib olinmoqda.

Qayd etish lozimki, Ustyurtdagi quyi yura qatlamlarini o‘rganish, yuqori natijada geologik ma’lumotlarni olish, yangi istiqbolli mahsuldor qatlamlarni aniqlash, mavjud uglevodorod zaxiralarini o‘stirish, maqsadida burg‘ilash ishlari olib borilmoqda.

Qoraqalpog‘istondagi Quyi Sharqiy Berdaq konida burg‘ilangan 5-quduqdan 28 sentabr kuni 4200 metr chuqurlikdan gaz otilib chiqdi. Baxtni qarangki, biz ana shunday muhim jarayonning ustiga borib qoldik.

Quyi Sharqiy Berdaq konida burg‘ilangan 5-quduqdan otilib chiqayotgan gaz.

Geologiya razvedka ishlari amalga oshirilgach, 5-quduqda shu yilning yanvarida quduq burg‘ilay boshlangan edi. Ustyurtda mehnat qilayotgan gazchilarimiz qisqa fursatda ko‘zlangan natijaga erishishdi.

«O‘zneftgaz burg‘ilash ishlari» MChJ Bosh muhandisi Maqsud Jumayevning aytishicha, hali bu gaz jilovlanmagan, bosimi aniq hisoblanmagan. Ayni paytda taxminlarga ko‘ra sutkasiga 1,2–1,5 million metr kub hajmida otilib chiqayotgan gaz jilovlanib, gaz tozalash zavodiga ulanadi. («UzbekNeftGaz» AJ keyinroq ushbu quduqdan chiqayotgan sutkalik gaz hajmi 1,3 mln metr kub ekanligini ma’lum qildi — tah).

Gazni kompleks tayyorlash qurilmasida konlardan yetkazilayotgan gaz qo‘shimchalardan tozalanib, mahalliy iste’molchilarga jo‘natiladi.

«O‘zneftgaz burg‘ilash ishlari» MChJ Bosh muhandisi Maqsud Jumayev

Eng hayratlanarlisi, Xitoyda ishlab chiqarilgan burg‘ilash texnikalarini mahalliy mutaxassislar chapdastlik bilan ishlatishmoqda.

Quyi Sharqiy Berdaq konida burg‘ilangan 5-quduq

Maqsud Jumayev bizga gaz koniga qazilgan quduq qanday qilib mustahkamlanib borilishi va tushirilishini ham qisqacha hikoya qilib berdi.

Biz «Arslon» gazni kompleks tayyorlash qurilmasida ham bo‘ldik. Bu yerda Ustyurtdagi quduqlarda qazib olinayotgan qaynoq gazlar tortib kelinib, tozalanadi va sovitiladi hamda UzTransGaz magistral quvurlari orqali iste’molchilarga uzatilar ekan.

«Arslon» gazni kompleks tayyorlash qurilmasi

«Arslon» gaz kompleks tayyorlash qurilmasi boshlig‘i Agzam Jugunisovning hikoya qilib berishicha, gazni kompleks tayyorlash qurilmasida «Arslon», «Quyi Surgil», «G‘arbiy Quyi Surgil» konlaridan qazib olinayotgan gazni past haroratda separatsiyalash bilan gaz tarkibidan qatlam suvi, mexanik birikmalar hamda suyuq uglevodorodlar ajratib olinib, tozalangan tabiiy gaz davlat standarti talablarigacha yetkaziladi va «O‘ztransgaz» AJ magitral gaz quvurlariga uzatiladi. Qurilmada tabiiy gazni minus 15 daraja haroratgacha sovutiladi.

«Arslon» gaz kompleks tayyorlash qurilmasi boshlig‘i Agzam Jugunisov

Qayd etib o‘tish kerak, kuniga 6 million metr kub gazni qayta ishlovchi majmua yanada kengaytirilmoqda va yaqinda uning quvvati sutkasiga 9 million metr kubga yetkaziladi.

Gaz qazib chiqarish bo‘limi boshlig‘i Latifjon Jumamurodov.

Majmuada qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishga ham kata e’tibor berilmoqda. «Arslon» gaz kompleks tayyorlash qurilmasi atrofidagi katta maydonlarda quyosh panellari ham o‘rnatib chiqilmoqda. Bu yerda generatsiya qilingan elektr energiyasi majmua ishiga yo‘natiltiriladi.

Majmua yaqinida o‘rnatilayotgan quyosh panellari.

2017 yilda ishga tushirilgan «Sharqiy Berdaq» siquv kompressor stansiyasida 3 ta gaz haydash agregati bo‘lib, umumiy quvvati 54 MW ni tashkil qiladi. Loyiha bo‘yicha kunlik 6 mln metr kub, yiliga 2 mlrd metr kub past bosimli tabiiy gazni bosimini oshirib berishga mo‘ljallangan.

«Sharqiy Berdaq» siquv kompressor stansiyasi

Bugungi kunda mazkur siquv kompressor stansiyasi «Sharqiy Berdaq», «Shimoliy Berdaq», «Arslon», «Inom» va «Quyi Surgil» kabi konlardagi 200 dan ortiq quduqdan kunlik qazib olinayotgan 5,9 mln kub metr past bosimli tabiiy gaz bosimini oshirib, «Sharqiy Berdaq» kompleksining past haroratda gazni kompleks tozalash qurilmasiga yetkazib bermoqda.

Ustyurtdagi yangi o‘zlashtirilayotgan gaz konlarining aksariyati 4500 metr chuqurlikda joylashgan. Biroq, 6000 metr chuqurlikdagi istiqbolli konlarni o‘zlashtirish uchun ham harakatlar boshlangan. Biz ana shunday chuqur quduq qazilayotgan konlarning birida ham bo‘ldik.

Istiqbolli konlarni aniqlash, gaz qazib olish, konlarlardagi zaxiralar miqdori qanday aniqlanishi va ochilgan konlar necha yil faoliyat ko‘rsatishi juda qiziqarli mavzu, albatta. Bu jarayonni «UzbekNeftGaz» mutaxassislari bajonidil ipidan ignasigacha ham hikoya qilib berishdi. Bu haqda alohida ko‘rsatuv qilishga qaror qildik.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri

Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Reklama huquqi asosida

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish