Jahon | 13:50 / 16.09.2023
28184
17 daqiqa o‘qiladi

Halokatdan omon qolganlar: fuqaro aviatsiyasida nosozlik tufayli g‘ayrioddiy qo‘nishni amalga oshirgan samolyotlar

Har kuni osmonga minglab yo‘lovchi samolyotlari ko‘tariladi. Ayrim hollarda ular bilan ko‘ngilsiz hodisalar ham sodir bo‘lib turadi. Bundan bir necha kun oldin ana shunday voqealardan biri Rossiyada kuzatildi. Nosozlik kuzatilgan yo‘lovchi samolyot bug‘doy dalasiga qo‘nishga majbur bo‘ldi. Ushbu materialda turli nosozliklar tufayli g‘ayrioddiy qo‘ndirilgan samolyotlar tarixini hikoya qilamiz.

Foto: alamy.com

2023 yil 12 sentabr kuni «Ural havo yo‘llari» aviakompaniyasiga tegishli Airbus-A320 Sochidan Omsk shahriga parvoz qilayotganida nosozlik kuzatiladi.

Eng yaqin zaxira aerodromi Airbus-A320 parvoz qilayotgan joydan 180 km uzoqlikda ekani ma’lum bo‘lgach, uchuvchilar samolyotni ochiq dalaga qo‘ndirishga qaror qilishadi.

Airbus-A320 Novosibirisk viloyatidagi bug‘doy dalasiga muvaffaqiyatli qo‘ndiriladi. Samolyot bortida 161 nafar yo‘lovchi va 6 nafar ekipaj a’zosi bo‘lib, qo‘nish paytida bir necha kishi yengil jarohat oladi.

Mutaxassislarga ko‘ra, narxi 100 million dollardan oshiqroq turadigan Airbus-A320 samolyotini Novosibirskdagi bug‘doy dalasidan butun olib chiqishning iloji yo‘q.

Chunki samolyot dalada qayta parvoz qila olmaydi. Katta yo‘ldan uzoqligi uchun uni tortib chiqishning ham iloji yo‘q. Samolyotni faqat bo‘laklarga bo‘lib olib ketish mumkin va undan ehtiyot qism sifatida foydalansa bo‘ladi.

Novosibirskda bug‘doy dalasiga qo‘ngan A-320

Novosibirskdagi hodisa yagona emas, 2019 yilda Rossiyada «Ural havo yo‘llari» aviakompaniyasiga tegishli yana bir yo‘lovchi samolyoti kungaboqar dalasiga qo‘nishga majbur bo‘lgandi.

Moskvadan Simferopolga parvoz qilayotgan Airbus-A321 havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay qushlar galasi bilan to‘qnashadi. Shunda ulardan biri samolyot dvigateliga kirib ketib, uni ishdan chiqaradi.

Shundan so‘ng uchuvchilar samolyotni Moskva viloyatidagi Ribinskoye qishlog‘i yaqinidagi kungaboqar dalasiga qo‘ndirishga qaror qilishadi. Airbus-A321 bortida bo‘lgan 233 kishidan (226 nafar yo‘lovchi va 7 nafar ekipaj a’zosi) qariyb 100 nafari tibbiy yordam so‘rab murojaat qiladi.

Keyinchalik surishtiruvlar davomida uchuvchilarning kungaboqar dalasiga qo‘ngani to‘g‘ri qaror bo‘lgani, aks holda samolyot halokatga uchrab barcha halok bo‘lishi mumkinligi e’tirof etiladi. Ikki nafar uchuvchi davlat mukofoti bilan taqdirlanadi.

Moskva viloyatida makkajo‘xori dalasiga qo‘ngan A-321

Fuqaro aviatsiyasida turli nosozliklar bilan bog‘liq bunday noodatiy qo‘nishlar onda-sonda sodir bo‘lib turadi. Quyida ana shunday hodisalardan eng mashhurlarini keltirib o‘tamiz.

10. O‘lim bilan bellashish. 1988 yil 31 dekabr, SSSR.

1988 yil 31 dekabr kuni Kaliningrad-Odessa yo‘nalishi bo‘ylab parvoz qilgan Tu-134 samolyoti uchuvchilari yangi yilni kutib olish uchun shoshilayotgan edi.

Shu sababli ular Odessa aeroportiga qo‘nishda shoshqaloqlikka yo‘l qo‘yadi. Samolyot qo‘nayotganda undagi asboblar Tu-134 me’yordan tez uchayotganini ko‘rsatayotgan bo‘lsa ham, uchuvchilar parvo qilmaydi. Chunki bunday holat avval ham bo‘lgan va ular samolyotni muvaffaqiyatli qo‘ndirishgandi. Biroq bu safar unday bo‘lmaydi.

