Imtiyoz va preferensiyalar – tadbirkorlikni rivojlantirishmi yo soliqdan qochish vositasi?
Imtiyoz va preferensiyalar bozor monopollashuvini rag‘batlantirishi mumkin. Imtiyozlar kimlarga berilgani bo‘yicha ma’lumotlar ochiq emasligi lobbizmning kuchayishiga olib kelmoqda. Tadqiqotchi Dildora Anvarova Kun.uz'ga taqdim etgan maqolasida shu haqda so‘z yuritadi.
Mamlakat iqtisodiyoti va investitsiya jozibadorligini rivojlantirish maqsadida qilinayotgan islohotlar jarayonida tadbirkorlik sub’yektlariga qonunchilikda belgilangan tartibda soliq va bojxona imtiyozlari va preferensiyalarini taqdim etish orqali biznesni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Iqtisodiyotning milliy tarmoqlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan imtiyoz va preferensiyalar berishdan ko‘zlangan maqsad – sohani rivojlantirish, raqobatbardoshlikni oshirish hamda to‘laqonli sog‘lom raqobat muhitida ishlashga tayyorlashdir.
Biroq, amaliyot shuni ko‘rsatadiki, taqdim etilgan imtiyozlar va preferensiyalardan samarasiz foydalanish tarmoqlarning rivojlanishiga salbiy ta’sir qilib, bozor monopollashuvini rag‘batlantirishi mumkin.
Shuningdek, o‘rganish natijalariga ko‘ra:
- imtiyozlar va preferensiyalardan soliqdan qochish vositasi sifatida foydalanish oqibatida suiiste’molliklarga yo‘l qo‘yilayotgani;
- xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga imtiyozlar taqdim etilishining shaffof mexanizmlari joriy etilmagani;
- ularni taqdim etishdan ko‘zlangan maqsadlarga erishilganini baholash va foydalanish ustidan tizimli monitoring o‘rnatilmagani;
- muddatsiz imtiyozlarni berish holatlari ortib borayotgani;
- imtiyoz berish shartlari hamda uni tugatish va bekor qilishning huquqiy asoslari mavjud emasligi kabi omillar aniqlandi.
1. Imtiyoz va preferensiyalar instituti huquqiy jihatdan yetarli darajada qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan.
Bugungi kunda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga soliq va bojxona to‘lovlarini to‘lamaslik yoki ularni kamroq miqdorda to‘lash, tender savdolarsiz xarid qilish, imtiyozli kreditlash, ayrim turdagi faoliyat turlarini imtiyozli ravishda amalga oshirish va boshqa turli eksklyuziv huquqlar taqdim etilgan. Shu bilan birga, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga taqdim etilayotgan afzalliklarning qaysi turi imtiyoz hisoblanishi, imtiyozlar qanaqa ko‘rinishda bo‘lishi amaldagi qonun hujjatlarida aniq belgilab berilmagan.
Ma’lumot uchun: Soliq kodeksining 75-moddasiga ko‘ra, soliq to‘lovchilarning ayrim toifalariga boshqa soliq to‘lovchilarga nisbatan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan afzalliklar, shu jumladan soliqni to‘lamaslik yoki ularni kamroq miqdorda to‘lash imkoniyati soliq imtiyozlari deb e’tirof etiladi.
Preferensiya (lot. praeferentia – afzal ko‘raman) – biror-bir faoliyat turini qo‘llab-quvvatlash uchun ayrim davlatlar, korxonalar, tashkilotlarga beriladigan afzalliklar, imtiyozlar. Preferensiyalar soliqlarni kamaytirish, bojxona bojlaridan to‘lovlardan ozod qilish, imtiyozli kreditlar taqdim etish shakllarida amalga oshiriladi.
Soliq kodeksining 75-moddasida keltirilgan ta’rifda “soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan afzalliklar” iborasi keltirilgan, lekin bu afzalliklar imtiyozlar va preferensiyalarning to‘liq mazmunini qamrab olmaydi hamda qonun hujjatlarida imtiyozlar asosan qanday ko‘rinishlarda taqdim etilishi belgilanmagan.
Natijada, ushbu holat nosog‘lom raqobat muhiti shakllanishi bilan birgalikda imtiyozlarni suiiste’mol qilish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan yuridik shaxslarning javobgarligini belgilash imkonini bermasdan qolmoqda.
Qonunchilik hujjatlari tahlili shuni ko‘rsatdiki, 2016 yilning 1 yanvaridan 2021 yilning sentabrgacha bo‘lgan davrda jami 300 dan ortiq, shu jumladan, 55 ta davlat korxonasi va uyushmalariga yakka tartibdagi individual xarakterdagi soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar berilgan.
2. Imtiyoz hamda preferensiyalar muddatsiz yoki 3 yildan ortiq muddatga berilgan.
Taqdim etilgan 300 ta imtiyozdan 120 tasi amal qilish muddati ko‘rsatilmagan holda (muddatsiz), 54 ta imtiyoz 3 yildan ortiq muddatga berilgan.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 31 maydagi PQ-3756-son qaroriga asosan imtiyoz hamda preferensiyalar 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga beriladi.
