Jahon | 21:13 / 04.11.2024
7684
6 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyada «yolg‘izlik epidemiyasi»: odamlar tashqi dunyodan uzilib, yaqinlaridan uzoqda vafot etmoqda

Koreyada o‘z uyida yolg‘izlikda vafot etish holatlari ortib ketdi. Seul hukumati «yolg‘izlik epidemiyasi»ni jiddiy muammo deya e’lon qilib, yaqin besh yilda uni hal etishga 327 million dollar ajratilishini bildirdi.

Foto: Pexels

2024 yil oktyabr oyida Janubiy Koreya Sog‘liqni saqlash vazirligi aholi orasida «yolg‘iz o‘lim» — tashqi dunyodan uzilib, o‘z uyida yolg‘izlikda vafot etish holatlari ortib ketgani to‘g‘risida xabar berdi. 2021 yilda mamlakatda 3378 ta shu kabi o‘lim holati qayd etilgan bo‘lsa, 2022 yilda — bu 3559 tani, 2024 yilda esa 3661 tani tashkil etgan. Seul hukumati «yolg‘izlik epidemiyasi»ni jiddiy muammo deya e’lon qilib, yaqin besh yilda uni hal etishga 451,3 milliard von (327 million dollar) ajratilishini ma’lum qildi. CNN «yolg‘izlik epidemiyasi» sabablari, koreyalik amaldorlarning bunga qarshi rejalari, shuningdek, ushbu muammo nafaqat Osiyo davlatiga, balki butun dunyoga taalluqli ekani bo‘yicha material tayyorladi.

«Yolg‘izlik epidemiyasi» qurbonlarining aksariyati erkaklar — oxirgi bir yil ichidagi «yolg‘iz o‘lim» holatlarining 84 foizi ular hisobiga to‘g‘ri keladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, erkaklar orasida bunday holatdagi o‘limlarning umumiy soni ayollarnikidan besh barobarga oshib ketgan. Rasmiylar 50-60 yosh oralig‘idagi erkaklarni alohida xavf zonasiga kiritmoqda: 2023 yilda ular jami «yolg‘iz o‘lim» holatlarining yarmidan ortig‘ini tashkil etdi.

Myondji universitetining psixologiya bo‘yicha professori An Sudjonning hisoblashicha, koreyslarni boshqa millat vakillaridan ko‘ra ko‘proq yolg‘izlikka moyil deb atash qiyin. Ammo ayrim madaniy jihatlar Janubiy Koreya aholisini ancha zaiflashtiradi va ularga ijtimoiy faollikni qo‘llab-quvvatlashga xalaqit beradi.

An Sudjonning so‘zlariga ko‘ra, yolg‘izlik deganda odatda munosabatlardan qoniqmaslik tushuniladigan boshqa davlatlardan farqli o‘laroq, koreyslar o‘zlarini «nimagadir noloyiq deb hisoblaganda yoki hayotdagi maqsadlari yetishmaganda» yolg‘iz hisoblaydi.

Boshqa ekspertlarning aytishicha, milleniallar va Janubiy Koreyadagi «Z-avlod» vakillari tanqidlarga juda chidamsiz. Shu bilan birga, ular o‘zlarini qattiq tanqid qiladi va omadsizlikka uchrasa, o‘ta tushkunlikka tushadi.

Ushbu omillarning barchasi ko‘pincha odamlarning yakkalanib qolishlariga va kerakli yordamni olmasliklariga olib keladi.

