Jahon | 21:49 / 04.12.2023
28474
7 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda yana bir urush boshlanishi mumkin - bu safar Janubiy Amerikada

Venesuela qo‘shni Gayananing bir qismiga da’vo qilmoqda. Maduro o‘tkazgan referendumda ovoz berganlarning 95 foiz qismi ushbu hududni qo‘shib olish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi.

Pedro Rances Mattey / AFP / Scanpix / LETA

Yakshanba kuni Venesuelada bo‘lib o‘tgan referendumda ovoz berganlarning 95 foizdan ortiq qismi - 10,5 million kishi rasman qo‘shni Gayanaga tegishli bo‘lgan neftga boy Gayana-Essekibo hududi ustidan suverenitet o‘rnatilishini ma’qulagan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, venesuelaliklarning aksar qismi mamlakatga yangi Essekibo shtatini qo‘shib olish tarafdori ekanini bildirgan. Prezident Maduro ovoz berishdagi bunday natijani so‘zsiz g‘alaba deb atagan.

Gayana bunday referendum o‘tkazilishini qoralab, buni Venesuela hukumatining o‘zga hududni anneksiya qilish rejasini oqlashga qaratilgan tajovuzkor urinish deb baholagan.

Gayana-Essekibo asrlar davomida hududiy nizolar sababi bo‘lib keladi. Karakas mamlakat 1800-yillar boshida Ispaniyadan mustaqillikka erishganida ushbu region Venesuelaga o‘tganini aytadi. Gayana hukumati esa bunga javoban Gayana-Essekibo hududi Britaniya Gvianasi tarkibida bo‘lganini bildiradi, mazkur mustamlaka keyinchalik mustaqil Gayanaga aylangan.

Ammo Venesuela hech qachon bunga qo‘shilmagan, ushbu mamlakat xaritalarida Gayana-Essekibo hamisha bahsli hudud sifatida shtrixlangan.

2015 yilda dunyodagi eng yirik neft kompaniyalaridan biri, Amerikaning ExxonMobil kompaniyasi Gayana-Essekiboda yirik neft konini topgach, ushbu mojaro yangidan avj oldi.

Hududiy masaladagi umumxalq referendumi Venesuela prezidenti Nikolas Maduro tashabbusi bilan o‘tkazildi.

Rasmiy Karakas ovoz berish natijalariga asoslanib nima qilishi hozircha noma’lum, ammo bahsli hududni kuch bilan egallashga qaratilgan har qanday urinish xalqaro hamjamiyatning kuchli qarshiligiga uchraydi, deyishmoqda kuzatuvchilar.

Venesuelaga ta’sir qilish usullaridan biri AQShning ushbu mamlakatning neft kompaniyalariga nisbatan sanksiyalarining tiklanishi bo‘lishi mumkin. Bunday sanksiyalar ko‘p yillar mobaynida amal qilib kelgan va faqat shu yil oktyabrida yumshatila boshlangandi.

Gayana-Essekibo tarixi

Gayana-Essekibo regioni 159,5 ming kv. km hududni egallaydi va Gayananing butun hududining uchdan ikki qismini tashkil etadi.

1899 yilda Parijdagi xalqaro arbitraj sudi ushbu hududni Britaniyaga bergan, inglizlar esa bu yerda — Britaniya Gvianasini tashkil etishgan.

1966 yilda Britaniya boshqaruvni mahalliy rasmiylarga topshiradi va sobiq mustamlakaning butun  hududini o‘z ichiga olgan mustaqil Gayana shakllanadi.

Britaniya hududdan ketayotganida Venesuela bilan bahsli hududlardagi vaziyat nazorati uchun tarkibiga Venesuela va Gayana vakillari kiruvchi maxsus komissiya tuzilishi bo‘yicha kelishib oladi.

Ammo hozirga qadar bunday komissiya tuzilmagan.

Venesuela XIX asr oxiridan buyon Parij arbitraji qarorini noxolis va noqonuniy deb e’tiroz bildiradi va faqat uning to‘liq bekor qilinishi bilan qanoatlanishini aytadi.

