00:07 / 15.01.2021
14812

IIV rasmiysi: Pasportining muddati tugamagan fuqaro ID-karta olishga majbur emas

O‘zbekiston fuqarolari agar pasportining amal qilish muddati tugamagan bo‘lsa, u yo‘qotilmagan yoki yaroqsiz holga kelmagan bo‘lsa, undan foydalanishda davom etishi mumkin.

Ya'ni yuqoridagi shartlarda fuqarolar pasportini ID-kartaga almashtirishi shart emas. Bu haqda IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshqarma boshlig‘i Fazliddin Usmonov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ma'lum qildi.

2021 yildan boshlab O‘zbekistonda 2011 yilgi namunadagi fuqaroning biometrik pasportini berish to‘xtatildi. Buning o‘rniga ID-kartalarga o‘tilmoqda.

ID-kartalarga o‘tish uchun 10 yil vaqt belgilangan bo‘lib, bu muddat – fuqarolik pasportining amal qilish muddatiga teng. Shunga muvofiq, fuqarolar o‘z pasportlaridan muddati tugaguncha foydalanishda davom etishlari mumkin.

2031 yildan boshlab, O‘zbekiston fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti haqiqiy emas deb hisoblanadi.

ID-kartalar respublikaning istalgan hududida, 1 ish kunida tayyorlab beriladi. Pasportdan farqli ravishda, ID-kartani yo‘qotib qo‘yganlik uchun jarima yo‘q.

ID-karta olish uchun fuqarolar pasport yoki u yo‘qolgan yoxud zarar yetgan bo‘lsa, uning o‘rnini bosuvchi hujjatni taqdim etishi lozim.

Guvohnomani olish uchun my.gov.uz portali orqali onlayn ariza berish ham mumkin.

Ayni paytda to‘lov miqdori BHMning 89 foizi (198 470 so‘m)ni tashkil etadi. BHM miqdori 1 fevraldan o‘n foizga ko‘tariladi.

Top