13:05 / 05.04.2023
12522

Suriyalik qochqin Germaniyadagi shaharga mer bo‘ldi

U ikki mahalliy nomzodni ortda qoldirdi.

Foto: SWR

Germaniyaning Baden-Vyurtemberg yeridagi Ostelshaym shahrida suriyalik qochqin Rayan Alshebl mer etib saylandi. DPA agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Alshebl katta ehtimol bilan Germaniya janubi-g‘arbidagi kelib chiqishiga ko‘ra suriyalik bo‘lgan ilk merga aylandi.

DPA nashri yozishicha, 29 yoshli Alshebl o‘zi tug‘ilgan As-Suvayda shahrini 2015 yilda tark etgandi, o‘sha vaqtda u armiyaga chaqiruv yoshiga yetgandi. Avvaliga u Livan orqali Turkiyaga qochib o‘tadi. Keyin boshqa migrantlar bilan birgalikda Gretsiyaning Lesbos oroliga yetib oladi.

Germaniyaga kelgach Alshebl Kalv shahridan qo‘nim topadi, bu yerda bir yarim yil davomida turli kvartiralarda yashaydi va nemis tilini o‘rganadi. Keyin esa Altengshtett shahriga yo‘l oladi. Bu yerda Alshebl mahalliy ma’muriyatda stajirovka o‘taydi va meriyaga ishga kirib, bu yerda keyingi yetti yil davomida ishlaydi.

2023 yilga kelib Alshebl qo‘shni Ostelshaym shahri merligi uchun nomzodini qo‘yadi, ovoz berish yakunlariga ko‘ra u ikki nafar mahalliy nomzod Marko Shtraus va Matias Feyni ortda qoldiradi. DPA ma’lumotiga ko‘ra, Alshebl saylovda 55,41 foiz ovoz jamg‘argan holda g‘olib chiqqan.

Yangi mer o‘z saylovoldi kampaniyasida shahar infratuzilmasi, shahar markazi, bolalar bog‘chasi va keksa yoshlilarni parvarishlash dasturini rivojlantirishga e’tibor qaratishni va’da qilgan. Bundan tashqari, Alshebl atrof-muhit muhofazasiga urg‘u beradi va xususiy uylarda quyosh panellari o‘rnatish dasturini kengaytirmoqchi.

Alsheblni Ostelshaym aholisining ko‘pchilik qismi, shu jumladan avvalgi mer Yurgen Fuks ham qo‘llab-quvvatlaganiga qaramay, baribir unga keskin qarshi chiquvchilar ham topildi. DPA nashriga ko‘ra, Alsheblning muxoliflari birinchi navbatda uning kelib chiqishiga e’tiroz qilishadi. Alshebl esa bunday munosabatni tushunmaydi va asli suriyalik ekani saylovchilar uchun qandaydir ahamiyatga ega bo‘lishi kerak emas deb hisoblaydi. U Germaniyaga kelganiga ancha vaqt bo‘lgani va mahalliy jamiyatga moslashib, fuqarolik olganini eslatadi.

DPA nashri yozishicha, Alshebl iyun oyida merlik lavozimiga rasman kirishadi. Bu vaqtgacha Altengshtett ratushasidagi ishlarini yakunlab, Ostelshaymda kvartira qidirmoqchi. «Bu saylovlar, katta ehtimol bilan mening hayotimda muhim palla bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qiladi Alshebl.

  • 2011 yilda Suriyada fuqarolik urushi boshlangan, uning natijasida yuz minglab suriyaliklar yaxshi hayot izlab Yevropaga yo‘l olgan. Bu esa o‘z navbatida 2015–2017 yillarda migratsiya inqirozini yuzaga keltirgan. Misol uchun, 2015 yilda Yevroittifoq hududida boshpana uchun murojaat qiluvchilar soni ikki barobar ko‘payib — 1,3 million kishiga yetgan. Shuningdek, Yevropa davlatlari chegaralarini noqonuniy kesib o‘tuvchilar soni ko‘p marta oshgan. Germaniya hukumati 2015 yildan 2016 yilga qadar boshpana taqdim etish bo‘yicha 1,2 million so‘rovni ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Top