O‘zbekiston | 10:16 / 10.06.2021
11640
13 daqiqa o‘qiladi

«Biz protsessual huquqlarimizga ko‘ra prokurorlar bilan deyarli tengmiz, amalda esa...» - advokat bilan suhbat

Advokatura rivojlanishi uchun avvalo sudlar chinakam mustaqil bo‘lishi kerak, deydi tajribali advokat Razzoq Altiyev. Uning fikricha, tergov organi binosiga kirishdagi tartib advokatlarni obro‘sizlantiryapti, ularni himoyalash uchun Advokatlar palatasida vakolatlar yetarli emas. Altiyev Kun.uz bilan suhbatda sohaga oid fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Toshkent davlat yuridik universiteti katta o‘qituvchisi, «Biznes lawers group» advokatlik firmasi rahbari, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori Razzoq Altiyev Kun.uz'ga bergan intervyusida advokatura muammolari va sohani rivojlantirish istiqbollari haqida to‘xtalib o‘tdi.

«IIV va DXXdan ko‘ra, prokuraturaga ijobiy baho bergan bo‘lardim»

— O‘zbekistondagi tergov organlari – ichki ishlar, DXX va prokuratura faoliyatiga qanchalik baho berasiz? Ulardan qaysi biri demokratik fuqarolik jamiyatiga eng faol va tez moslashyapti?

— Bugungi jamiyatning rivojlanish tendensiyasiga moslashuv tergov organlarining har birida qisman bo‘lsa ham bor. Lekin qaysidir holatlarga ko‘ra, prokuratura organlarini ijobiy baholagan bo‘lardim. Sababi, ular iltimosnoma kiritilsa yoki tergov organlari bilan bo‘ladigan jarayonlarda advokatlar huquqlarining ta'minlab berilishi, advokatga xalaqit qilmaslik jihatlari bo‘yicha boshqa organlarga nisbatan o‘zining ancha namunali pozitsiyasini ko‘rsatib keladi.

Boshqa tergov organlarida ham muammoli jihatlar juda ko‘p deyolmayman, lekin ayrim istisnoli holatlar bo‘lib turadi. Bu ba'zi holatlarda tushunmovchilik natijasida, ba'zida tergovchining saviyasi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.

«Tergov organi binosiga kirishdagi tartib advokatni obro‘sizlantiradi»

— O‘zbekistonda huquq himoyachilari, ya'ni advokatlarning o‘zlarining huquqlari qanchalik ta'minlangan?

— O‘zbekistonda advokatlar huquqlarini ta'minlash bo‘yicha muammolar mavjud. Buni inkor qilib bo‘lmaydi. Ayniqsa, bu jarayon tergov organlari binolariga kirish jarayonlarida juda seziladi. To‘g‘ri, bugungi kunda sud binolariga mobil telefonlar yoki kompyuterlar bilan kirish cheklovlari olib tashlangan, bu borada biz sud organlariga erkin kirib chiqamiz. Lekin tergov organlariga kirib chiqishda bu borada muammolar kuzatiladi.

Yaqinda shunday holat bo‘ldi: bir chet ellik investorni tergovga olib kirish jarayonida «mobil qurilmalaringni topshir», degan talab bo‘ldi va maxsus vositalar orqali bizning cho‘ntaklarimizni tekshirishdi. U chet ellik fuqaro, bunga tushunmadi va hayron bo‘lib so‘radi. Biz esa unga bu odatiy tartib ekanini tushuntirdik. U «Nima uchun sening qurilmalaringni olib qo‘yishyapti?» deb so‘radi. Men esa ichkarida ovoz va video yozib olish mumkinmasligini aytdim. U esa «Yozib olishdan nega qo‘rqishadi? Hozir ichkarida biror noqonuniy harakat bo‘ladimi?» deb yana hayron bo‘ldi.

Albatta, bu bizning imijimizga ham ta'sir qiladi.

Bundan tashqari, bugungi kunda sudda va tergov organlarida tenglik prinsipi mavjud emas. Ba'zi holatlarda himoyamiz ostidagi shaxs bilan sudga kiramiz. Bu ayniqsa iqtisodiy sudlarda tez uchrab turadigan holat. Sudya iltimos qiladi: «Taraflar, chiqib turinglar, biz maslahat qilib olamiz» deb. Shundan so‘ng, sudya va prokuror maslahat qilib olib, ana undan so‘ng yana taraflarni protsessga chaqiradi. Shundan so‘ng, taraflarda tabiiy savol tug‘iladi: sudya va prokuror taraflardan xoli tarzda alohida xonada maslahat qilishini qanday tushunish mumkin?

Chunki prokuror ham taraf hisoblanadi, biz advokatlar protsessual huquqlarimizga ko‘ra ular bilan tengmiz. Bu jarayon qaysidir viloyatdamas, Toshkent shahrida bo‘lyapti. Bunday jarayonlar advokatlar huquqlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta'sir qiladi.

«Advokatlarni himoyalash uchun Advokatlar palatasining vakolatlari yetarli emas»

— Advokatlar palatasi advokatlar faoliyatini yaxshilashga qaratilgan, sohani oldinga siljitadigan harakatlar qilyaptimi?

