Qozog‘iston hukumati bergan ma'lumotga ko‘ra, avariya Olmaota aeroportidan ko‘tarilishda ro‘y bergan: poytaxt Nur-Sultonga yo‘l olgan Fokker rusumli samolyoti havoga ko‘tarilish vaqtida balandlikni yo‘qotib, beton to‘siqni buzib o‘tgan va ikki qavatli imoratga borib urilgan, shundan so‘ng aholi turar joylari hududiga qulagan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, bortda 95 yo‘lovchi va ekipajning 5 a'zosi bo‘lgan.

Qozog‘iston IIV ma'lumotiga ko‘ra, halokat joyidagi qutqaruv ishlariga 976 kishi va 70ta texnika, shuningdek 33ta tez tibbiy yordam brigadasi jalb qilingan.

Jarohatlangan 66 kishi shifoxonaga olib borilgan, shundan 50 kishi shifoxonaga yotqizilgan. Ayni vaqtda ularning 12 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda.

Xabar qilinishicha, samolyotda halokatdan keyin yong‘in chiqmagan, lekin Reyter agentligi muxbiri hodisa joyi quyuq tuman paydo bo‘lganini xabar qilgan.

Qozog‘iston bosh vazirining topshirig‘iga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosari boshchiligida hukumat komissiyasi tuzildi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev halokat qurbonlarining yaqinlariga hamdardlik bildirgan va barcha aybdorlar qat'iy jazolanishini ma'lum qilgan.

Bek Air aviakompaniyasi parkidagi Fokker 100 rusumli samolyotlar Niderlandiyada ishlab chiqarilgan. Halokatdan keyin Qozog‘iston hukumati bu tipdagi laynerlar parvozi to‘xtatilganini e'lon qildi. Shuningdek, Bek Air aviakompaniyasi faoliyati ham to‘xtatildi.