Ma’lumot uchun: 1991 yildan 2016 yilgacha bo‘lgan davr uchun bunday imtiyozlarning umumiy soni 40 ga yaqinni tashkil etgan, o‘rganilgan davrda bu davrga nisbatan 9,5 barobar o‘sish qayd etilgan.
3. Imtiyoz va preferensiyalar taqdim etishning aniq talablari
va shartlari belgilanmagan.
Imtiyoz va preferensiyalarni taqdim etishda davlatning talablari va shartlari, ulardan foydalanuvchilar tomonidan erishilishi lozim bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlar aniq belgilab berilmasdan qolmoqda.
Natijada xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda imtiyozlardan unumli va samarali foydalanish mas’uliyatsizligini keltirib chiqarib, faqatgina soliqdan qochish manfaati kuchayishiga olib kelmoqda.
4. Imtiyozlar va preferensiyalarni qo‘llash samaradorligini monitoring qilish va baholash tizimi mavjud emas.
Amaldagi qonunchilikda, shu jumladan bevosita soliq masalalarini tartibga soluvchi Soliq kodeksi hamda boshqa qonun hujjatlarida taqdim etilgan imtiyozlar va preferensiyalarni qo‘llash samaradorligini baholash va monitoring qilish masalalari deyarli tartibga solinmagan. Shuningdek, mazkur vazifa biron-bir vakolatli organga yuklatilmagan.
Oqibatda, imtiyozni qo‘llash muddatini oldindan bekor qilish masalasini o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi hamda samarasiz foydalanilgan imtiyoz summalarini budjetga majburiy qaytarishga imkon bermasdan qolmoqda.
Ma’lumot uchun: Moliya vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga soliq imtiyozlarini qo‘llash samaradorligini monitoring qilish va baholash tizimini joriy etish (26.06.2018 y. PQ-3802-son qarori) topshirig‘i yuklangan. Biroq ushbu tartib bugungi kunga qadar tasdiqlanmagan.
5. Imtiyoz va preferensiyalardan foydalanish natijadorligi bo‘yicha ma’lumotlar ochiq e’lon qilinmaydi hamda ulardan foydalangan tashkilotlar ro‘yxati ochiqlanmagan.
Xo‘jalik boshqaruvi organlariga berilgan imtiyozlarning samaradorligini ochiq e’lon qilish tizimining joriy etilmaganligi bozordagi nosog‘lom raqobat muhitida faoliyat yuritishiga olib kelmoqda.
Kvazi-davlat sektori uchun imtiyozlar berish tizimini o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, ularga, shuningdek, ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga, jami 250 dan ortiq individual imtiyoz va preferensiyalar berilgan, bu o‘z navbatida, ichki bozor raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, alohida imtiyoz va preferensiyalarga ega xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning tadbirkorlik faoliyati faolligini pasaytiradi va xususiy sektorning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi.
Shu bilan birga, imtiyoz va preferensiyalardan foydalanish natijadorligi bo‘yicha ma’lumotlar va ulardan foydalangan tashkilotlar ochiq e’lon qilinmasligi sohadagi lobbizmning kuchayishi hamda individual imtiyozlar berish tendensiyasining o‘sishiga olib kelmoqda.
6. Davlat tomonidan berilayotgan imtiyoz va preferensiyalardan samarasiz foydalanish tarmoqlarning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, uning iqtisodiy salohiyatini pasaytirishi va bozor monopollashuvini rag‘batlantirishi mumkin.
So‘nggi paytlarda avtomobil sanoatiga berilgan imtiyozlar jamoatchilik tomonidan tanqid ostiga olinayotgani kuzatilmoqda. Respublikaga chet el avtomashinalarini olib kirganlik uchun yuqori bojlar va aksiz soliqlarining o‘rnatilishi – UzAuto Motors AJ uchun eng asosiy imtiyoz hisoblanadi. Bundan tashqari, avtotransport ishlab chiqaruvchilar butlovchi qismlarni import qilishda QQS (qo‘shimcha qiymat solig‘i) bo‘yicha ham imtiyozlarga ega edilar. Biroq bu ularning samaradorlikni oshirish va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishlariga yordam bera olmadi.
Ma’lumot uchun: UzAutoMotors'ga 2021 yilning olti oyida 1,9 trillion so‘mlik (177,6 mln dollar) bojxona imtiyozlari va preferensiyalar berilgan. Mazkur 1,9 trln so‘mlik imtiyozlarning asosiy qismi bojxona bojiga to‘g‘ri keladi – 1,64 trln so‘m, shuningdek QQS – 255,6 mlrd so‘m, aksiz solig‘idan – 356,7 mln so‘mlik imtiyoz berilgan. Ayni shu davrda esa UzAuto Motors 902 mlrd so‘m sof foyda olgan. Berilgan imtiyoz va preferensiyalar va kompaniya olgan foyda nisbati taqqoslanganda 1 trln so‘m zarar kelib chiqadi.
Xorijiy mamlakatlar tajribasi
Buyuk Britaniyada imtiyozlar samaradorligini baholashni Iqtisodiyot va moliya vazirligi (HM Treasury), Foyda va bojxona xizmati (Her Majesty's Revenue and Customs, HMRC) va Soliq tizimini soddalashtirish boshqarmasi (Office of Tax Simplification, OTS) tomonidan amalga oshiriladi.
Mazkur imtiyozlar samaradorligini baholash metodologiya asosida amalga oshirilib, natijalar asosida hisobot tuziladi. Xisobot G‘aznaga yuboriladi hamda kelgusi yil uchun budjetni rejalashtirishda hisobga olinadi.
Imtiyozlar samaradorligini baholashda quyidagi mezonlardan foydalaniladi:
- imtiyoz zaruratining siyosiy asosi va oqibatlari;
- amaldagi imtiyozni o‘zgartirish yoki bekor qilishning ehtimoliy oqibatlari;
- soliq to‘lovchilarning xabardorlik darajasi va ishtiroki;
- imtiyoz olish bilan bog‘liq chiqimlar va ma’muriy xarajatlar;
- mavjud imtiyozlarning soliq to‘lovchining xatti-harakatiga ta’siri.
Buyuk Britaniyada rasmiy manbalarda chop etiladigan soliq imtiyozlarini baholash hisobotlarini yuritish amaliyoti muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda. Xususan 108 ta soliq imtiyozlari, ularning qo‘llash samaradorligi baholash natijalari bilan soliq imtiyozlari reyestrida e’lon qilib boriladi.
Germaniyada 20 ta eng muhim soliq imtiyozlarini baholash Federal moliya vazirligining buyrug‘i bilan uchta tadqiqot guruhi tomonidan tanlov asosida amalga oshirildi. Ijrochilar orasida Kyoln shahri universiteti, “Copenhagen Economics ApS” Daniya konsalting kompaniyasi va Mangeymdagi Yevropa ilmiy tadqiqotlar markazi bor. Har bir markaz muayyan soliq imtiyozlarini ekspertiza qilish va baholashni amalga oshiradi.
Imtiyozlar samaradorligini baholash mexanizmi Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. Baholash xisoboti uch qismdan iborat:
- imtiyozni saqlab qolish, o‘zgartirish yoki bekor qilish bo‘yicha mutaxassislar tavsiyasi hamda bajarilgan baholash natijalarining xulosasi;
- har bir imtiyozni baholash natijalari taqdimotini o‘z ichiga olgan doklad;
- imtiyoz natijadorligining budjetga ta’siri to‘g‘risidagi hisobot.
Yuqoridagi tahlillardan kelib chiqib, xorijiy davlatlar tajribasiga asoslanib quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish taklif etiladi:
1) imtiyoz va preferensiyalarni inventarizatsiyadan o‘tkazgan holda, ularning iqtisodiyotga va sog‘lom raqobat muhitiga salbiy ta’sirini chuqur tahlil qilish va qonun hujjatlariga muvofiq tubdan qayta ko‘rib chiqish;
2) imtiyoz va preferensiyalarni taqdim etishda davlatning talablari va shartlari, ulardan foydalanuvchilar tomonidan erishilishi lozim bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlarni aniq belgilash mexanizmini joriy etish;
3) imtiyoz va preferensiyalarning tushunchasini, turlari va shakllarini to‘liq ifodalaydigan ta’rifini qonun hujjatlarida nazarda tutish;
4) davlat tomonidan imtiyoz va preferensiyalar taqdim etiladigan sohalar va tarmoqlar doirasini aniq belgilash;
5) imtiyozlar va preferensiyalarni qo‘llash samaradorligini monitoring qilish va baholash, samarasiz foydalanilgan imtiyoz summalarini budjetga majburiy qaytarish tizimini joriy etish hamda mazkur vazifani amalga oshiruvchi vakolatli organni belgilash;
6) imtiyoz va preferensiyalardan foydalanish natijadorligi bo‘yicha ma’lumotlar hamda ulardan foydalangan tashkilotlar ruyxatini ochiqlab borish.
Dildora Anvarova,
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti bosh maslahatchisi
Mavzuga oid
17:18 / 14.11.2024
Elektromobil bozorini qisish uchun oxirgi bir yilda nimalar qilindi?
20:33 / 13.11.2024
«O‘zbekiston temiryo‘llari» 1 dekabrdan yuk tashish tariflarining vagon qismini 30 foizga oshiradi
08:08 / 07.11.2024
Monopoliyaga qarshi organ roziligisiz davlat ishtirokidagi korxona tashkil etilgan 4 ta holat aniqlandi
14:06 / 26.10.2024