O‘zbekiston | 21:36 / 30.10.2023
24267
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zavtosanoat”ning ikkita kompaniyasi inomarka sotib oldi

“Avtosanoat invest” va UzAuto Passenger Vehicles Management kompaniyalari BYD Chazor va BYD Song Plus avtomobillarini xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzgan. 100 foiz ulushi “O‘zavtosanoat”ga tegishli bu ikki kompaniya ikkita elektromobil xaridi uchun 738 mln so‘mdan ko‘proq mablag‘ sarflayapti.

BYD Chazor / Foto: BYD

“Avtosanoat invest” MChJ 2023 yil 29 avgust kuni BYD Uzbekistan factory bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzib, 294 mln so‘mga oq rangli “BYD Chazor Flagship” avtomobiliga buyurtma bergan.

Xitoydan import qilinuvchi bu mashina nima maqsadda sotib olinganiga aniqlik kiritilmagan.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, “Avtosanoat invest” MChJ 2008 yil 18 fevralda Toshkentda ro‘yxatga olingan. Joriy ustav fondi – 13,4 mlrd so‘m. Faoliyat yo‘nalishi – avtomobillar va yengil motorli transport vositalarining ulgurji savdosi. Kompaniyaning 100 foizlik ulushi – “O‘zavtosanoat” AJga tegishli. Rahbari sifatida Bobojonov Qodirjon Abdurahimovich ko‘rsatilgan.

Sodda qilib aytganda, “Avtosanoat invest” UzAuto'ning hududlardagi dilerlik markazlari va avtosalonlarini nazorat qiluvchi tuzilmasi hisoblanadi.

Yana bir holatda “UzAuto Passenger Vehicles Management” MChJ Astana Motors Company bilan 444 mln 526 ming so‘mga qora rangli BYD Song Plus sotib olish bo‘yicha shartnoma qilgan. Bu holatda ham avtomobil nima maqsadda xarid qilinayotganiga aniqlik kiritilmagan.

“UzAuto Passenger Vehicles Management” MChJ 2020 yilning 19 iyun kuni tashkil etilgan. Joriy ustav fondi – 1,3 mlrd so‘m. Faoliyat yo‘nalishi – tijorat faoliyati va boshqaruv masalalari bo‘yicha maslahat berish. Kompaniyaning 100 foizlik ulushi – “O‘zavtosanoat” AJga tegishli. Rahbari sifatida Axunov Baxrom Baxtiyorovich ko‘rsatilgan.

Mavzuga oid