Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“10 ming dollar taklif qilishdi, lekin rad etdim” - Nilufar Umrzoqova pul, prinsip va tanlovlar haqida
“Pulni hamma yaxshi ko‘radi. Lekin pul deb o‘zligimni yo‘qotmaslikka harakat qilaman. Pul bizning xo‘jayinimiz emas”: jurnalist Nilufar Umrzoqova hayotida pul va prinsip to‘qnash kelgan vaziyatlar haqida gapirdi.
Turtki podkastida xalq orasida tanilgan shaxslar bilan suhbatlar davom etadi. Bu gal podkast mehmoni jurnalist Nilufar Umrzoqova jurnalistikada halollik, qo‘shimcha daromad qilishga majbur bo‘lgan davrlar, oila va kasb o‘rtasidagi tanlovlar haqida ochiq gapirdi. Aytishicha, bir vaqtlar faqat maosh bilan farzand ta’limi va kundalik ehtiyojlarni qoplash qiyin bo‘lgan va shu sabab tadbirkorlikka ham qadam qo‘ygan.
U shuningdek, pul va qadriyatlar masalasida o‘z pozitsiyasini ham ochiq bildirdi — inson pulni boshqarishi kerak, aksincha emas.
Katta pulning jozibasi bor
“Yaqinda mana shunaqa voqea bo‘ldi. Jazoni ijro etish muassasasida ko‘p ko‘rsatuvlar tayyorlayapmiz. Kirib-chiqib yuribman. Bir mahkumning onasi qattiq kasal bo‘lib qolibdi. Yaqinlari chiqishdi menga: ‘Iltimos, bir kechaga olib chiqib bering, onalari o‘lim to‘shagida yotibdi’, deb.
Katta pul taklif qilishdi. 10 000 dollar, bitta mashina. Bu qonunga zid. Men hatto iltimos ham qilmadim. Aytmadim ham hech kimga. Hayotda shunaqa voqealar bo‘ladi. Katta pulning jozibasi bor. Lekin ong bilan bilib turibsiz - bu noto‘g‘ri. Bu qonunga zid. Halol emas. Shu yerda to‘xtatasiz. Bo‘ldi.”
Podkast davomida Nilufar Umrzoqovaning kuchli ayollarga nisbatan fikrlari, farzandini o‘qitish uchun biznesga qo‘l urgani va jurnalistik faoliyatidagi muhim burilishlar kabi mavzularda ham fikr bildirdi.
Suhbatda ekran ortidagi inson, o‘z ko‘rsatuvlari bilan har bir oilaga kirib borgan jurnalistning tanlovlari, bosimlar va anglaganlari haqida eksklyuziv ma’lumotlar bilan tanishing.