14:12 / 16.01.2021
9429

Mansabdorni javobgarlikka tortish o‘rniga, tadbirkorga yetkazgan zararini o‘zidan undirish kerak – Biznes-ombudsman

Noqonuniy qaror qabul qilgan mansabdor shaxsni ma'muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortish kerak emas. Faqat tadbirkorga yetkazilgan zararni o‘sha mansabdor shaxsdan regress tartibda undirish amaliyotini joriy qilish zarur. Bu mazkur yo‘nalishdagi huquqbuzarlik ancha kamayishiga olib keladi, deb hisoblaydi Biznes-ombudsman o‘rinbosari.

Biznes-ombudsman o‘rinbosari Jamshid O‘rinov 15 yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida huquqlari buzilayotgan tadbirkorlar masalasidagi savolga javob qaytardi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, ayrim mansabdor shaxslar chiqarayotgan noqonuniy qarorlar sabab ko‘pchilik tadbirkorlar jabr ko‘rmoqda. Aksariyat hollarda ularning mulk huquqlari buzilmoqda.

«Bizga kelib tushgan murojaatlarning beshdan bir qismi mulk huquqining buzilishi, yerlar olib qo‘yilishi va ajratishdagi qonunbuzarliklar bilan bog‘liq. Bu yo‘nalishda Biznes-ombudsman tomonidan bir qator ishlar bajarildi. Tadbirkorlar manfaati uchun ko‘plab da'vo arizalari sudlarga kiritildi. Ularga aksariyat mulklari qaytarib berildi.

Sudning qabul qilgan noto‘g‘ri qarorlarini yuqori turuvchi sudlar bekor qilib, tadbirkorlar huquqlari ta'minlab kelinyapti.

Ushbu turdagi murojaatlar mavjudligini e'tirof etgan holda prezidentimiz murojaatnomada «Endi Biznes-ombudsmanga mulk huquqini buzish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlar bo‘yicha davlat organlarining mansabdor shaxslarini ma'muriy javobgarlikka tortish vakolatini ham beramiz», deb aytdilar.

Biznes-ombudsman o‘rinbosari Jamshid O‘rinov

Shunga asosan hozirda qonun loyihasi ishlab chiqilyapti. Bundan buyog‘iga Biznes-ombudsman ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirishdan tashqari tadbirkorlarning mulk huquqlarini buzish yoki umuman ularga oid masalalarda mansabdor shaxslarning qo‘li aniqlangan taqdirda, noqonuniy xatti-harakatlar qilinsa, ma'muriy javobgarlikka tortish masalasi ko‘rilyapti.

Hududlardagi o‘rganishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, noqonuniy qaror qabul qilgan mansabdor shaxsni ma'muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortish kerak emas. Faqat tadbirkorga yetkazilgan zararni o‘sha mansabdor shaxsdan regress tartibda undirish amaliyotini joriy qilish zarur. Bu mazkur yo‘nalishdagi huquqbuzarlikning ancha kamayishiga olib keladi.

Har doim qaysidir mansabdor shaxsni yomon deb aytishimiz mumkin, lekin aksariyat hollarda uning ota-onasidan «bolang yomonmi», deb so‘rasangiz, ular «yo‘q» deydi. Qo‘shnisidan so‘rasangiz, «yaxshi» deydi.

Adliya vazirligi yuridik xizmat yo‘lga qo‘yilishi borasida ancha samarali ishlarni olib boryapti. Ya'ni yer olib qo‘yish bilan bog‘liq bo‘lgan masalada tadbirkor yoki fuqaro tartibga amal qilmagan bo‘lishi mumkin, ammo unda formal tartibda yerni qaytarib olish asoslari bor.

Lekin o‘sha qaytarib olish tartibiga rioya qilinmagani, qolaversa, yuridik xizmat kuchli bo‘lmagani uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri ya'ni sudga murojaat qilmasdan olib qo‘yilishi oqibatida shikoyat va e'tirozlar ko‘paymoqda», – dedi u.

Avvalroq 2020 yilda tadbirkorlik faoliyatini noqonuniy tekshirgan 328 nafar mansabdor javobgarlikka tortilgani xabar qilingan edi. Shundan 5 nafar mansabdor bilan mehnat shartnomasi bekor qilingani, 150 nafariga intizomiy jazo choralari qo‘llanilgani va 33 nafariga ogohlantirish berilgani ma'lum qilingan.

Bugun yerni noqonuniy olib qo‘yganlik uchun javobgarlik rasman belgilandi. Bu bo‘yicha qonun prezident tomonidan imzolangan.

Top