09:37 / 03.04.2019
4313

«Khan Academy» elektron platformasi mahalliylashtiriladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Khan Academy” elektron platformasini mahalliylashtirish va ommalashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Xalq ta'lim vazirligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Bilim onlayn” nodavlat notijorat muassasasi tomonidan “Khan Academy” elektron platformasini o‘zbek tiliga moslashtirish va ommalashtirish bo‘yicha takliflari ma'qullanishi mumkin.

“Khan Academy” elektron platformasining ma'lumotlarini o‘zbek tiliga moslashtirish va ommalashtirish bo‘yicha choralar quyidagi vazifalarni bajarish uchun amalga oshiriladi:

o‘qituvchilarga yangi o‘qitish metodikalarini qo‘llashni o‘rgatish;

bepul, sifatli bilim olish imkoniyatini yaratish va ta'lim sifatini oshirish;

Internet tarmog‘idagi mavjud ta'lim sohasidagi ochiq axborot resurslarni o‘zbek tiliga tarjima qilish va moslashtirish;

aholi orasida zamonaviy bilimlarni targ‘ib qilish, nazariy va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, aholining ta'lim darajasini va madaniy saviyasini oshirish;

onlayn darsliklar, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar, yangi pedagogik texnologiyalar, ta'lim resurslarini ishlab chiqish va Internet tarmog‘i orqali tarqatish;

zamonaviy usullarni tatbiq qilish yo‘li bilan maktablarda ta'lim berish jarayonini rivojlantirish.

“Khan Academy” elektron platformasini o‘zbek tiliga tarjima qilish, moslashtirish va keng ko‘lamda ommalashtirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar o‘rnatilgan tartibda xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarning grant mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari va qonunchilikda ta'qiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Top