2018 yilda Gayana BMT Xalqaro sudiga da’vo kiritib, unda 1899 yilgi qaror haqiqiyligi va Gayana-Essekibo — mamlakatning qonuniy qismi ekanini yana bir bor va butunlayga tasdiqlashni talab etadi. Ammo haligacha sud hukmi yo‘q.

Venesuela bu masalada Xalqaro sud yurisdiksiyasini tan olmaydi, ammo so‘nggi besh yildan ortiq vaqt davomida sudning barcha yig‘ilishlariga o‘z vakillarini muntazam ravishda yuborib kelgan.

Yangi keskinlashuv va referendum

Maduro «Venesuela xalqi baland va aniq qilib o‘z fikrini bildirgani»nini ta’kidlab, bu g‘alaba o‘ziga tegishli ekanini aytgan.

Karakas va Gayana o‘rtasidagi mojaro shu yil sentabrida, Gayana yirik xalqaro neft kompaniyalariga Essekibo suvlarida geologik razvedka ishlari olib borishga litsenziyalar uchun raqobatlashish imkonini beruvchi auksion o‘tkazganidan keyin yana avj oldi.

Yakshanba kungi referendumda venesuelaliklarga bir necha masalalar bo‘yicha ovoz berish taklif qilingan:

  • Venesuelaning Gayana-Essekiboga da’volarini qonuniy deb tan olish;
  • yangi Gayana-Essekibo shtati tuzilishi va uning aholisiga fuqarolik berish;
  • ushbu bahsli hudud Venesuela xaritalariga kiritilishi;
  • venesuelaliklar o‘z hukumatining Xalqaro sud yurisdiksiyasini tan olmasligini qo‘llab-quvvatlaydimi;
  • ular mamlakat hukumatiga mamkin bo‘lgan barcha qonuniy vositalar bilan Gayananing Gayana-Essekibo hududi suvlaridan yakka foydalanishiga qarshi chiqish vakolatini beradimi.

Venesuela prezidenti huzuridagi saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu savollarning barchasida 95 foizdan ortiq tasdiq javobi belgilangan.

Gayana Karakasning harakatlarini qoraladi, BMT Xalqaro sudi o‘tgan haftaning juma kuni Maduro hukumatini Gayana-Essekibo maqomini buzadigan va hududiy nizodagi vaziyatning o‘zgarishiga olib keladigan har qanday harakatlardan tiyilishga chaqirgandi.

Maduro rejimining mamlakat ichkarisidagi va xorijdagi muxoliflari fikricha, referendum o‘tkazishdan maqsad — 2024 yilgi saylovlar arafasida mamlakatda millatchilik kayfiyatini kuchaytirishga qaratilgan.

Harbiy tahlilchi Rosio San Migelning fikricha, referendumdagi ma’qullov Maduroga istalgan vaqtda chegarada armiya ishtirokida to‘qnashuv boshlash imkoniyatini taqdim etadi. Agar Maduro o‘zining yutqazayotganini his qilsa,
u «urush tugmasi»ni bosishi va mamlakatda favqulodda holat e’lon qilib, saylovlarni to‘xtatishi mumkin, deya qo‘shimcha qilgan San Migel.

Har tomonda ehtimoliy harbiy eskalatsiyadan xavotir kuchaymoqda. Referendumdan oldingi haftada Gayana tashqi ishlar vaziri Rober Perso ikki mamlakatlar o‘rtasidagi keskinlik darajasini «misli ko‘rilmagan» deb ta’riflagandi. O‘shanda Gayana prezidenti Irfon Ali Essekibodagi qo‘shinlar oldiga kelib, Venesuela bilan chegaradagi tog‘da bayroq ko‘targandi. U xalqiga murojaat qilib, juda kuchli xalqaro qo‘llovga ega ekanliklarini ta’kidlab, mamlakat armiyasi qat’iyatli ekanidan ogohlantirgan. O‘z navbatida, venesuelalik harbiylar esa «Essekibodagi voqealar rivojida logistik ta’minot nuqtasi» bo‘ladigan havo yo‘lagi qurilishini e’lon qildi, Braziliya esa bu gaplar fonida shimoliy chegaralaridagi qo‘shinlari sonini oshirdi.

Mavzuga oid