— Palata 2009 yildan beri faoliyat yuritib keladi. Advokatlarning ijtimoiy himoyasini to‘liq ta'minlash uchun palatada yetarli vakolatlar mavjud emas. Palatada ishlaydiganlarning hammasi o‘zlari advokat hisoblanadi. Ularning qo‘shimcha ijtimoiy himoyasi ta'minlanmaydi. Ularga katta vakolatlar berilmagan. Ularning bizga qilishi mumkin bo‘lgan eng katta yordami – bu bizga nisbatan bo‘layotgan biror noqonuniy xatti-harakatni bartaraf etishni so‘rab vakolatli organga xat yoki ariza bilan murojaat qilish. Bu bizning muammomizni hal qilib qo‘ymaydi.

Advokatga nisbatan jinoyat ishi yuritiladigan bo‘lsa, bunday sharoitda Advokatlar palatasining ishda alohida ishtirok etishi protsessual qonunchilik bilan mustahkamlanmagan. Ya'ni palata o‘z advokatlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun yetarli huquq va vakolatlarga ega emas.

«26 yoshimda advokatlik faoliyatim boshlangan»

— Ham nazariyotchi ustoz, ham amaliyotchi sifatida yaxshi advokat bo‘lish uchun qanday maslahatlar berasiz? Sizda bu jarayon qanday kechgan, nega bu sohani tanlagansiz?

— Albatta, yaxshi advokat bo‘lish bu nisbiy tushuncha. Boshqa advokatlardan so‘rasangiz ham men eng zo‘r advokatman, deya olmaydi. Advokatlikning o‘z past-balandliklari bor. Men o‘z vaqtida eng yosh advokatlardan biri bo‘lganman – 12 yil oldin, ya'ni 26 yoshimdan advokatlikni boshlaganman. Bugungi kunda 30 yoshdan kichik advokatlarning soni respublika bo‘yicha 62 nafarni tashkil etarkan.

Yaxshi advokat bo‘lish uchun yaxshi o‘qish kerak va ko‘proq tajribaga ega bo‘lish kerak. Qolaversa, advokatlikning shunday o‘ziga xos jihati borki, u zimmasiga majburiyat ola bilish kerak. Chunki siz tergovga bitta shaxs bilan birga kirasiz. Tanlagan himoya pozitsiyangiz o‘sha shaxsga nisbatan huquqiy oqibat olib keladi. Ish bilan to‘la tanishmagan, amaliy hamda nazariy tajribaga ega bo‘lmagan advokatning xatosi boshqa bitta shaxsning taqdiriga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta'sir qiladi.

Faoliyatimizni boshlaganda bizda ham muammolar bo‘lgan. Atrof-muhitning ta'siri bo‘ladi. Faoliyatini endi boshlagan advokatga nisbatan ishonchsiz nazar bilan qarashadi. Siz zo‘r advokat bo‘lsangiz-da, sizga qarab qancha ishlaganingiz, qayerda ishlaganingiz, avval boshqa organlarda ishlamaganingizni bilgan mijozda sizga nisbatan ishonchsizlik darrov ko‘zga tashlanadi. Yoshi kattaroq odam meni yaxshi himoya qila oladi, degan qarash bor. Shuning uchun, yoshlarimiz mijoz bilan ishlashda qiynaladi.

Yaxshi advokat bo‘lishning asosiy mezoni – bu shaxs o‘z ustida ishlashni to‘xtatmasligi va amaliy tajribasi ko‘proq bo‘lishi kerak.

O‘zbekistondagi advokatlar gonorari haqida

— Toshkent shahrida advokat bitta jinoyat yoki fuqarolik ishida qatnashgani uchun o‘rtacha qancha gonorar oladi?

— Advokat gonorari masalasi – bu advokatlik siri predmeti hisoblanadi. Lekin shunday holat bor, masalan xizmat haqini belgilashda shartnomada taraflar o‘zaro kelishadi. Bu ishning og‘ir-yengilligiga qaraydi, davomiyligiga qaraydi. Masalan, biror ish 2, 3 yo 6 oy davom etishi mumkin. Bundan tashqari, ishning mazmuniga qaraydi.

O‘rtacha hisobda aytishim mumkinki, advokatlik tuzilmalari minimal miqdorda 1 mln yoki 2 mlndan boshlab yuqori narxlarda xizmat ko‘rsatadi. Ba'zi xizmatlarimiz bor, juda ko‘p vaqt talab qiladi.

Mehnat bozorimizga qarasangiz, yurist oladigan o‘rtacha oylik 5 mln atrofida. Advokat 3 oy xizmat ko‘rsatsa-yu, unga yetarli mablag‘ ta'minlab berilmasa, advokat xizmatni samarali olib bora olmasligi mumkin. Sababi, u boshqa ishdan ko‘proq daromad olishga majbur bo‘ladi.

Shu sababli, ishning toifasidan kelib chiqib, yengil ishlarga o‘rtacha 1-2 mln atrofida, og‘ir ishlarga haq to‘lash esa kelishuvga qarab ko‘tarilib boradi.

