Samarqanddagi to‘yxonada ommaviy zaharlanish yuz berdi: shifokorlarga ko‘ra bemorlarning ahvoli og‘ir emas
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqanddagi to‘yxona restoranlardan birida ko‘plab odamlarning zaharlangani haqida xabar paydo bo‘ldi. Xabarni uylangan bolaning o‘zi joylashtirgan. Bu mish-mishlarni tekshirish maqsadida Samarqand viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga bordik.
U yerda bemorlarga qarayotgan shifokorlardan biri bizga ma'lumot berishga rozi bo‘ldi. Shifokorning aytishicha, shanba kuni bo‘lgani taxmin qilinayotgan to‘yda ovqatdan zaharlangan 10 dan ortiq odam murojaat qilgan va ular kelishda davom etishmoqda: «O‘sha to‘yda zaharlangan odamlar hamon kelmoqda. Ularning ahvoli og‘ir emas», — deydi shifokor Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.
Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi mashhur samarqandliklar guruhida foydalanuvchilardan biri shunday post qoldirgan: «14 sentabr kuni havas qilib to‘y qildim. Kishi boshiga 180 ming so‘mdan to‘ladim. Keyin nima bo‘ldi? 200 kishi ovqatdan zaharlandi. Ular orasida mehmonlar, do‘stlar, qo‘shnilar bor edi. Qanchalik alam qilayotganini so‘z bilan izohlay olmayman».
Bu katta ehtimol bilan o‘sha ko‘pchilik zaharlangan to‘y haqidagi post. Bu borada viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasidan ma'lumot olishga urindik, ammo kech bo‘lib qolgani sabab boshqarma vakillari ertalab voqea yuzasidan to‘liq ma'lumot berishlarini bildirishdi.
Kun.uz mazkur voqea yuzasidan ertaga Samarqand viloyat DSNEM ma'lumotini ham olishga urinib ko‘radi.
Mavzuga oid
09:28
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024
Samarqandda avtobus salonini ayollar va erkaklar uchun ajratgan haydovchiga chora ko‘rildi
11:44 / 31.10.2024