O‘zbekiston | 16:41 / 06.10.2021
5475
3 daqiqa o‘qiladi

“Oxirgi 2–3 yil ichida dunyo bo‘yicha faqat o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining daromadi 1,5 barobar oshdi” - Bahodir Umrzoqov

So‘nggi 2–3 yil davomida o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining daromadi 1,5 barobar oshdi, qolgan davlatlar migrantlarining daromadi esa 3 barobarga tushib ketdi, dedi mehnat vaziri o‘rinbosari.

Foto: Kun.uz

5 oktyabr kuni Toshkentda “O‘zbekiston: besh yillik islohotlar” nomli xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov tashqi mehnat migratsiyasi haqida to‘xtaldi.

“Oldin mehnat migratsiyasiga nisbatan jamiyatda ham, hukumatda ham salbiy fikr bor edi. Mana shu 2-3 yil ichida bizga katta daromad keltiradigan sohani qonuniy-tashkiliy qo‘llab-quvvatlash yo‘liga o‘tdik. Dunyo bo‘yicha taxminan 200 million mehnat migranti bo‘lsa, faqatgina O‘zbekistondan borib ishlayotgan mehnat migrantlari daromadi bir yarim barobar oshdi, qolgan davlatlar esa 3 barobarga tushib ketdi”, – deya vazir o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Umrzoqov ushbu ma'lumot manbasiga aniqlik kiritmadi.

U, shuningdek, mehnat bozoridagi ikkita kamchilikka urg‘u berdi.

“Birinchi va asosiy kamchiligimiz – mehnatga layoqatli, O‘zbekistonda ishlayman degan va ishlayotgan iqtisodiy faol aholimizning salkam 52 foizi norasmiy sohada ishlayotganidir. Rasmiy sohada esa – 48 foiz. Mana shu disbalansni o‘rniga qo‘ysak, budjet va ijtimoiy tushumlar masalalari o‘z-o‘zidan yaxshilanadi.

O‘tgan yil biz 500 ming fuqaromizni norasmiydan rasmiy sohaga o‘tkazamiz deb reja qilgandik, pandemiya beliga tepdi. Lekin 360 mingini o‘tkaza oldik. Bu yili 550 ming kishini rasmiy sektorga o‘tkazish vazifasini qo‘ydik.

Yana bir muhim tarafi, bizda chet elda ishlayotgan fuqarolarimiz rasmiy shtatda hali 1 mln 600 mingi norasmiy sohada ishlashmoqda, biz 360 mingini endi o‘tkaza boshladik, yil oxirigacha 400 ming kishi rasmiy sektorda ishlayotgan bo‘ladi.

Ikkinchi asosiy vazifamiz bu – o‘qish, kasb-hunarga o‘qitish masalasi. Milliy ta'lim tizimining eng past pog‘onasida kasb-hunarga o‘qitish turibdi. Shu boradagi professional ishlarimizni ko‘paytirishimiz kerak. Minglab yangi uylar, yo‘llar qurilmoqda. Lekin ularni ekspluatatsiya qilish borasidagi mutaxassislar yetishmayapti, ko‘pchiligi havaskor.

Hukumat qarori bilan 85ta o‘quv maskanlari bizning tasarrufimizga o‘tkazildi. O‘sha yerda ishlayotgan pedagoglarni qayta o‘qitib, yangi dasturlarni ishlab chiqib, qisqa muddatda 26 yo‘nalish bo‘yicha kasb-hunar mutaxassisligida kadr tayyorlashni boshladik. Agarda o‘tgan yillarda 36 ming kadrni arang tayyorlagan bo‘lsak, bu yil yil tugamasdan 70 ming kishi o‘quvdan o‘tdi va yil oxirigacha 100 ming kishini tayyorlashni maqsad qilganmiz. Keyingi yil 150 ming va undan ko‘proqqa oshirib boraveramiz”, – dedi mehnat vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov.

Avvalroq MDHda umumiy mehnat bozori shakllantirilishi xabar qilingandi.

Mavzuga oid