O‘zbekiston | 13:02 / 15.04.2017
42005
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yana garajlar buzilib, yangi turdagi avtoturargohlar quriladi

Bugun, 15 aprel kuni poytaxt hokimligida "Toshkent shahrining tumanlari hududida avtomototransport vositalarini saqlash joylarini tartibga keltirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari"ga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. 

Unda Toshkent shahrining tuman, mavze, dahalar hududida shaharsozlik, sanitar va yong‘in xavfsizligi talablariga hamda aholi xavfsizligiga javob bermaydigan temir beton garajlar mavjudligi, qolaversa, ushbu temir beton garajlar hududlarda ko‘p qavatli turar-joy binolarining ichki qismida joylashgan bo‘lib, aholi tomonidan boshqa maqsadlarda ham foydalanib kelinayotgani ta'kidlandi. Bunda turli xil buyumlarni saqlash, ikkilamchi qog‘oz va yelim mahsulotlarini yig‘ish shoxobchalari, o‘zboshimchalik bilan turar-joy sifatida foydalanilishi sababli ushbu temir beton garajlar atrofida maishiy chiqindilar to‘planishi, turli xil jinoyatlar sodir etilishiga, tez tibbiy yordam va yong‘in xavfsizligi hamda ichki ishlar maxsus avtomototransport vositalari belgilangan manzillarga kelishiga noqulayliklar tug‘dirmoqda.

Avtomototransport vositalarining kundan kunga ortib borishi va ularni vaqtinchalik saqlash joylari yetishmasligi natijasida avtomototransport vositalari egalari tomonidan Toshkent shahrining tuman, mavze, dahalar hududida avtomototranstport vositalarini belgilanmagan joylarda, ya'ni turar-joy mavzelari ichida, ko‘p qavatli turar-joylar oldida qoldirish holatlari ko‘paymoqda. Shu bilan birga, qarovsiz qoldirilgan avtomototransport vositalarini tunash bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilmoqda.

Jumladan hozirgi kunda tuman, mavze, dahalar hududida shaharsozlik va sanitar talablariga, yong‘in xavfsizligi talablariga hamda aholi xavfsizligiga javob bermaydigan tartibsiz joylashtiriligan temir beton garajlar 25,63 gektarli yer maydonlarini egallagan bo‘lib, 8470 dona avtomobillarni joylashtirish imkoniyatiga ega. 

Bundan tashqari yuridik shaxslar tomonidan jami 69,16 gektarli yer maydonlari egallangan bo‘lib, sig‘imi 27413 dona avtomobilni joylashtirish imkoniyatiga ega. Biroq ushbu avtoturargohlarning yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan talablarga javob bermasligi hamda ulardan boshqa maqsadlarda ham foydalanish holatlari kuzatilmoqda.

Shuningdek, Toshkent shahrining tuman, mavze, dahalar hududida, markaziy shoh ko‘chalari bo‘yida joylashgan to‘yxona hamda savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmualarining ba'zilarida avtoturargohlar yetarlicha bo‘lmaganligi hamda fuqarolar tomonidan avtomototransport vositalarini yo‘l yoqa qismiga va belgilanmagan joylarda qoldirilishi sababli yo‘l qatnov qismida tirbandliklar vujudga kelib transport vositalarini harakatlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining ma'lumot berishicha, poytaxtda avtomototransport vositalari soni 2017 yil 1 mart holatiga ko‘ra 19 foizga ortganini ko‘zatishimiz mumkin. Shu boisdan tuman mavze, dahalar hududida shaharsozlik qoidalari va sanitar me'yorlari talablariga javob bermaydigan va yuridik shaxslar tomonidan tashkil etilgan ochiq turdagi  hamda temir beton garajlarni buzilishi hisobiga ularning o‘rnida zamonaviy shaharsozlik norma va qoidalariga mos ravishda 2, 3 va 6-qavatli hamda kichik ochiq turdagi avtoturargohlar qurilishi rejalashtirilgan. 

Dastlabki loyiha hujjatlariga muvofiq, rejalashtirilayotgan 2 qavatli avtoturargohda 80 ta sig‘imli, 3 qavatli avtoturargohda 144 ta sig‘imli hamda 6 qavatli avtoturargohlarda 480 va 532 ta sig‘imli yengil avtomototransport vositalari joylashtirilishi belgilangan.

Toshkent shahar hokimligining tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda yuqorida qayd etilgan zamonaviy shaharsozlik me'yor va qoidalariga mos ravishda barpo etiladigan ko‘p qavatli avtoturargoxlarning qurilishi bo‘yicha tadbirkorlarning talab va takliflarini inobatga olib, shaharsozlik qoidalari va sanitar me'yorlari talablariga javob bermaydigan va yuridik shaxslar tomonidan tashkil etilgan temir beton garajlarni buzilishi hisobiga ularning o‘rnida zamonaviy xalqaro standart va talablarga mos ravishda pastki qavatida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi bo‘lgan ko‘p qavatli avtoturargoxlar qurish yuzasidan Toshkent shahar hokimining qarori loyihasi tayyorlangan. Bu loyiha www.gov.uz saytiga aholi muhokamasi uchun joylashtirilgan.

Mavzuga oid