O‘shanda samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagiga soatiga 330 kilometr o‘rniga 425 kilometr tezlikda tushadi va me’yordan ancha tez harakatlanadi. Oqibatda samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketadi. Uchuvchlar uni aeroport chetiga yetib borganda zo‘rg‘a to‘xtatishga ulgurishadi.

Samolyot bortida bo‘lgan 76 nafar yo‘lovchi va 4 nafar ekipaj a’zosi mo‘jiza tufayli omon qoladi. Agar samolyot yana bir necha o‘n metr harakatlanganda u halokatga uchrar va buning oqibati ayanchli tugashi mumkin edi.

9. Vulqon ustidan uchish. 1982 yil 27 iyun, Indoneziya.

1982 yil 24 iyun kuni British Airways aviakompaniyasiga qarashli Boeing 747 samolyoti London-Bombey, Kuala-Lumpur-Pert-Melburn-Oklend yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilayotib, Indoneziya osmonida noqulay vaziyatga tushib qoladi.

Samolyot Kuala-Lumpur aeroportidan havoga ko‘tarilgach, bir necha minutdan so‘ng uchuvchilar e’tiborsizligi ortidan Indoneziyaning Yava orolida joylashgan harakatdagi Galunggung vulqoni tepasiga borib qoladi.

Shu paytda vulqondan chiqayotgan issiq taft tufayli samolyot fyuzelaji qizib ketadi. Uning saloniga yongan oltingugurtning zaharli hidi kira boshlaydi. Samolyotda 248 yo‘lovchi, 15 nafar ekipaj a’zolari bo‘lgan.

Samolyot ekipaji avvaliga vulqon ustidan uchayotganini umuman sezmaydi. Ko‘p o‘tmay vulqondan chiqayotgan kul avvaliga samolyot fyuzelajini qoplaydi. So‘ng dvigatellarga ham kirib ketadi va ular o‘chib qoladi.

Dvigatellari o‘chgan samolyot qorong‘ida dengiz tepasida uchar, ro‘parada esa Yava oroli qirg‘og‘idagi tog‘lar ko‘rinib turardi. Uchuvchilar zudlik bilan qaror qabul qilishlari kerak edi – samolyotni okeanga qo‘ndirish yoki katta tavakkal qilib, tog‘lar cho‘qqilaridan oshib, aeroportga yetib borish.

Shu paytda uchuvchilar samolyotdagi to‘rtta dvigateldan uchtasini ishga tushirishga muvaffaq bo‘lishadi va samolyotni Jakartadagi aeroportga qo‘ndirishadi.

8. Taygadagi mo‘jiza. 2010 yil 7 sentabr, Rossiya.

2010 yil 7 sentabr kuni Yoqutistonning Udachniy shahridan Moskvaga parvoz qilgan Tu-154 samolyoti mo‘jiza tufayli ayanchli halokatdan qutulib qoladi. O‘shanda uning bortida 72 yo‘lovchi va 9 nafar ekipaj a’zolari bor edi.

Parvozdan 3,5 soat o‘tib, samolyotda to‘satdan elektr ta’minoti yo‘qolib qoladi va Tu-154 dagi barcha uskunalar o‘chadi. Oqibatda yoqilg‘i nasoslari ham ishlamay qoladi. Shuningdek, dispetcherlar bilan ham aloqa yo‘qoladi.

O‘sha paytda samolyotda yoqilg‘i nasosisiz ham foydalansa bo‘ladigan 3 300 litr operativ yoqilg‘i bor edi. Uchuvchilar zaxira generatorni ishga tushirish uchun samolyotni 3 300 metrgacha pastlatishadi.

Operativ yoqilg‘i bor-yo‘g‘i yarim soatga yetadi va bu vaqtda uchuvchilar nosozlikni bartarf eta olmaydi. Shu paytda ular to‘satdan Komi Respublikasida joylashgan Ijme qishlog‘i yaqinidagi zaxira aerodromini ko‘rib qolib, shu yerga qo‘nishga qaror qilishadi.

2010 yilda Komi Respublikasiga qo‘ngan Tu-154 Foto: alamy.com

Bu aerodromda uchish-qo‘nish yo‘lagi bor-yo‘g‘i 1 300 metr bo‘lib, Tu-154 qo‘nishi uchun kamida 2 500 metrlik uchish-qo‘nish yo‘lagi kerak edi.

