Jahon | 15:43 / 25.04.2026
1794
9 daqiqa o‘qiladi

Pokistonga kelgan Eron bosh diplomati, Turkiyada ijtimoiy tarmoqlarga cheklov va G‘azoda sulhni buzgan Isroil – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Eron bosh diplomati Pokistonda

Juma kuni Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSh bilan tinchlik muzokaralarini qayta boshlash bo‘yicha takliflarni muhokama qilish uchun Pokistonga keldi.

Ammo tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Eron rasmiylari AQSh vakillari bilan uchrashishni rejalashtirmayotganini aytdi. Kotibning so‘zlariga ko‘ra, Eronning taklif va xavotirlari Pokiston orqali yetkaziladi.

AQSh prezidenti Donald Tramp ham Eron ularning talablarini qondirishga qaratilgan taklif berishini aytdi. Biroq taklif aynan nimadan iborat ekanini hali bilmasligini bildirdi.

AQSh kim bilan muzokara olib boryapti degan savolga Tramp: «Buni aytmoqchi emasman, lekin biz hozirda rahbarlik qilayotgan odamlar bilan ish olib boryapmiz», deb javob berdi.

Oq uy matbuot kotibi Karolin Levit AQSh Eron tomonidan ijobiy siljishlarni ko‘rayotganini va bu dam olish kunlarida yanada ko‘proq natijalar kutayotganini bildirdi. Shuningdek, u AQSh vitse-prezidenti J.D. Venc ham Uitkoff va Kushnerga qo‘shilib Pokistonga borishga tayyorligini qo‘shimcha qildi.

Hukumatdagi ikki manbaga ko‘ra, Aroqchi kelishi bilan Pokiston tashqi ishlar vaziri Is’hoq Dar bilan uchrashuvga yo‘l olgan. Shuningdek, Aroqchi ikki tomonlama masalalarni muvofiqlashtirish va mintaqaviy o‘zgarishlarni maslahatlashish uchun O‘mon va Rossiyaga ham boradi.

Tramp payshanba kuni Eron bilan «abadiy» kelishuvga erishmoqchi ekanini aytib, muhim energiya tashish yo‘li Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishga urinmoqda. Ammo AQSh blokadasi to‘xtamagunicha Eron bo‘g‘ozni ochmoqchi emas.

Ijtimoiy tarmoqlar uchun cheklovlar

Chorshanba kuni Turkiya qonun chiqaruvchilari uzoq davom etgan muhokamalardan so‘ng ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklovchi qonun loyihasini ma’qulladi. Qonun 15 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini taqiqlaydi va kompaniyalar zimmasiga ular uchun xavfsiz onlayn maydonlar yaratish vazifasini yuklaydi.

Turkiyada mazkur qonun loyihasi ancha vaqtdan beri kun tartibida edi, biroq shu oy boshida sodir bo‘lgan ikkita maktabdagi otishma uning qabul qilinishini tezlashtirdi.

Hujjatga ko‘ra, bolalarning nomaqbul kontentga kirishining oldini olish uchun yoshni tekshirish tizimi joriy etiladi. Ijtimoiy tarmoq kompaniyalari quyidagi vazifalarni bajarishga majbur bo‘ladi:

  • Foydalanuvchilarni cheklovlar haqida xabardor qilish;
  • Tushunarli va qulay ota-ona nazorati vositalarini taqdim etish;
  • Bolalar hisoblarini boshqarish, obunalar yoki xaridlar uchun ota-ona ruxsatini joriy etish;
  • Ekran vaqtini monitoring qilish va cheklash imkoniyatini yaratish;
  • Aldamchi reklamalarning oldini olish.

Shuningdek, Turkiyada kuniga 10 milliondan ortiq foydalanuvchi kiradigan yirik kompaniyalar – rasmiy organlarning buyrug‘i bilan bir soat ichida tegishli akkauntlarga nisbatan chora ko‘rishga majbur bo‘ladi.

Qonun loyihasining alohida bandi o‘yin platformalariga taalluqli bo‘lib, reytingi belgilanmagan o‘yinlarni sotishni taqiqlaydi yoki ularni eng yuqori yosh chegarasi bilan joylashtirishni talab qiladi.

Juma kuni Norvegiya hukumati ham 2026 yil oxirigacha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari uchun yosh cheklovini joriy etuvchi loyihani parlamentga taqdim etishini ma’lum qildi.

Rejaga ko‘ra, cheklov bola 16 yoshga to‘ladigan yilning 1 yanvaridan boshlab bekor qilinadi. Norvegiyada ham kompaniyalar yoshni tekshirishning samarali tizimini joriy etishlari va «qonunga birinchi kundan boshlab rioya qilishlari» shart.

O‘tgan yili Avstraliya bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirishni cheklagan birinchi davlat bo‘ldi. Keyinroq Indoneziya ham shu yo‘ldan bordi. Hozirda Ispaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya ham shunga o‘xshash choralar ustida ishlamoqda.

