07:58 / 19.05.2021
6345

Toshkentda «ID karta»si mavjud bo‘lgan haydovchilarning hujjati onlayn tekshiriladi

Foto: KUN.UZ

“ID karta”lari mavjud bo‘lgan haydovchilarning transport vositasi texnik ko‘rikdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi ma'lumot, avtotransport vositalarini boshqarish uchun berilgan yoki olgan ishonchnoma va sug‘urta polislarini "ID karta" yordamida tekshirish amaliyoti Toshkent shahrida sinov tariqasida joriy etilmoqda. Bu haqda IIV YHXB xabar berdi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 maydagi “Yo‘l harakati xavfsizligi sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab haydovchilardan avtomototransport vositasini boshqarish uchun notarial tartibda tasdiqlangan ishonchnoma, texnik ko‘rikdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi ma'lumot, avtotransport vositalari oynalari tusini o‘zgartirishga, ya'ni qoraytirishga ruxsatnomani elektron shaklga o‘tkazish orqali mazkur hujjatlarni avtomototransport vositasi haydovchisidan talab etish tartibi bekor qilinishi belgilab qo‘yildi.

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan “e-Protokol” axborot tizimi takomillashtirilib, yo‘l-patrul xodimlariga xizmatda foydalanish uchun biriktirilgan planshetlar yordamida “ID karta”ni o‘qish orqali fuqaro egaligida mavjud bo‘lgan avtotransport vositalarini boshqarish uchun berilgan yoki olgan ishonchnomalari, sug‘urta polislari to‘g‘risidagi ma'lumotlardan foydalanish imkoniyati yaratildi.

“2021 yil 19 maydan boshlab “ID karta”lari mavjud bo‘lgan haydovchilarning transport vositasi texnik ko‘rikdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi ma'lumot, avtotransport vositalarini boshqarish uchun berilgan yoki olgan ishonchnoma va sug‘urta polislarini "ID karta" yordamida tekshirish amaliyoti Toshkent shahrida sinov tariqasida joriy etildi.

"ID karta" orqali tekshirilganda, ma'lumotlar aniqlanmagan yoki tizimda uzilishlar bo‘lgan holatlarda barcha haydovchilardan inspektorga ushbu hujjatlarning aslini taqdim etishini, shuningdek, vaziyatni to‘g‘ri tushunishini so‘rab qolamiz”, deyiladi ma'lumotda.

Top