Italiya janubida migrantlar kemasi cho‘kib ketdi. Kamida 58 kishi halok bo‘lgan
Kamida 58 kishi, jumladan emizikli bir bola ham Italiya janubiy sohillari yaqinida ichida migrantlar bo‘lgan yirik qayiq bo‘ron vaqtida halokatga uchrashi oqibatida vafot etdi.
Kema halokati «Italiya etigi» uchini aks ettiruvchi Kalabriyaning sharqiy sohilidagi Stekkato-Di-Kutro dengiz kurortiga yaqin hududda ro‘y bergan.
Italiya hukumati quruqlik va dengizda keng ko‘lamli qidiruv-qutqaruv amaliyoti boshlagan.
«Ayni vaqtga kelib 80 kishi qutqarilgan, jumladan qayiq halokatga uchraganidan keyin sohilga qadar suzib kelganlar ham», deyiladi sohil xavfsizlik xizmati xabarida.
Ma’lum bo‘lishicha, bortida 150 nafarga yaqin odam bo‘lgan katta qayiq sohilga yaqinlashib, odamlarni tushirishga uringan vaqtda qoyaga urilib, halokatga uchragan.
O‘t o‘chiruvchilar va boshqa qutqaruv xizmatlari gidrosikllar yordamida suvda qolganlarni qidirmoqda, ammo qidiruv ishlarni noqulay ob-havo sharoiti qiyinlashtirmoqda.
Avvalroq Italiyadagi ANSA axborot agentligi plyajda 27 kishi jasadi topilgani, dengizda yana ko‘plab jasadlar borligini xabar qilgandi. O‘t o‘chiruvchilarning rasmiy telegram-kanalida 28 jasad aniqlangani haqida xabar berilgan.
Adnkronos axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, kema bortida Eron, Afg‘oniston, Somali va Pokistondan bo‘lgan mehnat muhojirlari ketayotgandi.
Italiya bosh vaziri Jorjia Meloni hodisa yuzasidan «chuqur hamdardlik» bildirib, odamlar halokati uchun aybdorlikni odam savdogarlari zimmasiga yuklagan.
«Bosh vazir Jorjia Meloni odam savdogarlari tufayli ko‘plab odamlar hayoti zavol topganidan qayg‘uda. Erkaklar, ayollar va bolalarning hayotini ular xavfsiz sayohat qilish umidida to‘lagan «chipta» narxiga almashish insoniylikdan emas», deyiladi uning idorasi bayonotida.
«Hukumat migrantlar sayohati, bu bilan birga shu kabi fojialarning oldini olish harakatlarini davom ettiradi, bu birinchi navbatda bu odamlar kelayotgan mamlakatlar bilan hamkorlikni talab etadi», deyilgan bayonotda.
«Bu noqonuniy migratsiya kanallariga qarshi qat’iy harakatlar zarurligini ko‘rsatgan ulkan fojia», degan Italiya ichki ishlar vaziri Matteo Pyantedozi. Uning so‘zlariga ko‘ra, odam savdogarlari migrantlarga Yevropada «yaxshiroq hayot haqida xayoliy sarob» taklif etib, insonlar hayoti evaziga foyda ko‘rmoqda.
O‘tgan yili saylov kampaniyasida migratsiyaga qarshi qat’iy pozitsiyasini namoyish etib, hokimiyatga kelgan Melonining o‘ng qarashlardagi hukumati Italiya sohillariga migrantlarni qo‘ymaslikka va’da bergan va shu kunlarda dengizda qutqaruv qoidalarini kuchaytiruvchi yangi qonunni qabul qildi.
Yangi qonun migrantlarga yordam ko‘rsatuvchi kemalar bir holatda faqat bir qutqaruv amaliyoti amalga oshirishga ruxsat beradi, bu esa, tanqidchilar fikricha, O‘rta Yer dengizi markaziy qismida shu kabi hodisalar qurbonlari soni ortishiga sabab bo‘ladi.
Italiya - Yevropaga dengiz orqali yetib borishga harakat qiluvchi migrantlar qo‘nadigan asosiy manzillardan biri hisoblanadi. Urush va qashshoqlik bilan to‘qnashgan ko‘p sonli odamlar Yevropada yaxshi hayot izlab, O‘rta Yer dengizini kesib o‘tib, Afrikadan Italiyaga yo‘lga tushishadi.
«Markaziy O‘rta Yer dengizi yo‘nalishi» deb ataluvchi yo‘nalish dunyodagi eng xavflilaridan biri hisoblanadi.
Xalqaro migratsiya tashkilotining «Bedarak yo‘qolgan migrantlar» loyihasi ma’lumotiga ko‘ra, 2014 yildan buyon markaziy O‘rta Yer dengizi yo‘nalishida 20 333 kishi halok bo‘lgan yoki bedarak ketgan.
Mavzuga oid
16:48 / 17.11.2024
Italiyalik tadbirkor o‘g‘irlab ketilishini uyushtirgan o‘zbekistonlik qo‘lga olindi
22:08 / 15.11.2024
Alp tog‘larida turistlar 280 mln yillik qadimiy hayvonlar izlariga duch keldi
18:29 / 12.11.2024
Italiyada 2 mingdan ziyod soxta san’at asarlari musodara qilindi
15:17 / 11.11.2024