An Sudjonning tushuntirishicha, koreyslar faol hayot tarzini kechirayotgan bo‘lsa ham yolg‘izlikni his qilishlari mumkin. Yolg‘izlik hissi atrofdagi odamlarga bog‘liq — Janubiy Koreya aholisi yaqinlari yoki jamiyat uchun yetarlicha ish qilmayotgandek his qilsa, o‘zini yolg‘iz hisoblaydi. Yakkalanishning sababi ko‘pincha o‘zini boshqalar bilan taqqoslash va o‘zining «foydaliligi» haqida shubha qilishdir. An Sudjonning Yonse universiteti ta’lim fakulteti xodimi So Yon Sok bilan hamkorlikdagi tadqiqotida «yolg‘izlik epidemiyasi» sabablari qatorida ish va oilada ijtimoiy munosabatlarning qisqarishi, ijtimoiy tarmoqlar ta’sirining kuchayib borayotgani, shuningdek, koreys madaniyatining shaxsiy yutuqlarga qaratilgani keltirilgan.

«Qachonki, barchamiz bir xil maqsad ortidan quvar ekanmiz, biz o‘zimizni yo‘qotamiz. Jamiyatimiz kollektivlikni talab qiladi, ammo ko‘pincha alohida shaxslarni e’tiborsiz qoldiradi», — deydi Sudjon.

Shunga qaramay, so‘nggi yillarda yolg‘izlik bilan bog‘liq muammolar Janubiy Koreya uchun o‘ziga xos hodisa. Yaponiyada xikikomori fenomeni rivojlangan — ushbu termin ijtimoiy hayotdan voz kechgan, deyarli butun vaqtini uyda va izolyatsiyada o‘tkazadigan odamlarni ta’riflashda ishlatiladi. Bunday holatlar dunyoning boshqa davlatlarida, jumladan, AQSh, Germaniya, Fransiya va Rossiyada ham kuzatiladi. 2021 yil ma’lumotlariga ko‘ra, Janubiy Koreyada 19-31 yosh oralig‘idagi aholining 540 ming nafarini xikikomorilar tashkil etgan.

Ko‘plab davlatlar fuqarolar o‘zini izolyatsiyalashiga qarshi choralar ko‘rishga urinmoqda. Masalan, Buyuk Britaniyada 2018 yilda yolg‘izlik masalalari bo‘yicha vazir lavozimi joriy etilgan. 2023 yili AQShda jarroh Vivek Myorti «yolg‘izlik va izolyatsiya epidemiyasi» boshlanishidan ogohlantirgan edi. O‘sha yilning o‘zida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yolg‘izlik muammolariga qarshi kurash uchun ijtimoiy aloqalar bo‘yicha komissiyani ishga tushirgan. JSST ekspertlari yolg‘izlikni «salomatlik uchun jiddiy xavf» deb atagan.

«Yolg‘izlik va izolyatsiya — bu alohida insonlarning muammolari emas, balki jamiyat birgalikda javob qaytarishi kerak bo‘lgan chaqiriqlardir», — degan edi Seul meri O Se Xun 2024 yil oktyabr oyida. Siyosatchining aytishicha, hukumat yolg‘iz insonlar «jamiyatga qaytishi» uchun «shaharning barcha imkoniyatlarini» ishga soladi.

Seul administratsiyasi yangi yashil hududlar ochish, psixologik qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish va «qidiruv tizimi»ni joriy etishni reja qilgan. Hukumat, shuningdek, fuqarolarning ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalari uchun maxsus ovqatlanish tartibini ishlab chiqish va odamlarni faol hayot tarzini olib borishga undashni rejalashtirmoqda: ochiq havoda vaqt o‘tkazish, bog‘dorchilik va sport bilan shug‘ullanish, kitob klublariga borish.

O‘tgan yili Janubiy Koreya hukumati yolg‘iz qolgan yoshlarga moddiy yordam olish huquqini beruvchi qonunchilikka tuzatish kiritgandi. Unga muvofiq, ijtimoiy munosabatlar yetishmayotganidan aziyat chekayotgan koreyslar har oy 650 ming vongacha (475 dollar) pul olishlari mumkin. Ushbu chora-tadbirlar ularni «jamiyatga qaytarishga» yordam berishi kutilmoqda.

Mavzuga oid