O‘zbekiston | 19:06 / 14.03.2023
11954
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga boradi

Shavkat Mirziyoyev 16 mart kuni Turkiya poytaxti Anqara shahriga tashrif buyuradi. O‘zbekiston prezidenti Turkiy davlatlar tashkiloti rahbarlarining “Ofat hamda favqulodda vaziyatlarni boshqarish va insonparvarlik yordami” mavzusida navbatdan tashqari sammitida ishtirok etadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning taklifiga binoan Turkiy davlatlar tashkilotining favqulodda sammitida ishtirok etish uchun 15-16 mart kunlari amaliy tashrif bilan Anqara shahrida bo‘ladi.

Navbatdan tashqari sammitning kun tartibiga muvofiq, favqulodda vaziyatlarni boshqarish va gumanitar yordam ko‘rsatish borasida ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, tabiiy ofatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish istiqbollari ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, sammit davomida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

Tashrif davomida sammit doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlash kerakki, joriy yilda Turkiy davlatlar tashkilotiga O‘zbekiston Respublikasi raislik qilmoqda. Samarqand sammitida erishilgan kelishuvlarga muvofiq,  savdo, «yashil» iqtisodiyot, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport, logistika, fan, ta’lim va madaniy-gumanitar almashinuv sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan 30 dan ortiq ko‘p tomonlama tadbir amalga oshirilmoqda.

Mavzuga oid