— Davlat tarafidan tayinlanadigan advokatlarga ham bozor munosabatlaridan kelib chiqib haq tayinlanadimi yoki alohida belgilangan stavkalar bormi?

— Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartib bor. Davlat tomonidan yuridik yordam ko‘rsatilganda advokatning ishda band bo‘lgan kunidan kelib chiqib har bir band bo‘lgan kuniga alohida stavka belgilanadi va shu stavka asosida ularga tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli moliya organlariga topshiriladi va moliya organlari ularga pulini to‘lab beradi. Ular oladigan to‘lovi ham BHMdan kelib chiqib belgilanadi.

«Cudlarning chinakam mustaqilligi ta'minlansa, shunda advokatura ham o‘z-o‘zidan rivojlanib ketadi»

— Yaqinda AQSh Kongressiga O‘zbekiston bo‘yicha kiritilgan rezolyutsiyada yurtimizda advokatlar sonining kamligi (4000 atrofida) alohida qayd etildi. Bizda advokatlarning kamligining sababi nima? Sohaning obro‘sini oshirish uchun nimalar qilish kerak?

— 2008 yil holatida O‘zbekistonda advokatlar soni 4200 atrofida bo‘lgan. O‘sha vaqtda aholi soni 30 mln atrofida bo‘lgan. Bugungi kunda ham 4200 atrofida advokat mavjud.

2009 yilda advokatura institutining isloh qilinishi natijasida advokat bo‘lish uchun qo‘shimcha talablar o‘rnatildi. Faoliyatga ma'lum bir mezonlar belgilandi. Natijada 2008 yilda 4200 atrofida bo‘lgan advokatlar soni 2009 yilga kelib 2000 nafarga tushib qoldi.

So‘nggi 12 yil davomida biz o‘sha 2000 nafar advokat o‘rnini endi to‘ldirdik.

Bu – juda qiyin kechadigan jarayon. Chunki jozibadorligi yo‘q. Masalan, 30 yoshgacha bo‘lgan advokatlar soniga qaraydigan bo‘lsak, ular 70 nafar ham chiqmaydi. Bu juda kam ko‘rsatkich hisoblanadi. Shuningdek, 50 yoshdan katta bo‘lgan advokatlar soni 2200 atrofida. Bu jami advokatlarning 50 foizi 50 yoshdan keksa degani. Shu tufayli advokatlik ko‘proq keksalar kasbiga aylanib qolgan.

Tabiiyki, bunday sharoitda biz soha nufuzini oshirish uchun alohida imtiyoz yo rag‘batlantirishlar berishimiz kerak. Universitetda dars berish jarayonida ko‘plab talabalarda advokat bo‘lib ishlashga ishtiyoq ko‘raman. Qaniydi, ruxsat berilsa-yu, ular to‘g‘ri borib imtihon topshirib, litsenziya olib advokatlik qilishsa. Lekin bizda advokat bo‘lish uchun qo‘yiladigan talablarda ham ma'lum cheklovlar mavjud.

Masalan, kamida 2 yillik yuridik stajga ega shaxs 3 oy davomida advokat stajyeri sifatida stajirovka o‘tagandan so‘ng advokat maqomiga talabgor bo‘ladi.

Statistik ma'lumotlarga qarasak, respublika bo‘yicha bitta advokat 8600 nafar fuqaroga xizmat ko‘rsatishiga to‘g‘ri keladi. Agar bu ma'lumotni ayrim viloyatlar kesimida ko‘rsak, bu raqam, masalan, Surxondaryoda 20 ming nafar fuqaroga bitta advokatni tashkil etmoqda. Vaziyat shunchalik darajada ayanchli.

Ayni vaziyat advokaturani rivojlantirish va advokatlik kasbiga jalb qilishning jozibali elementlarini ishlab chiqishni tavsiya etmoqda. Masalan, 2 yillik yuridik staj talabi olib tashlansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Yoki sohaga yoshlarni jalb etish uchun protsessda yosh advokatlar ishtirok etganda davlat bojidan imtiyozni joriy etish ham mumkin.

Rivojlangan davlatlarda advokatura institutiga boshqacha nazar bilan qaraladi. Ya'ni, advokat bo‘lmasa, sudyalik lavozimiga tavsiya etilmaydi. Ko‘ryapsizmi? Bizda ham, masalan, sudya bo‘lish uchun kamida 2 yil advokatlik staji talabini qo‘yadigan bo‘lsak, bu ham soha rivojiga va mavqeyiga xizmat qilardi.

Shuningdek, sudyalar va advokatlarning faoliyati ham bir-biriga uzviy bog‘liqligini ham ta'kidlash lozim. Ya'ni, qachonki sudlarning chinakam mustaqilligi ta'minlansa, shunda advokatura ham o‘z-o‘zidan rivojlanib ketgan bo‘lardi. Chunki so‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda sudyalar tomonidan adolatli qarorlar chiqarish jarayonining yoritib borilishi bevosita advokaturaning rivojlanishi uchun ham turtki bo‘ldi. Ko‘pchilik advokaturaga qiziqib qoldi. Hozirgi yoshlarda ham qiziqish ortdi.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid