O‘zbekiston | 13:05 / 12.09.2022
2658
3 daqiqa o‘qiladi

Poliklinikalarni reyting baholash tizimi joriy etiladi

“Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va ular tibbiy xodimlari mehnati samaradorligi uchun mas’uliyatni oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari, oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokor punktlari hamda tibbiy xodimlar faoliyati samaradorligini reyting baholash tartibi va tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari, oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokor punktlari hamda ularda faoliyat yuritayotgan tibbiy xodimlar faoliyati samaradorligini reyting baholash tizimi joriy etiladigan tuman/shaharlar ro‘yxati tasdiqlanadi.

Belgilanishicha, reyting baholash tizimi 2022 yil 1 avgustdan boshlab ko‘rsatilgan tuman/shaharlarda joriy etiladi. Tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish Moddiy rag‘batlantirish va tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari doirasida amalga oshiriladi. Reyting baholash tizimi 2023 yildan boshlab qolgan hududlarda bosqichma-bosqich joriy etiladi. SSVga birlamchi tizimdagi ustuvor yo‘nalishlar, hududlar geografik joylashuvi va kasallanish darajasiga ko‘ra reyting baholash mezonlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish vakolati beriladi.

Reyting baholash hisobot davri mobaynida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari hamda ular tibbiy xodimlari ish hajmi, sifati va vazifalarni bajarish natijadorligi ko‘rsatkichlariga asoslanadi.

Reyting baholash to‘rt bosqichda o‘tkaziladi:

  • birinchi bosqichda - tibbiyot xodimlari (tibbiy brigada a’zolari) funksional vazifalarni bajarishi to‘liqligi ko‘rsatkichlari baholanadi;
  • ikkinchi bosqichda - birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari, tibbiy brigada a’zolari va tor soha mutaxassislari faoliyati to‘laqonligi, sifati va pirovard natijalari ko‘rsatkichlari, salbiy ko‘rsatkichlari baholanadi;
  • uchinchi bosqichda – tibbiy brigadalar, tor soha mutaxassislar uchun reyting baholash to‘plangan yakuniy ballaridan kelib chiqib rag‘batlantirish yoki jazolash choralari belgilanadi;
  • to‘rtinchi bosqichda – Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari tomonidan reyting baholash natijalari yakunlari bo‘yicha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari rahbarlarini rag‘batlantirish yoki jazo choralarini qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilinadi.
     

Mavzuga oid