Jahon | 00:20 / 11.05.2021
55911
7 daqiqa o‘qiladi

Quddusdagi Masjidul Aqso atrofida uch kundan buyon tartibsizliklar tinmayapti, Erdo‘g‘an va Qodirov Isroilni zo‘ravonlikda aybladi

Foto: Reuters

Isroil va Falastin o‘rtasidagi bahsli hududda joylashgan Masjidul Aqso atrofida uch kundan buyon tartibsizliklar tinmayapti. Quddusdagi islom olami uchun muqaddas masjidga ibodat qilish uchun borayotgan falastinliklar Isroil politsiyasining qarshiligiga uchradi. Oqibatda yuzlab falastinliklar, 20 nafar isroillik politsiyachilar jarohatlangan. Quddus Isroilning siyosiy nazoratiga o‘tganining 54 yilligi munosabati bilan to‘qnashuvlar bo‘lishi kutilgandi, chunki bu har yili o‘sha urush boshlangan may-iyun oylarida to‘qnashuvlar xuruj qilib turadi.

Olti kunlik urushda nimalar bo‘lgandi?

1967 yil 5-10 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan jangda Isroil arab koalitsiyasiga (Misr, Suriya, Iordaniya, Iroqdan iborat) qarshi jang qilib, oxir-oqibat o‘z hududidan 3,5 baravar katta yerlarni egallab oladi. 1967 yil tongida Isroil qiruvchi samolyotlari arab koalitsiyasini yakson qilib, bugun rasman o‘ziniki qilib olgan hududlarni 6 kun ichida egallaydi. Bu urushda Suriya Jo‘lon tepaligini, Misr Sinay yarimoroli va G‘azo sektorini, Iordaniya esa Iordan daryosining g‘arbiy sohilini boy beradi. Aynan shu urushdan so‘ng Isroil Quddusning egasi ekanini ayta boshlab, chegaralarini shahar hududidan belgilaydi. 1980 yilda esa Isroil Quddusni o‘zining ajralmas bo‘lagi deb e'lon qiladi.

Shanba kuni falastinliklar ularga masjidga borishga ruxsat bermagan isroillik politsiyachilarga toshlar bilan hujum qilishdi. Ularga qarshi esa ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz ishlatilgan. 215 nafar jarohatlangan falastinliklardan 153 nafari kasalxonaga yotqizilgan. Ulardan 4 nafari og‘ir holatda. Isroil politsiyasi Eski shahar va Sig‘inish tog‘idagi hududda xavfsizlik kuchaytirilganini ma'lum qilgan. Dushanba kuni Quddus Isroil tasarrufiga o‘tgan kuni ekani munosabati bilan tartibsizliklar kuchayishi kutilgandi. Bu kun Isroilda Iyerusalim kuni (Quddusni shunday atashadi) sifatida nishonlanadi. Bu kunda isroilliklar musulmonlar yashaydigan hududlardan va Yig‘i devori oldidan yurib o‘tib, odatda urush boshlanib ketadi. Bu safar o‘ziga xos marsh ramazon oyiga to‘g‘ri keldi. Shu sabab Isroil politsiyasi marsh ishtirokchilariga Aqso masjidi atrofidan yurishni taqiqlagandi.

Norozilik chiqishlariga yana bir sabab shuki, ko‘plab falastinlik oilalar Quddusdan chiqarib yuborilishi mumkin. Dushanba kuni mana shu masalada 70 kishining da'vo arizasi eshitilishi kerak edi. Bu eshituv tartibsizliklar sabab bekor qilindi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu politsiyaning namoyishchilarga qarshi kuch qo‘llashini ma'lum qildi. Uning aytishicha, hukumat tinchlikni buzayotganlarga toqat qilmaydi.

Foto: AP
Foto: AP
Foto: AP
Foto: AP
Foto: AP
Foto: AP

Yevropa Ittifoqi, AQSh, Rossiya va BMT odamlarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatilishini qoralab chiqdi. BMT bu masalani xavfsizlik kengashida ko‘rib chiqishini ma'lum qildi.

Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘an holat yuzasidan keskin fikrlar bildirdi: «Quddusni va musulmonlarni himoya qilmaydigan dunyo halokatga yuz tutib bo‘lgan. Uch dinga makon bo‘lgan Quddusni oyoqosti qilganlarga qarshi kurashish har bir dunyo fuqarosining burchi. Isroil o‘z e'tiqodi va ming yillar davomida o‘zlariniki bo‘lgan muqaddas joylarini himoya qilayotgan mo‘minlarga kuch ishlatayotgan zolim davlat».

Erdo‘g‘anning aytishicha, u Falastin prezidenti Mahmud Abbos va XAMAS yetakchisi Ismoil Xeniyyye bilan telefonda gaplashgan: «Isroil Quddusda terrorga xos harakat qilayotganini aytish orqali falastinliklarga qilinayotgan bu zo‘ravonlikni qanchalik qoralashimni ko‘rsatdim. Bu nafaqat musulmonlarga, balki butun dunyo ahliga qilingan hujum. Butun dunyo, ayniqsa, islom olami Isroilning terroristik harakatlarini to‘xtatish uchun birlashishi kerak. Turkiya doim Falastindagi birodarlar va Quddus sharafini himoya qilishga tayyor», deb yozdi Erdo‘g‘an Telegram-kanalida.

Yana bir siyosatchi, Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov o‘zining Telegram-kanalida Isroil harbiylarining ishlarini zo‘ravonlik deb atadi: Yuzlab musulmonlar Ramazon vaqtida Aqso masjidi oldida to‘planishdi. Tish-tirnog‘igacha qurollangan Isroil maxsus kuchlari esa tinch aholiga nisbatan qurol ishlatishdi. Qani sizning liberallaringiz va inson huquqi himoyachilaringiz? Biz musulmonlar Aqsoni himoya qilish uchun kerak bo‘lsa, jon beramiz. Isroil aybini tan olib, o‘zini yig‘ishtirib olishi uchun hali kech emas, aks holda muammo kattalashib ketishi mumkin», deb yozdi Qodirov o‘z sahifasida.

Uch kundan buyon tinmayotgan voqealar fonida «Al Quds» brigadasi Tel-Aviv tomon raketa zarbalari berilganini ma'lum qildi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu esa ayni damda poytaxtdagi Isroil armiyasi shtab kvartirasida bo‘lib turibdi.

Musulmon olami uchun Quddusdagi Al Aqso masjidi alohida ahamiyat kasb etadi. Islom ta'limotiga ko‘ra, oxirzamon payg‘ambari Muhammad sallollohu alayhi vasallam Me'rojga (ya'ni arshi a'loga) Jabroil alayhissalom bilan birga aynan Aqso masjididan ko‘tarilganlari uchun masjid alohida qadrlanadi. Aqso Makkadagi Masjidul Harom va Madinadagi Masjidul Nabaviydan keyin islom olamida eng muqaddas dargoh sifatida e'tirof etiladi. Islom ummatining birinchi qiblasi (Islomning ilk davrida musulmonlar Quddusi sharifdagi Masjidul Aqso tarafga qarab namoz o‘qishardi) deb ataladigan Aqso masjidi uchta dinga makon bo‘lgan muqaddas Quddus shahrining ayni damda Isroil nazoratiga o‘tib qolgan hududida joylashgan.

Mavzuga oid