Uchuvchilarda boshqa tanlov bo‘lmagani uchun ular tavakkal qilishga qaror qiladi va samolyotni Ijmedagi aerodromga muvaffaqiyatli qo‘ndiradi. Faqat samolyot uchish-qo‘nish yo‘lakchasidan chiqib ketib, 164 metr masofada butalardan iborat o‘rmon ichiga kirib ketadi.

Yo‘lovchilar va ekipaj a’zolaridan hech kim jarohat olmaydi. Surishtiruvlarda uchuvchilar to‘g‘ri yo‘l tutgan deb topiladi va ularga davlat mukofotlari topshiriladi.

7. Gudzon mo‘jizasi. 2009 yil 15 yanvar, AQSh

2009 yil 15 yanvar kuni Airbus A320 samolyoti Nyu-York-Sietl yo‘nalishi bo‘ylab parvozni boshlaydi. Parvozdan 1,5 minut o‘tib, samolyot Nyu-York tepasida 975 metr balandlikda bo‘lganida qushlar galasiga duch keladi.

Shunda samolyot dvigatellariga qushlar kirib ketadi va ular ishdan chiqadi. Vaziyatdan xabar topgan dispetcherlar uchuvchilarga Nyu-Jyersi shtatidagi Teterboro yoki Nyuark aeroportlaridan biriga qo‘nishni buyuradi.

Biroq ular dispetcherlar aytgan aeroportlarga yetib borishlariga ko‘zi yetmaydi, bortida 150 yo‘lovchi va 5 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan samolyotni Gudzon daryosiga qo‘ndirishga qaror qiladi.

Gudzon daryosiga qo‘ngan A-320 Foto: alamy.com

Samolyot daryoga qo‘ngan vaqtda suv sovuq bo‘lib, oqibatda 83 nafar odam jarohatlanadi. Shundan so‘ng hodisa yuzasidan surishtiruvlar boshlanadi. Dispetcherlar buyrug‘iga quloq solmagan ekipaj komandiri Chesli B. Sallenbergerga qamoq jazosi xavf soladi.

Surishtiruv davomida Airbus A320 simulyatori bilan urinib ko‘rilganda samolyot Teterboro yoki Nyuark aeroportlarigacha yetib borishi mumkinligi oydinlashadi.

Biroq ekipaj komandiri simulyatordagi uchuvchilar hodisani oldindan bilib harakat qilgani, o‘zi esa bir muddat nima qilishni bilmay qolganini aytadi va inson omilini inobatga olishni so‘raydi.

Shundan so‘ng simulyatordagi uchuvchilarga 5 soniya kam vaqt berishadi. Shunda ular ikkala aeroportgacha yetib borishga ulgurishmaydi. Chesli B. Sallenberger oqlanadi. Biroq ichiga suv kirgan samolyot yaroqsiz holga keladi va aviatsiya muzeyiga topshirib yuboriladi.

6. Neva daryosiga qo‘nish. 1963 yil 21 avgust, SSSR

1963 yil 21 avgust kuni bortida 45 nafar yo‘lovchi va 7 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan Tu-124 samolyoti Estoniya poytaxti Tallin shahridan Moskva tomon parvoz qiladi.

Samolyot havoga ko‘tarilgach ekipaj komandiri uning tumshuq qismidagi shassi oxirigacha yopilmaganini payqaydi. Yordamchi uchuvchi shassini chiqarish uchun rosa urinadi, biroq eplay olmaydi. O‘shanda Tu-124 Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) shahriga yaqinlashib qolgandi.

Ekipaj komandiri ortga qaytmoqchi bo‘ladi. Biroq Tallindagi Yulemiste aeroporti dispetcheri shaharni qalin tuman qoplaganini aytib, ortga qaytishga ruxsat bermaydi.

Shu bilan birga dispetcherlar uchuvchilarga Moskvagacha uchishni ham taqiqlashadi. Ular samolyotdagi yoqilg‘i kamayguncha parvoz qilishni va so‘ng Leningraddagi Pulkovo aeroportiga qo‘ndirish lozimligini aytadi.

Samolyot shahar tepasida 750 litr yoqilg‘i qolguncha uchadi. Bu Pulkovogacha parvozga yetardi. Biroq Tu-124 u yerga yetib borolmaydi.

Samolyot aeroport tomon ketayotganida to‘satdan uning dvigatellari to‘xtab qolib, vaziyat tahlikali tus oladi. Ana shunday vaziyatda ekipaj komandiri oldida samolyotni Neva daryosiga qo‘ndirishdan boshqa chora qolmaydi.

