O‘zbekiston | 17:52 / 08.05.2021
7106
2 daqiqa o‘qiladi

Botir Qurbonov: «Yil yakuniga qadar O‘zbekiston o‘z vaksinasini e'lon qiladi»

O‘zbekiston yil yakuniga qadar o‘z vaksinasini yaratadi. Hozirda bu borada klinik sinovlar o‘tkazilmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botir Qurbonov Kun.uz'ga ma'lum qildi.

Botir Qurbonovning so‘zlariga ko‘ra, butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekiston ham vaksina ishlab chiqarish bo‘yicha ishlamoqda. Ushbu jarayon Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan. Olimlar va mutaxassislar bu masalada tadqiqot olib bormoqda.

«Yil yakuniga qadar chindan o‘zbek olimlari tomonidan yaratilgan O‘zbekiston vaksinasi namoyish etiladi. Vaksinaning nomi hozircha sir. Vaksina birinchi va ikkinchi klinik sinov bosqichlaridan o‘tib, uchinchi klinik sinov bosqichiga yetganda, ya'ni odamlarda foydalanish boshlanganda nomi ma'lum qilinadi. Chunki bu vaksina hali qanchalik samarali ekanligi to‘liq o‘rganib chiqilmadi», deydi Qurbonov.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mutaxassislari va qo‘mita huzuridagi Hayvon kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat xavfsizligi davlat ilmiy markazi olimlari ham Rossiyaning hayvonlar uchun mo‘ljallangan koronavirusga qarshi «Karnivak-Kov» vaksinasi sinov jarayonlarini O‘zbekistonda ham o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib borishmoqda.

Mavzuga oid