O‘zbekiston | 07:23 / 27.07.2019
7687
2 daqiqa o‘qiladi

Ellikqal'ada Nukus DPIning pedagogika fakulteti tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 26 sentyabrdagi PQ-3290-son qarorida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta'minlash hamda talabalarning doimiy yashash joylariga yaqin hududda tahsil olishlariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining 2019 yil 24 iyuldagi 669-sonli buyrug‘i asosida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining Ellikqal'a pedagogika fakulteti tashkil etildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xabariga ko‘ra, Nukus DPIning Ellikqal'a pedagogika fakulteti Ellikqal'a tumani Xalqlar do‘stligi ko‘chasi 2-uyda joylashgan Qoraqalpoq davlat universitetining Bo‘ston akademik litseyida o‘z faoliyatini boshlaydi.

Buyruq asosida QQDUning Bo‘ston akademik litseyi bino va inshootlari tegishli hududi va mol-mulklari bilan birgalikda Nukus DPIning Ellikqal'a pedagogika fakultetiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, Nukus DPI yangidan tashkil etilayotgan fakultetda o‘rnatilgan tartibda ta'lim jarayonini tashkil etish, Ellikqal'a tumani va unga yaqin hududlarda yashovchi talabalardan iborat guruhlar tashkil etish va mazkur guruhlarni Ellikqal'a pedagogika fakultetiga biriktirish, fakultetni malakali professor-o‘qituvchilar bilan ta'minlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha ishlarni olib boradi.

Mavzuga oid