Uchuvchilar daryoning yoyilib oqayotgan joyini tanlab, samolyotni o‘sha yerga qo‘ndiradi. Darhol yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari evakuatsiya qilinadi va ulardan hech kim jarohat olmaydi.

5. Tomi ochilib ketgan samolyot. 1988 yil 28 aprel, AQSh

1988 yil 28 aprel kuni Gavay orollaridagi Xilo shahridan Gonoluli shahriga uchayotgan Aloha Airlines aviakompaniyasiga tegishli Boeing 737 samolyoti bilan avval kuzatilmagan ish sodir bo‘ladi.

Parvoz boshlangandan 23 daqiqa o‘tganda to‘satdan samolyotning biznes-klass va uchuvchilar kabinasi tepasida fyuzelyajni yopib turgan metall konstruksiya uzilib ketadi.

Oqibatda samolyotning tom qismida 35 metr kvadrat joy ochilib qoladi. O‘sha paytda samolyot 7,5 ming metr balandlikda, soatiga 530 kilometr tezlikda parvoz qilar, tepada havo harorati - 45 daraja sovuq edi.

Yengil kiyingan odamlar kuchli shamol bilan urilayotgan qattiq sovuqda muzlab qolishadi va tanalarining ayrim qismlarini sovuq uradi. Uchuvchilar yaqin atrofdagi Kaxuliu aeroportiga qo‘nishga qaror qilishadi.

Samolyotning tomi uzilib ketganidan 11 daqiqa o‘tib, Boeing 737 aeroportga muvaffaqiyatli qo‘nadi. Hodisa tufayli yo‘lovchilardan 65 nafari tanasini sovuqqa oldirib, turli darajada tan jarohati oladi. Samolyotdan otilib chiqib ketgan styuardessaning jasadi topilmaydi.

Surishtiruvlarda samolyotdagi nosozlikka uning fyuzelyajini o‘rab turgan metall korroziyaga uchrab, zanglab yemirilgani sabab bo‘lgani aniqlanadi. Shundan so‘ng samolyot hisobdan chiqariladi va metallni qayta ishlash korxonasiga topshirib yuboriladi.

4. Shassisiz qo‘nish. 2016 yil 27 mart, Qozog‘iston

2016 yil 27 mart kuni Qizilo‘rda-Astana yo‘nalishida parvoz qilgan Bek Air aviakompaniyasiga qarashli Fokker 100 samolyoti poytaxt aeroportiga yetib kelganda uning old shassisida nosozlik kuzatilib, ular ochilmay qoladi.

Uchuvchilar Astana tepasida 50 daqiqa uchib, shassini ochishga urinadi. Biroq buning iloji bo‘lmaydi. Samolyotdagi yoqilg‘i tugab borardi. Shu sababli uchuvchilar uni shassisiz qo‘ndirishga qaror qiladi.

Qo‘nish muvaffaqiyatli kechadi va samolyot bortida bo‘lgan 116 nafar yo‘lovchi va 5 nafar ekipaj a’zosidan hech kim jarohat olmaydi. Qo‘nish chog‘ida samolyotning metall konstruksiyalari betonga ishqalanib, uchqun chiqaradi, biroq yong‘in sodir bo‘lmaydi.

Oradan uch yil o‘tgach Bek Air aviakompaniyasiga qarashli boshqa bir Fokker 100 samolyoti Olmaota aeroportidan havoga ko‘tarilish chog‘ida halokatga uchraydi.

Oqibatda, samolyot 2 qavatli binoga borib uriladi va uning bortida bo‘lgan o‘nlab odamlar halok bo‘ladi. Boshqalari jarohatlanadi.

Shundan so‘ng Qozog‘istonda Fokker rusumli samolyotlarning parvozi butunlay to‘xtatiladi. Mamlakatdagi asosiy xususiy aviakompaniya bo‘lgan Bek Air’ga berilgan litsenziya olib qo‘yiladi. Ko‘p o‘tmay kompaniya o‘z faoliyatini to‘xtatadi.

3. Burunsiz uchgan samolyot. 2017 yil 29 iyul, Turkiya.

2017 yil 29 iyul kuni Xarkov-Istanbul-Erjon (Bu shahar Shimoliy Kiprda joylashgan) yo‘nalishida parvoz qilgan A-320 samolyoti bilan kutilmagan ish sodir bo‘ladi.

Xarkovdan uchgan Atlasjet Ukraine aviakompaniyasiga tegishli samolyot Istanbulga qo‘ngach, u yerdan Erjonga parvoz qilish uchun havoga ko‘tariladi. 

Ko‘p o‘tmay kuchli do‘l samolyotning burun qismini uzib yuboradi. Bu paytda u 1 500 metr balandlikda edi.

Istanbul osmonida kuchli do‘l burun qismini uzib yuborgan samolyot

Do‘l shu darajada kuchli yog‘adiki, hatto uchuvchilar kabinasidagi oynani ham sindiradi. Oqibatda ular tashqarini umuman ko‘ra olmay qolishadi. Shundan so‘ng ortga, Istanbulga qaytishga qaror qilishadi.

Uchuvchilar yonni ko‘radigan oynadan uchish-qo‘nish yo‘lakchasini ko‘rib, dispetcherlar yordamida samolyotni amallab Istanbul aeroportiga qo‘ndirishadi. Ular shu tariqa samolyot bortida bo‘lgan 127 kishining hayotini saqlab qoladi.

2. Samolyotni ekipaj komandirsiz qo‘ndirish. 1990 yil 10 iyun, Britaniya.

1990 yil 10 iyun kuni Britaniyaning British Airways aviakompaniyasiga qarashli BAC 1-11 samolyoti Birmingemdan Ispaniyaning Malaga shahriga qarab parvoz qiladi. O‘sha kuni uning bortida 81 nafar yo‘lovchi, 6 nafar ekipaj a’zolari bor edi.

Parvozdan 13 daqiqa o‘tgach samolyot Oksfordshir grafligida 5273 metr balandlikda ucha boshlaydi. Shu paytda samolyot kabinasining chap tomonidagi old oyna fyuzelyajdan ajralib chiqib ketadi.

Uchuvchilar kabinasiga kirgan kuchli shamol ekipaj komandiri Tim Lankasterni kreslosidan yulib oladi va tashqariga tortadi. Uning oyog‘i shturvalga ilinadi va bort kuzatuvchisi Nayjyel Ogden uchuvchining oyoqlaridan tutib qoladi. Unga bort kuzatuvchilari yordamga keladi.

Kuchli shamol Tim Lankasterning kiyimlarini yulqib ketadi va o‘zini fyuzelajning tom qismiga, uchuvchilar kabinasi tepasiga yuzi tepaga qaragan holda yopishtirib qo‘yadi.

Bu paytda samolyot uchayotgan balandlikda havo harorati qariyb 20 daraja sovuq bo‘lib, kuchli shamolda fyuzelaj tepasiga yopishib qolgan ekipaj komandirining tirik qolishi dargumon edi. Shu sababli hamkasblari uni halok bo‘ldi deb o‘ylaydi. Biroq u tirik edi.

Samolyotni ikkinchi uchuvchi Alastar Atchinson boshqara boshlaydi va yerdagilarga ogohlantirish signali yuboradi. Unga Sautgempton aeroportiga qo‘nishga ruxsat berishadi.

Oradan bir necha daqiqa o‘tib, samolyot Sautgempton aeroportiga muvaffaqiyatli qo‘nadi. Darhol yo‘lovchilarni evakuatsiya qilish ishlari boshlanadi. Eng avval ekipaj komandirini shifoxona olib ketishadi. Shifokorlar uchuvchining hayoti saqlab qolinadi va olti oy o‘tgach u ishiga qaytadi.

1. Bo‘ronda qo‘ngan samolyot. 2017 yil 6 oktyabr, Germaniya

2017 yil 6 oktyabr kuni Dubay-Dyusseldorf yo‘nalishida uchgan Emirates aviakompaniyasiga qarashli A-380 samolyoti uchuvchilari juda Germaniyada juda katta tavakkal qilishadi.

Ular Dyusseldorfda juda kuchli shamol esib, bo‘ron bo‘lib turganiga qaramasdan yirik samolyotini shahar aeroportiga qo‘ndirishga qaror qilishadi.

O‘sha paytda aeroport hududida shamol tezligi sekundiga 22 metrni tashkil etib, ko‘ruvchanlik juda past bo‘lgan.

Dyusseldorfda kuchli shamol dunyodagi eng katta A-380 samolyotini uchish-qo‘nish yo‘lakchasidan surib ketgandi. Foto: tagesanzeiger.ch

Qo‘nish paytida kuchli shamol samolyotni tebratib yuboradi. Biroq uchuvchilar o‘z mahoratlarini ko‘rsatib, uni eson-omon qo‘ndirishga muvaffaq bo‘lishadi.

Ma’lumot uchun, A-380 samolyotlariga 800 nafargacha yo‘lovchi o‘rni bo‘lib, u dunyodagi eng yirik yo‘lovchi samolyoti hisoblanadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid