Jahon | 21:35 / 15.10.2024
5521
2 daqiqa o‘qiladi

Maduro Ilon Maskni Venesuelada davlat to‘ntarishiga urinishda aybladi

Venesuela prezidentining so‘zlariga ko‘ra, iyul oyida o‘tkazilgan prezidentlik saylovlaridan keyin Ilon Mask davlat to‘ntarishiga urinish uchun kamida 1 milliard dollar sarflagan.

Foto: Getty Images

Amerikalik biznesmen Ilon Mask joriy yilning iyulida Venesuelada o‘tkazilgan prezidentlik saylovlaridan keyin davlat to‘ntarishiga urinish uchun kamida 1 milliard dollar sarflagan. Bu haqda respublika prezidenti Nikolas Maduro Venezolana de Television telekanali efirida ma’lum qildi.

Venesuela yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, ajratilgan mablag‘lar muxolif yetakchi Mariya Korina Machado tomonidan taqsimlangan. U o‘z navbatida, terrorchilik guruhlarini moliyalashtirish bilan shug‘ullangan.

«Mask mag‘lubiyatga uchradi», — deydi Maduro. Venesuela prezidentining aytishicha, davlat to‘ntarishi rejasi amalga oshmagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, davlat to‘ntarishiga urinish ortida «AQSh hukumati turibdi».

Avgust oyida Nikolas Maduro X ijtimoiy tarmog‘i ko‘p marotaba mamlakat qonunchiligini buzganini, shu boisdan Venesuelada uning faoliyati to‘xtatilganini ma’lum qilgandi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoq nafrat, fashizm, fuqarolar urushi, venesuelaliklar o‘rtasidagi qarama-qarshilikni qo‘zg‘atib, Venesuelaning barcha qonunlarini buzgan.

Avvalroq Venesuela hukumati Nikolas Maduro saylovlarda g‘alabaga erishganini e’lon qilganidan keyin o‘nlab jurnalist va faollarning xorijga chiqish pasportlarini bekor qilgandi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid