Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Mahalla” fondi mablag‘lari qurilish loyihalariga jalb etiladi
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Yangi Toshkent qurilishiga 50 mln dollar, Samarqandda Shirin shaharchasi qurilishiga 150 mlrd so‘m pul beradigan bo‘ldi. Fond, ustaviga ko‘ra, MFYlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj odamlarga ko‘maklashish uchun tuzilgan nodavlat-notijorat tashkilot hisoblanadi.
Yangi Toshkent Chirchiq daryosi bo‘yida quriladi /Foto: Prezident matbuot xizmati
“Mahalla” xayriya jamoat fondining homiylik mablag‘lari yirik shaharsozlik loyihalarini amalga oshirishga jalb etilmoqda. Bu – prezident tomonidan 20 iyul kuni imzolangan ikkita qarorda ko‘zda tutilgan.
“Yangi Toshkent shahrini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda nodavlat tashkilot hisoblanuvchi fondga loyihani moliyalashtirish bo‘yicha topshiriq berilgan.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda 2023 yil 1 sentabrga qadar Direksiyaga o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun “Mahalla” xayriya jamoat fondining G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida ochilgan hisobvarag‘idagi homiylik xayriyalari hisobidan 50 million AQSh dollari ekvivalentidagi mablag‘ni beg‘araz ajratsin”, – deyiladi hujjatda (direksiya deganda Yangi Toshkent shahrini qurish direksiyasi nazarda tutilgan).
Samarqand shahrida Shirin shaharchasini qurish bo‘yicha qarorda esa, loyihaga pul ajratish bo‘yicha “Mahalla” fondining o‘zi taklif kiritgani yozilgan.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi va Samarqand viloyati hokimligining 2023 yil 1 sentabrga qadar Direksiyaga “Mahalla” xayriya jamoat fondining G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida ochilgan budjetdan tashqari g‘azna hisobvarag‘iga tushgan homiylik mablag‘lari hisobidan 3 yil muddatga 150 milliard so‘m foizsiz qarz ajratish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin”, – deyiladi qarorda (direksiya deganda Shirin shaharchasini qurish direksiyasi nazarda tutilgan).
Qayd etilishicha, fond mablag‘lari Shirin shaharchasi qurilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplashga, shaharcha uchun infratuzilma va ijtimoiy soha obektlarini qurishga yo‘naltiriladi. 150 mlrd so‘mlik bu mablag‘ Samarqand viloyati mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan 2025 yildan boshlab har chorak oxirida teng ulushlarda “Mahalla” fondiga qaytariladi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondining ustaviga ko‘ra, fond yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriy mulkiy badallar qo‘shish asosida tashkil etilgan, xayriya, ijtimoiy, madaniy, ma’rifiy yoki boshqa ijtimoiy foydali maqsadlarni ko‘zlaydigan, a’zoligi bo‘lmagan hamda tashkiliy-huquqiy shakli jamoat fondi bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotdir.
Fondning asosiy maqsadi – fuqarolar yig‘inlari faoliyatini va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ko‘maklashishdan iborat.
O‘zbekiston qonunchiligi jamoat fondlariga moliyaviy hisobotlarini jamoatchilikka ochiqlash bo‘yicha majburiyatlar yuklamaydi. Mamlakatda hukumat qarorlari asosida o‘tkaziladigan umumxalq hasharlarida budjet tashkilotlarida ishlovchi xodimlarning bir kunlik ish haqlari “Mahalla” fondiga o‘tkazilishi odat tusiga kirgan.
Mavzuga oid
21:26 / 24.03.2026
Yangi Toshkentda “Buyuk Ipak yo‘li” majmuasi quriladi
20:12 / 24.03.2026
Yangi Toshkentda suvni 232 metr balandlikka otadigan super favvora quriladi
19:13 / 24.03.2026
Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda barpo etilayotgan stadionni ko‘zdan kechirdi
21:24 / 17.02.2026