O‘zbekiston | 13:29 / 14.10.2024
7852
2 daqiqa o‘qiladi

2024 yilning 9 oyida UzAuto Motorsʼning O‘zbekiston bozoridagi ulushi 89 foizni tashkil qildi

Joriy yilning dastlabki III choragida O‘zbekistonda 303 ming 373 dona avtomobil sotilgan. Mazkur davrda har uchta sotilgan avtomobilning bittasini Cobalt tashkil qilgan. Korxonalarning mahalliy bozordagi ulushi UzAuto Motorsʼda 89,4 foiz, ADM Jizzakhʼda 6,5 foiz, BYD Uzbekistan Factoryʼda esa 3,8 foiz.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda joriy yil yanvar-sentabr oylarida 303 ming 373 dona avtomobil sotilgan. Bu haqda «O‘zavtosanoat» AJ tayyorlagan hisobotda keltirib o‘tilgan.

Qayd etilishicha, hisobot davrida UzAuto Motors 271 ming 221 dona, ADM Jizzakh 19 ming 766 dona, BYD Uzbekistan Factory 11 ming 580 dona, Jizzakh Auto 328 dona, Asaka Motors 284 dona, SamAuto 194 dona avtomobilni xaridorlarga yetkazib bergan.

2024 yilning dastlabki III choragida korxonalarning ichki bozordagi ulushi quyidagicha:

  • UzAuto Motors – 89,4 foiz;
  • ADM Jizzakh – 6,5 foiz;
  • BYD Uzbekistan Factory – 3,8 foiz;
  • Jizzakh Auto – 0,1 foiz;
  • SamAuto – 0,1 foiz;
  • Asaka Motors – 0,1 foiz.

Eng ko‘p sotilgan avtomobil – Cobalt. Hisobot davrida 99 ming 577 dona ushbu modeldagi avtomobillar xaridorlarga yetkazib berilgan. Keyingi o‘rinlarda Damas (71 ming 875 dona) va Tracker (31 ming 736 dona) qayd etilgan. 

Ma’lumot uchun, 2023 yilda O‘zbekiston yengil avtomobillar bozori hajmi 456 ming 347 donani tashkil etgan. Shundan UzAuto Motors hissasiga 4 mlrd 852 mln dollarlik 369 ming 999 dona avtomobil, ADM Jizzakhʼga 823 mln dollarlik 25 ming dona avtomobil to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, 2023 yilda 291 mln dollarlik 8 ming 948 dona BYD avtomobili, 1 mlrd 197 mln dollarlik 50 ming 435 dona boshqa rusumdagi avtomobillar import qilingan. 

Mavzuga oid