“Tashabbusli budjet” – fuqarolik jamiyati tomon tashlangan qadam
Imkon qadar tezroq fuqarolik jamiyatini – fuqarolarning siyosiy faolligiga asoslangan jamiyatni qurish istak-orzusi bilan yashayapmiz. Chunki aynan shunday jamiyat samarali bo‘lishiga ishonchimiz tobora mustahkamlanib boryapti. Bu yo‘lda erishgan ba’zi muvaffaqiyatlarimiz ham bor, "Tashabbusli budjet" – bunga bir misol.
2021 yil yozida Moliya vazirligi davlat budjeti va qarzini shaffoflashtiruvchi yangilangan “Ochiq budjet” (openbudget.uz) platformasini ishga tushirgan edi. Platforma ichida “Tashabbusli budjet” bo‘limi ham ishga tushdi.
Ushbu bo‘lim orqali fuqarolar o‘zlari yashab turgan hudud infratuzilmasini yaxshilashlari mumkin, xususan ichimlik suvi ta’minoti, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yo‘llar, maktablarni ta’mirlash va jihozlash hamda boshqa masalalar bo‘yicha loyihalarni taklif etib, mahalliy budjetning taqsimlanishida ishtirok etishlari mumkin.
Bu g‘oya mamlakatning turli tumanlarida vatandoshlar tomonidan yuqori qiziqish bilan qarshi olindi. Hatto faollar ichida “xalqimiz ijtimoiy ishlar atrofida faol birlashmaydi deymiz, mana, birlasharkan-ku” degan ovozlar yangradi. Ijtimoiy tarmoqlarda “Falon tumanda falon mahallaning falon loyihasi yutib chiqibdi” degan xabarlarga ko‘zimiz tushyapti.
Joylarda aholi g‘alabani salyut va karnay-surnaylar bilan bayram qilib nishonlayotgan videolardagi samimiylik ham e’tiborga, e’tirofga loyiq. Vodiydagi muxbirimiz Elmurod Ermatovning guvohlik berishicha, odamlarning o‘zaro birdam faolligi evaziga erishilgan bunday yutuq alohida ko‘tarinkilik bilan kutib olinyapti. Bu hol ijtimoiy aloqalarning mustahkamlanishiga ham xizmat qiladi.
Va bu ajablanadigan holat emas – mahalladoshlar birlashib, ko‘pchilik bo‘lib urinishi evaziga erishilgan bu kabi natijalar qilinayotgan ishlarga nisbatan daxldorlik hissini beradi, u esa o‘sha joyda, kichkina bo‘lsa-da, sog‘lom Jamiyat shakllanishiga xizmat qiladi.
Ta’kidlash lozim, keyingi besh yillik Taraqqiyot strategiyasining birinchi bo‘limida erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga doir choralar belgilangan. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil noyabr oyida ikkinchi muddatga saylanganidan keyingi inauguratsiya marosimida demokratik jarayonlar davom ettirilishini ta’kidlagan edi.
“Yangi muddatga lavozimga kirishayotgan Prezident sifatida jonajon Vatanimizning bugungi kuni va kelajagi uchun butun mas’uliyat va javobgarlikni chuqur his etgan holda, aytmoqchiman: Xalqimiz bilan boshlagan demokratik islohotlar yo‘lini yanada qat’iy davom ettiramiz va bu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaymiz! Yangi O‘zbekistonni birgalikda, albatta, barpo etamiz!” – degandi davlat rahbari.
Fuqarolarning bevosita ishtiroki, demakki demokratik yo‘l bilan budjetning bir qismini taqsimlashga oid “Tashabbusli budjet” loyihasida odamlarning faolligini raqamlar ham ko‘rsatib turibdi. Jami 69 ming 700 ta tashabbus bildirilgan, ular orasidan 40 ming 277 tasi moderatsiyadan o‘tib ovozga qo‘yilgan bo‘lsa, ularga umumiy 6 mln 718 ming 133 ta ovoz yig‘ilgan. Eng ko‘p ovoz to‘plagan 2215 ta tashabbus g‘olib deb topildi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur loyiha prezidentning “Ochiq budjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilmoqda. Qaror qabul qilinishi va uning imzolanishida Moliya vazirligining say-harakatlarini e’tirof etgan holda, shu ruh va yo‘nalishdagi ishlar yanada rivojlanishini, shu bilan birga boshqa vazirliklar ham shunga o‘xshash – kishilarda daxldorlik hissini shakllantiruvchi, “kimdir qilib berishini” kutmaydigan, faol kuchli fuqarolik jamiyati tomon qadam bo‘ladigan tashabbuslarni kutib qolamiz.
Shu bilan birga, joylarda loyiha tashviqotini faollashtirish, mahalliy hokimliklarning norasmiy-ma’muriy aralashuvini cheklash mexanizmlari ham ishlab chiqilishi maqsadga muvofiq. Eng asosiysi, saylov jarayonlaridagi islohotlarni davom ettirgan holda, davlat budjeti taqsimlanishida xalq vakillarining rolini keskin oshirish lozim.
Shokir Sharipov
Mavzuga oid
15:07 / 06.02.2023
Muammolarni tezroq hal qilish imkoni: “Tashabbusli budjet” boshlandi
18:26 / 24.11.2022
Toshkentning biqinidagi 30 yildan beri asfalt ko‘rmagan ko‘chalar. Hokimlik 1 so‘m ham ajrata olmasligini aytdi
19:01 / 11.10.2022
Yangi g‘oliblar va 3,5 karra ko‘p mablag‘ - Prezident “Tashabbusli budjet” bo‘yicha yangiliklarni e’lon qildi
11:05 / 07.10.2022