23 mayning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar
Haj mavsumi uchun boshlangan aviaqatnovlar, Qashqadaryoda haydovchi qurboni bo‘lgan o‘quvchi, ikki yangi sport oliygohi va talabalar o‘rtasida tiklanayotgan Universiada musobaqalari - O‘zbekistonda 23 may kuni yuz bergan muhim va shov-shuvli voqea-hodisalar hamda yangiliklar sharhi bilan tanishtiramiz.
Haj mavsumiga parvozlar boshlandi
«Haj-2024» dasturi doirasida dastlabki hojilar Toshkent–Madina yo‘nalishidagi birinchi qatnov bilan jo‘nab ketdi. Joriy haj mavsumida O‘zbekistonning 10 ta shahridan Madinaga jami 124 ta charter aviaqatnovi va 15 130 nafar yo‘lovchi tashuvi amalga oshiriladi.
Respublikamizdan Saudiya Arabistoniga shu yil 7 iyunga qadar har kuni charter aviaqatnovlari uyushtiriladi. Barcha parvozlar Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Mavzuga oid yana bir xabar: O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni shaharlari o‘rtasida muntazam parvozlar soni har bir tomondan 50 tagacha ko‘paytirishga kelishib olindi.
Bu borada “O‘zaviatsiya” agentligi direktori Tohir Nazarov boshchiligidagi delegatsiya Saudiya Arabistoni podshohligi aviatsiya ma’muriyati bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Muzokaralar natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston shaharlaridan Saudiya Arabistoni shaharlari o‘rtasida muntazam parvozlar soni har bir tomondan 50 tagacha ko‘paytirishga kelishib olindi va erishilgan kelishuvlarni tasdiqlash maqsadida memorandum imzolandi.
Memorandum O‘zbekistondan Haj va Umra tadbirlariga boradigan ziyoratchilar hamda “Umra plyus” dasturi orqali O‘zbekistonga ziyorat turizmi uchun tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlarga keng imkoniyatlar yaratadi.
Qashqadaryoda yana o‘quvchi avariya qurboni bo‘ldi
Qashqadaryoda yuk mashinasi piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan o‘quvchini urib ketib o‘ldirdi. Ma’lum qilinishicha, o‘quvchilar soni bir necha nafar bo‘lgan va ular baxtli tasodif tufayli omon qolgan.
Hodisa 2024 yil 15 may kuni sodir bo‘lgan va odatga ko‘ra, tarmoqlarda videosi tarqalganidan keyingina unga munosabat bildirilmoqda. Agar video tarqalmaganida munosabat bildirilmasdi.
“KamAZ” yuk mashinasi Samarqand-G‘uzor avtomobil yo‘lidan harakatlanayotib, Ko‘kdala tumanida joylashgan 37-maktab oldidagi piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan 2-sinf o‘quvchisini urib yuborgan. Oqibatda o‘quvchi og‘ir tan jarohatlari olib, hodisa joyida halok bo‘lgan.
Tasvirlarga ko‘ra, bir guruh o‘quvchilar piyodalar yo‘lakchasi orqali yo‘lni kesib o‘tmoqchi bo‘lishganda, “Nexia” avtomashinasi to‘xtab ularga yo‘l beradi. Bolalar yo‘lakchadan o‘ta boshlaganda ikkinchi qatordan katta tezlikda kelgan yuk mashinasi ulardan birini urib ketadi.
Hodisa yuzasidan Ko‘kdala tuman IIB tergov guruhi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Haydovchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Tabiiy gaz ta’minoti xususiy qo‘llarga o‘tadi
Prezidentning “Gaz ta’minoti tizimida bozor mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Loyiha bilan tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti tizimini xususiy operatorlarga o‘tkazish to‘g‘risida nizom tasdiqlanadi, tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti tizimi xususiy operatorlarga topshiriladigan tumanlar ro‘yxati belgilanadi.
Unga ko‘ra, tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti tizimi xususiy operatorlarga topshiriladigan tumanlar ro‘yxati belgilanyapti. Har bir hududdagi bittadan tuman — jami 14 ta tumanda tabiiy gaz yetkazish xususiy operatorlarga topshiriladi. Suyultirilgan gaz yetkazish funksiyasi xususiy operatorga o‘tkaziladigan tumanlar esa hozircha 5 ta: Bular To‘rtko‘l, Beshariq, Urgut, Chiroqchi va Andijon tumanlari.
Ikkita yangi sport instituti va Universiada
Prezident qarori loyihasida belgilanishicha, O‘zbekistonning ikki hududida Jismoniy tarbiya va sport instituti tashkil etiladi, O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi O‘zbekiston talabalar sporti federatsiyasi etib qayta tashkil etiladi, O‘zbekiston sog‘lom turmush va fitnes milliy assotsiatsiyasi bilan birlashtiriladi.
Andijon va Buxoro shahridagi universal sport majmualarini Andijon va Buxoro davlat universiteti balansiga operativ boshqaruv huquqi asosida o‘tkazib beriladi. Andijon va Buxoro davlat universitetlari huzurida Jismoniy tarbiya va sport institutlari tashkil etiladi. Institutlarda “Sport faoliyati” hamda “Jismoniy madaniyat” bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
2024-2025 o‘quv yilidan boshlab ikki bosqichli “Talabalar ligasi” sport musobaqalari va “Universiada” kompleks sport musobaqalari o‘tkazish tizimi joriy qilinadi.
O‘zbekiston eksportida Rossiya birinchi
O‘zbekiston eksport va importidagi top-10 davlatlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
2024 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston eksportida yuqori ulushga ega bo‘lgan davlatlar orasida Rossiya birinchi o‘rinni egalladi. Eksport hajmi – 1 mlrd dollardan oshiq.
Keyingi o‘rinlardan mos ravishda 644,4 mln hamda 383,9 mln dollar mahsulotlar eksport qilingan Xitoy va Qozog‘iston joy olgan.
Kuchli o‘nlikdan Turkiya, Afg‘oniston, Fransiya, Qirg‘iziston, Tojikiston, Pokiston va AQSh kabi davlatlar o‘rin olgan.
Import borasida esa Xitoy va Rossiya yetakchi. O‘zbekiston bu ikki davlatdan 6 mlrd dollarlik mahsulotlar sotib olgan. Uchinchi o‘rinda 841 mln dollar bilan Qozog‘iston.
Kuchli o‘nlikda Janubiy Koreya, Turkiya, Germaniya, Turkmaniston, Hindiston, Litva va AQSh kabi davlatlar bor.
Mavzuga oid
19:45 / 15.11.2024
15 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar
21:12 / 14.11.2024
14 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar
20:58 / 13.11.2024
13 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
20:01 / 12.11.2024