Jahon | 18:50 / 08.09.2024
13279
2 daqiqa o‘qiladi

Isroilda tarixdagi eng yirik norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi

Odamlar G‘azo sektorida sulh bitimini tuzish va HAMAS asirligida qolgan isroilliklarni ozod qilishga erishishni talab qilishdi.

Foto: AP

Tel-Avivda 7 sentabr oqshomida navbatdagi norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi, uning ishtirokchilari G‘azo sektorida sulh bitimini tuzish va HAMAS asirligida qolgan isroilliklarni ozod qilishga erishishni talab qilishdi. Bu haqda Times of Israel xabar berdi.

Namoyishlarni uyushtirgan «Garovga olingan oilalar forumi» hisob-kitoblariga ko‘ra, ko‘chalarga 500 mingga yaqin odam chiqqan. Ular buni Tel-Aviv tarixidagi eng yirik miting deb atadi. Yana 250 ming kishi mamlakatning boshqa shaharlarida, jumladan Quddus va Hayfada ko‘chalarga chiqdi.

Namoyishda 31 avgust kuni G‘azo sektorida jasadi topilgan isroilliklarning yaqinlari ham ishtirok etdi.

Nashrning yozishicha, garovga olinganlarning oila a’zolari har shanba kuni norozilik namoyishini o‘tkazmoqda. Bu safar, namoyish birinchi marta hukumatga qarshi namoyishlar bilan rasman birlashtirilgan.

Politsiyaning ma’lum qilishicha, namoyish paytida besh nafar ishtirokchi hibsga olingan.

Isroilda garovga olinganlarni ozod etish talabi bilan norozilik namoyishlari muntazam bo‘lib turadi, biroq ular G‘azo sektorida 7 oktyabr kuni o‘g‘irlab ketilgan va HAMAS tomonidan o‘ldirilgan olti nafar isroillikning jasadi topilganidan keyin kuchaydi. O‘g‘irlanganlarning oilalari Binyamin Netanyahu hukumatidan HAMAS asirligida qolganlarni ozod qilish uchun G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borishini talab qilmoqda.

Isroilga hujum paytida HAMAS 251 kishini garovga oldi. 2023 yil noyabr oyida terrorchi guruh va Isroil o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra 105 nafar garovga olingan kishi ozod qilindi. Sakkiz nafari Isroil armiyasining G‘azo sektoridagi amaliyotlari chog‘ida qo‘yib yuborildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, HAMAS asirligida 101 isroillik qolmoqda. Ulardan 66 nafari hali ham tirik ekani taxmin qilinmoqda.

Mavzuga oid