AQSh AI texnologiyalar himoyasini kuchaytiradi

Oq uy xorijiy sub’yektlar tomonidan texnologik yutuqlarni o‘g‘irlashga qaratilgan «sanoat miqyosidagi kampaniyalarga» qarshi kurashmoqchi. Buning uchun AQShning sun’iy intellekt kompaniyalari bilan yaqinroq hamkorlik qilinadi.

Fan va texnologiya siyosati bo‘yicha direktor Maykl Kratsios ma’muriyatda «asosan Xitoyda joylashgan xorijiy tuzilmalar» Amerika kompaniyalaridan noqonuniy foydalanayotganini ko‘rsatuvchi yangi ma’lumotlar borligini yozdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday firmalar AQSh kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan AI texnologiyasini amalda nusxalab olmoqda. Rasmiy ushbu harakatlardan maqsad «Amerika tadqiqotlari va ishlanmalariga tizimli ravishda putur yetkazish hamda maxfiy mulkiy ma’lumotlarga ega bo‘lish» ekanini ta’kidladi.

Memorandumda «o‘g‘irlik» bilan shug‘ullanayotgan xorijiy tuzilmalarga qarshi aniq jazo choralari keltirilmagan. Oq uy vakili ushbu hujjatdan tashqari boshqa izoh bermadi.

Xitoy elchixonasi vakili ushbu memorandum «AQSh tomonidan Xitoy kompaniyalariga asossiz bosim» o‘tkazilishi ekanini aytgan. «Xitoy nafaqat jahon fabrikasi, balki jahon innovatsion laboratoriyasiga ham aylanmoqda. Xitoyning rivojlanishi o‘zining fidoyiligi va o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlik natijasidir», deyiladi xitoylik diplomatning javobida.

Isroil G‘azoda yana sulhni buzdi

Juma kuni G‘azo sektori bo‘ylab Isroilning hujumlari natijasida kamida 12 kishi, jumladan, olti nafar politsiya xodimi halok bo‘ldi.

Falastin sog‘liqni saqlash rasmiylariga ko‘ra, G‘azo shahrida amalga oshirilgan zarba oqibatida uch kishi, jumladan, ikki politsiyachi halok bo‘lgan. Shuningdek, Bayt-Lahiyada 2 kishi va Xon Yunusda berilgan zarbada yetti kishi halok bo‘lgan.

Isroil harbiylari G‘azo shahriga zarba berilganini tasdiqladi va u «Hamas a’zolarini nishonga olganini» bildirdi. Harbiylar boshqa xabar qilingan zarbalar bo‘yicha izoh bermadi.

G‘azo xavfsizlik kuchlariga ko‘ra, G‘azo shahri va Xon Yunusdagi hujumlar mahalliy politsiya kuchlariga qaratilgan bo‘lgan.

Reuters nashri avvalroq Isroil – Hamas tomonidan boshqariladigan politsiya kuchlariga hujumlarini kuchaytirgani haqida xabar bergandi.

2025 yil oktyabr oyida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qaramay, G‘azoda zo‘ravonliklar to‘xtamayapti. Isroil falastinliklarga qarshi deyarli har kuni hujumlar uyushtirmoqda.

Mahalliy shifokorlarga ko‘ra, sulh kelishuvi kuchga kirganidan beri kamida 800 falastinlik halok bo‘lgan.

AQShda o‘lim jazosiga moratoriy bekor qilindi

AQShda sobiq prezident Jo Bayden davrida joriy etilgan federal qatllarga nisbatan moratoriy bekor qilinmoqda. Bu haqda AQSh Adliya vazirligi ma’lum qildi.

«Bugun Adliya vazirligi qonuniy o‘lim jazolarini talab qilish, olish va ijro etish bo‘yicha o‘z majburiyatini tiklash choralarini ko‘rdi. Bu esa o‘lim jazosiga hukm qilingan mahkumlar barcha apellyatsiya imkoniyatlarini tugatganidan so‘ng qatllarni amalga oshirishga yo‘l ochadi», deyiladi xabarda.

Adliya vazirligiga ko‘ra, qabul qilingan choralar qatoriga quyidagilar kiradi:

  • o‘limga olib keluvchi inʼeksiya protokolini qayta joriy etish;
  • otib o‘ldirish kabi qo‘shimcha qatl usullarini kiritish;
  • bunday ishlarni ko‘rib chiqishni tezlashtirish uchun ichki jarayonlarni optimallashtirish.

Vazirlikning ta’kidlashicha, bunday qadamlar «eng shafqatsiz jinoyatlarni jilovlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega» bo‘ladi.

2025 yilda Donald Tramp federal darajada o‘lim jazosini qayta tiklagan va barcha shtatlarni yetarli miqdorda inʼeksiya dozalari bilan ta’minlashni buyurgan edi.

2025 yilda AQShda so‘nggi 15 yil ichida ilk bor o‘lim jazosi otib o‘ldirish usuli bilan ijro etildi. Qatl etilgan 67 yoshli mahkum 2021 yilda qaynota-qaynonasini beysbol tayog‘i bilan urib o‘ldirganlikda ayblangan.

Bungacha o‘lim jazosini ijro etishga moratoriy 2021 yilda AQSh bosh prokurori tomonidan joriy etilgandi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid